Islom dunyosidagi nufuzli din ulamolari Buxoroda jam boʻldi

12:07 21 Fevral 2019 Jamiyat
563 0

Arxiv foto

Said Rahmonov, “Xalq soʻzi online” xabar qiladi. Turli savdo yoʻllari, madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan koʻhna Buxoroda I Xalqaro ziyorat turizmi forumi boshlandi.

Mamlakatimizda ilk bora oʻtkazilayotgan mazkur forum Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Tashqi ishlar vazirligi, Buxoro viloyati hokimiyati

hamda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti

(ISESCO) va Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) koʻmagida tashkil etilmoqda.

Forumda ishtirok etish uchun 120 dan ortiq islom dunyosidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, nufuzli din ulamolari, oliy oʻquv yurtlari, sayyohlik maʼmuriyatlari, ilmiy-akademik doiralar, ziyorat turizmi boʻyicha turistik kompaniyalar vakillaridan iborat xorijiy mehmonlar tashrif buyurdi. Shuning oʻziyoq xalqaro doirada unga qiziqish nechogʻlik katta ekanligini koʻrsatib turibdi.

Binobarin, zaminimizda islom dini rivojiga munosib hissa qoʻshgan koʻplab yetuk allomalar yetishib chiqqan. Paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamdan boshlangan “oltin silsila”ning davomchilari sifatida eʼtirof etilgan yetti pir — Abduxoliq Gʻijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband islom quvvati sanalgan Buxoro zaminida kamol topgan.

Shu bois bugungi kunda Hindiston, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Eron hamda boshqa davlatlarning islom dinыga eʼtiqod qiluvchi fuqarolari aziz-avliyolar qadami tekkan shu zaminga kelib, tabarruk maskanlarni ziyorat qilishga oshiqadilar.

Tadbir ishtirokchilari Buxoro temir yoʻl vokzalida tantanali kutib olindi.

Koʻpdan buyon Oʻzbekistonga kelishni orzu qilib yurgandim, - deydi Pokistonning

“Diplomatic News Agency” nashri bosh muharriri Ansar Mahmud Bxatti. - I Xalqaro ziyorat turizmi forumi tufayli yurtingizga kelib, islom olamidagi eng muqaddas manzillardan biri boʻlgan Buxorodagi tabarruk makonlarni ziyorat qilish, shu asnoda bu yerda turistik infratuzilma obyektlari, sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida onlayn axborot uzatish niyatidaman.

Shundan soʻng mehmonlar hududdagi ziyorat turizmining muhim obyektlari bilan tanishish, Buxoroning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolarini ziyorat qilishni boshladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?