Islom Karimov tavalludiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazildi

11:54 30 Yanvar 2019 Siyosat
1121 0

Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan xotira tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Islom Karimov mustaqil Oʻzbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, oʻzbek xalqining ulugʻ va ardoqli farzandi edi. U mamlakatimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tiklagan. Ogʻir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda yurtimizni jadal rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirgan.

Birinchi Prezidentimiz oʻzining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Islom Karimov xotirasiga munosib hurmat-ehtirom koʻrsatilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bu borada keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Fargʻona shahridagi Sanʼat saroyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi koʻchalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida buyuk Yoʻlboshchimizning haykali oʻrnatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 noyabrdagi qaroriga asosan buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi.

Birinchi Prezidentimiz dafn qilingan Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida ulugʻvor maqbara bunyod etildi. Bu yodgorlik yurtdoshlarimiz qadami uzilmaydigan muqaddas ziyoratgohga, yoshlar uchun katta tarbiya maskaniga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qurʼon tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari yodgorlik majmuasini saqlash, atrofini obodonlashtirish, ziyoratchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish zarurligini taʼkidladi. 

Shundan soʻng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ehson oshi berildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

Samarqand Islom Karimov hayoti va faoliyatida alohida oʻrin tutadi. Maʼlumki, Birinchi Prezidentimiz ushbu qadimiy shaharda tugʻilgan, uning har tomonlama rivojlanishiga katta eʼtibor qaratgan. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Mirzo Ulugʻbek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan bu yerda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. 2007 yilda YUNЕSKO shafeligida Samarqand shahrining 2750 yilligi keng nishonlangan. Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Mansur Moturidiy maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Ulugʻbek rasadxonasi va boshqa tarixiy qadamjolar obod qilingan. Oʻnlab zamonaviy inshootlar, xiyobonlar, favvoralar barpo etilgan.

Keyingi yillarda qad rostlagan Islom Karimov maqbarasi va haykali Samarqanddagi ana shu obod maskanlar qatoriga qutlugʻ qadamjo boʻlib qoʻshildi.

Shu kuni Samarqand viloyati jamoatchiligi Registon maydoni yaqinida oʻrnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gullar qoʻydi.

Qarshi shahrida ham buyuk Yoʻlboshchimiz haykali poyiga gullar qoʻyildi. Poytaxtimiz va viloyatlarda Birinchi Prezidentimiz tavallud kuniga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar, xotira kechalari oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?