Islohotlarimiz natijalarining xalqaro eʼtirofi

10:26 09 Iyul 2020 Siyosat
622 0

Pandemiya natijasida Oʻzbekiston ham iqtisodiy qiyinchiliklarga duch keldi. Joriy yilning mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab mamlakatda iqtisodiy faollik, ichki va tashqi talabning pasayishi kuzatilmoqda. Iqtisodiy oʻsish surʼatlarining pasayishida asosiy omil investitsiyalar va isteʼmol faolligi tushishi boʻldi. Shunday qilib, 2020-yilning birinchi choragida investitsiyalar hajmi 10,2 foizga, chakana tovar aylanmasi oʻsish surʼati esa 3,8 ga kamaydi. Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, YAIM oʻsish surʼati 1,5-2,5 foizgacha pasayadi. Turizm, mehmonxona biznesi, xalqaro transport, koʻngil ochish, sport va eksklyuziv xizmatlar sohalarida oʻsish surʼatlari sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Shu bilan birga, oltin narxining koʻtarilishi va meva-sabzavot eksportining oshishi Davlat byudjeti va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.

Jahon banki bashorati koʻra, pandemiya taʼsirida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari iqtisodiyoti 4,7 foizga tushishi mumkin. Jahon bankining ushbu bashorati yilning ikkinchi yarmi boshida Yevropa va Markaziy Osiyo hukumatlari tomonidan joriy etilgan cheklov choralarini bosqichma-bosqich bekor qilish chora-tadbirlaridan kutilayotgan natijalarga asoslangan. Pandemiya taʼsirini bosqichma-bosqich yumshatish hamda savdo va investitsiyalarni tiklashni oʻz ichiga olgan ssenariyda 2021-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari jonlanib, 3,6 foiz oʻsishi kutilmoqda.

Oʻzbekistondagi islohotlar natijasi Jahon banki eʼtiboridan chetda qolmadi. Uning hisobotida keltirilgan 24 ta Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Oʻzbekistonda 2020-yil natijalari boʻyicha YAIMning oʻsishi prognoz qilinib, qolgan davlatlarda – yoki “nol” holat, yoki pasayish, ayrim davlatlarda esa YAIMning keskin pasayishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, mazkur hisobotda keltirilgan davlatlardan faqat ikkitasida 2021-yilda keskin iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichi taʼkidlanib (Oʻzbekiston va Albaniya), mamlakatimizda YAIMni kelgusi yilda 6,6 foizga oʻsishi bashorat qilinmoqda.

2021-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi bu kabi ijobiy oʻzgarishning asosiy omili sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:

turizmni qoʻllab-quvvatlash uchun olib borilayotgan chora-tadbirlar. Hattoki, yurtimiz hududida virus yuqtirib olgan turistlarga moliyaviy kompensatsiya tarzida 3 ming AQSH dollari miqdorida yordam koʻrsatilishi belgilanadi. Zotan, Jahon banki ushbu yoʻnalishning koʻplab mamlakatlarda tiklanishi qiyin kechishini taʼkidlagan;

aholini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini tadbirkorlik subyektlari amalga oshirgan taqdirda, ularga soliq yengilliklarini berishni joriy etiladi. Bu holat aholining daromadlari saqlab qolinishiga xizmat qilishi mumkin.

makroiqtisodiy shakllantirishda tuman (shahar), viloyat kesimida yondashuv ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi. Bunda har bir hududning iqtisodiy ixtisoslashuviga eʼtibor berish shakllanayotgani va istiqbolda unga jiddiy yondashuv mavjudligi bilan izohlanadi.

Pandemiyaga qarshi joriy etilgan karantin cheklovlari doirasida hududlar qizil-sariq-yashil tarzida baholab chiqilishining joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etdi. Bunday tabaqalashtirish virus aniqlanmagan hududlarda iqtisodiy harakatsizlikning mavjud emasligi bilan asoslanadi. Boshqacha aytganda, yashil hududda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga nisbatan ruxsat berilishidir.

Mamlakatimiz rahbariyati va hukumati tomonidan pandemiyaning aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish masalalariga dastlabki bosqichlardayoq katta eʼtibor qaratildi, sanoat korxonalari, tadbirkorlar va eksportyorlarga aniq va samarali choralar belgilab berildi, iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yoʻqotishlar oʻrnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash – hukumatning asosiy vazifalari sifatida belgilandi.

Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishiga qoʻshimcha 3,6 trillion soʻm ajratildi. Bu mablagʻlar, eng avvalo, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga yoʻnaltirildi. Xususan, 152 ta loyihaning muammolari hal qilinib, 10 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi. Qolaversa, aholi ixtiyorida mavjud 4,5 millionta tomorqa xoʻjaligidan – odamlarga qoʻshimcha daromad, xalqimizga rizq-roʻz manbai sifatida foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.

Jahon bankining eʼtirofiga sababchi boʻlgan omillardan yana biri sifatida – mamlakatimizda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyilishini koʻrsatish joiz, deb hisoblaymiz. Yaʼni ushbu harakat doirasida pandemiya sharoitida yangi ish oʻrinlari tashkil etib, kam taʼminlangan aholi qatlamlarini ish bilan taʼminlagan va ularga moddiy koʻmak bergan tadbirkorlarga – ularning xarajatlari soliq va kredit imtiyozlari taqdim etish, investitsiyalar yoʻnaltirish yoki boshqa imtiyozlar berish orqali toʻlab berish amaliyoti joriy etildi.

Albatta, Jahon banki tomonidan bugungi pandemiya natijasida kelib chiqqan inqiroz sharoitida, dunyoning yetakchi davlatlari iqtisodiy jihatdan borgan sari “oqsab” borayotgan bir paytda, yurtimiz iqtisodiy istiqboli bunday ijobiy baholanishi – barchamiz uchun quvonarli.

Barchamiz bevosita ishtirokchisi boʻlib turgan islohotlarni kuzatar ekansiz iqtisodiyot tarmoqlarini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish orqali hududlar oʻz imkoniyatlarini toʻla yuzaga chiqarishga imkon yaratildi. Bunday keng koʻlamli ishlar natijasi har bir jabhada sezilyapti. Ilgari ilojsizdek tuyulgan masalalar bugungi kunda oʻz yechimini topmoqda.

Mamlakatimizda valyuta siyosatini erkinlashtirish, toʻlov balansining joriy operatsiyalari boʻyicha erkin konvertatsiyaga erishilgani biznes ahli, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratgani hech kimga sir emas. Bu sohadagi amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida birinchidan, zamonaviy texnologiyalar asosida iqtisodiyot tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, ikkinchidan, mamlakatimiz investitsion muhitini yaxshilashga erishildi. Yoki Hukumat tomonidan bank-moliya sohasini yana-da liberallashtirishga erishilishi natijasida naqd pul muammosi hal etilgani mahalliy hokimiyatlarga oʻz faoliyatlarini hududlarni rivojlantirishga qaratishga keng imkoniyat yaratib bermoqda. Shuningdek, iqtisodiyotning davlat sektorida shaffoflikni taʼminlash tartibi joriy etilayotir. Bu borada davlat ishtirokidagi korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayensni joriy etish, raqobatni rivojlantirish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Aytish oʻrinliki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va koʻrilayotgan chora-tadbirlar faqatgina pandemiya sharoitida iqtisodiyotni saqlab qolishga qaratilib qolmasdan, eng katta boyligimiz — aholini xavf-xatarlardan himoya qilish, ularning munosib turmushini taʼminlash va uzoq istiqbolda rivojlanishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Yurtimizdagi bu kabi ijobiy oʻzgarishlarni jahon hamjamiyati ham tan olmoqda. Xususan, dunyodagi eng nufuzli nashrlardan biri boʻlgan Buyuk Britaniyaning “Ekonomist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda eng jadal islohotlarni amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi.

Shuningdek, Jahon bankining 2019-yildagi “Doing Bussiness”, yaʼni “Biznesni yuritish” reytingida ham Oʻzbekiston eng ilgʻor islohotchi mamlakatlar qatoridan oʻrin oldi.

Albatta, koronavirus pandemiyasi butun dunyo uchun sinov boʻlmoqda. Vujudga kelgan global inqiroz barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy taʼsir koʻrsatyapti. Jahon bankining prognozi boʻyicha 2020-yilda yalpi global mahsulot 5,2 foiz, AQSHda yalpi ichki mahsulot 6,1 foiz, Rossiyada 6 foiz, Yevropa Ittifoqida 9,1 foiz tushishi kutilmoqda. Ushbu tushishlar fonida Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonda 1,5 foiz iqtisodiy oʻsishning bashorat qilinishi, fikrimizcha, ulkan eʼtirofdir! Lekin bu bashoratni roʻyobga chiqish, avvalo, yurtimizda pandemiyaning keyingi “toʻlqinlari” roʻy berishiga yoʻl qoʻyilmaslikni, ishchanlik muhitining pasayib ketmasligi uchun kurashni hamda geosiyosiy turbulentlikning vujudga kelmasligi va hamkor davlatlar iqtisodining keskin tushib ketmasligini talab etadi. Shuning uchun bugun biz sergaklikni va oʻta masʼuliyatni yoʻqotmasligimiz kerak.

Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?