Islom Karimov haqida “Olov tutgan odam” nomli roman yozildi

15:09 23 Avgust 2019 Madaniyat
462 0

Karimov Fondi noshirlik yoʻnalishida yana bir ijodiy loyihani roʻyobga chiqardi – yozuvchi Luqmon Boʻrixonning “Olov tutgan odam” nomli romanini chop etdi.

Mazkur badiiy asarda Islom Karimov Qashqadaryo viloyat kompartiyasi birinchi kotibi vazifasida ishlagan kezlardan boshlab OʻzSSR kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimiga tayinlangunga qadar boʻlgan davr qalamga olingan. Romanda oʻsha murakkab yillarda Qashqadaryoda kechgan – ham Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti uchun, ham butun mamlakat uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan voqealar badiiy talqin etilgan.

Islom Karimov 1986-yili iqtisodiy va ijtimoiy jabhada eng qoloq hududlardan biriga aylanib qolgan Qashqadaryoga yuboriladi. Oʻsha kezlar mahalliy aholining viloyat rahbariyatiga ishonchi butkul soʻngan edi. “Paxta ishi” deb atalgan tergov tufayli butun boshli mehnatkash xalqqa “oʻgʻri”, “poraxoʻr” kabi tuhmatlar yogʻdirilishi vaziyatni yanada murakkablashtirgan edi. Qayd etilganidek, oʻsha kezlar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha ham respublikada eng quyi oʻrinlarga tushib qolgandi.

Islom Karimov oldida mushkul vazifa turar edi: u odamlardagi tushkun kayfiyatga barham berishi, xalqning ishonchini qozonib, ularda yorugʻ kunlarga umid uygʻotishi lozim edi. Viloyatning avvalgi rahbarlari davrida “paxta ishi” boʻyicha jazoga tortilgan xonadonlarga boshqalarning hatto yaqinlashishi ham taqiqlangan edi. Ulardan farqli ravishda, Islom Karimov adolatsizlik qurboni boʻlgan oilalarga yaqindan doimiy yordam koʻrsatdi.

Oʻsha kezlar Markazda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarini birlashtirish taklifi qizgʻin muhokama etilayotgandi. Aynan Islom Karimovning qatʼiy saʼy-harakatlari bilan Qashqadaryo alohida viloyat sifatida saqlab qolindi.

Xalqning viloyat rahbariyatiga ishonchi asta-sekin oʻsib bordi. Qolaversa, Qashqadaryoning xoʻjalik-iqtisodiy koʻrsatkichlari yaxshilana boshladi. Shu tariqa Islom Karimovning yetakchi va xoʻjalik boshqaruvchisi sifatidagi nufuzi ham mustahkamlandi. Bu esa, pirovardida, uning respublika rahbari etib tayinlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

“Olov tutgan odam” romanida shu kabi voqealar batafsil tasvirlangan. Muallif Luqmon Boʻrixon asar ustida ishlash jarayonida turli hujjatlarni, tarixiy manbalarni oʻrgangan, shuningdek, qalamga olingan hodisalarning shohidi boʻlgan qashqadaryoliklar bilan koʻp bora uchrashib suhbatlashgan.

Eʼtiborli jihati, muallif bosh qahramon portretiga talabchan va masʼuliyatli rahbar sifatida chizgi berib qolmay, shaxs va inson sifatida ham koʻrsatib bera olgan, uning iztiroblari, dardlari, orzu-istaklari, umidlarini taʼsirli, ishonarli tasvirlagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?