Islohotlarga qonuniy asosni parlament yaratadi

08:51 12 Iyul 2018 Jamiyat
316 0
Foto: ombudsman.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy partiyalar, O‘zbekiston ekologik harakati vakillari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari bilan 2017 yil 12 iyulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hamda unda parlament palatalari va barcha deputatlar korpusi faoliyatining tahliliga, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzasiga bir yil to‘ldi.

Mamlakatimizning barcha hududida namoyish etilgan ushbu tadbir hamda unda yangragan ma’ruzani siyosiy partiyalarning o‘n minglab faollari, shuningdek, barcha darajadagi mahalliy Kengashlar deputatlari eshitish imkoniga ega bo‘ldi. Unda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish O‘zbekiston siyosat maydonidagi barcha siyosiy kuchlar faoliyatining muhim tarkibiy qismiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon ISMOILOV bilan suhbatimiz ushbu sohada erishilayotgan natijalar xususida bo‘ldi.

— Siz tilga olib o‘tgan ushbu voqea muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, aslida mamlakatimiz Konstitutsiyasining asosiy qoidalarini amalda ro‘yobga chiqarilishi bilan uzviy bog‘liqdir.

Davlat hokimiyati organlari kelishilgan holda faoliyat ko‘rsatishini va hamkorligini ta’minlashga doir o‘z konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hokimiyat barcha tarmoqlarini yanada takomillashtirishning istiqbolli rejalarini ishlab chiqishi talab etiladi. Ana shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining o‘tgan yil 12 iyuldagi ma’ruzasida hokimiyat vakillik organlarini yaqin istiqbolda siyosiy jihatdan modernizatsiya qilishning asosiy qoidalarini, shuningdek, ushbu organlar faoliyatining zamon talablariga monand bo‘lishini ta’minlovchi vazifalarni belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining ma’ruzasi mamlakatimiz hayotidagi o‘ta dolzarb tashabbuslar zamirida tarkib topgan bo‘lib, bu tashabbuslarning amalga oshirilishi milliy siyosiy tizimimiz mutlaqo yangi, yuksakroq rivojlanish bosqichiga o‘tishini anglatadi.

Shuni ta’kidlash kerakki, 2017 yil 22 dekabrda Prezidentimizning mamlakat Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasi 2017 yil 12 iyuldagi ma’ruzada bayon etilgan islohotlarga yuz tutgan qoidalarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Keng jamoatchilikning e’tiboriga havola etilgan ushbu tarixiy Murojaatnoma Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev milliy parlamentarizm tizimining holati va istiqbollarini, siyosiy institutlar faoliyatini demokratlashtirish jarayonlarini hamda siyosiy voqelikni strategik jihatdan keng ko‘lamda qay tarzda tasavvur etishini oydinlashtirib berdi.

Prezidentimizning 2017 yil davomida deputatlar korpusiga yo‘llagan ushbu ikki murojaati O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat barpo etish jarayonida muhim o‘rin egalladi hamda Prezidentimizning parlament faoliyatiga bo‘lgan jiddiy e’tibori va munosabatini belgilab berdi.

Mamlakatimiz rahbarining davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, o‘zaro manfaatli tashqi siyosat sohasidagi g‘oyalari va bu jabhada belgilab bergan vazifalari parlamentimiz oldiga muhim talablar qo‘ydi, uning faoliyatiga yangicha mazmun-mohiyat olib kirilishiga sabab bo‘ldi.

— Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatini tashkil etish usullari va prinsiplaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida so‘z borar ekan, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan bildirilgan takliflar parlament ishiga qanday tub o‘zgarishlar olib kirganini bilishni istardik.

— Eng avvalo, deputatlarimiz o‘z saylovchilari bilan bo‘lgan munosabatlarini yangicha shakl-shamoyilda olib bora boshladi. Agar ilgari Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylovchilari bilan yiliga 2-3 marta uchrashgan bo‘lsa, bugungi kunda bunday ishlar deputatlarning muntazam, har oyda joylarda bo‘lishi tarzida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Birgina 2018 yilning yanvar — may oylarida respublikamizning 70 ta tuman va shaharida olib borilayotgan ishlarning haqiqiy holati deputatlar tomonidan chuqur o‘rganildi. Amalga oshirilgan ishlarning natijalari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari Kengashlarining majlislari o‘tkazilib, ularda hokimlarning, prokuratura, ichki ishlar organlari va soliq xizmati rahbarlarining hisoboti eshitildi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.

Deputatlarimiz joylarda ishlarni amalga oshirish asnosida o‘tgan davr mobaynida 28 mingdan ortiq xonadonlarga tashrif buyurdilar, 112 mingdan ortiq fuqarolar bilan, shu jumladan, 10 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita suhbatlar o‘tkazdi. Aniqlangan muammolarni hal etishga ko‘maklashish choralarini ko‘rdilar.

Deputatlar korpusi qonun ijodkorligi faoliyatining samaradorligi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan adolatli tarzda tanqid ostiga olingan edi. Tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini yaxshilash yo‘lida ibratli ishlar amalga oshirilishi natijasida, agar 2016 yil mobaynida deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida bor-yo‘g‘i 11 qonun kiritilgan bo‘lsa, 2017 yilda ushbu raqam 27 taga yetdi (o‘sish deyarli 2,5 baravarni tashkil etdi). Joriy yilda ham shunga o‘xshash natijalar kuzatilmoqda — yarim yil ichida faqat deputatlar tashabbusi bilan 12 ta qonun loyihasi kiritildi.

Deputatlar tomonidan parlament nazoratini amalga oshirish ham sifat jihatidan o‘zgardi. Jumladan, so‘nggi yilda Prezidentimiz takliflari asosida Qonunchilik palatasi majlislarida “hukumat soati” doirasida hukumat a’zolarini eshitish mexanizmi joriy etildi va u amalda samarali qo‘llanilmoqda. Jumladan, “hukumat soati” doirasida O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash hamda bandlik va mehnat munosabatlari vazirlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi.

— Parlament quyi palatasi tarkibida keyingi vaqtlarda amalga oshirilgan tuzilmaviy o‘zgarishlar to‘g‘risida so‘zlab bersangiz.

— Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan oldimizga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish ishimizga muayyan tuzilmaviy-institutsional o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etdi. Shu bois aniq yo‘nalishlar bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati samaradorligi kuchayishini ta’minlashi kerak bo‘lgan yangi tarmoq bo‘linmalari shakllantirildi. Jumladan, quyi palata tarkibida Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tuzildi. Ushbu qo‘mitaning faoliyati uning a’zolari ishini bevosita joylarda yo‘lga qo‘yish ustuvorligini hisobga olgan holda tashkil etilib, qo‘mita tomonidan Jizzax viloyati va Toshkent shahrining barcha tumanida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi. Umumlashtirilgan ma’lumotlar asosida huquqni qo‘llash amaliyotini yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.

Prezidentimiz taklifiga binoan, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi. Institut tomonidan eng yaxshi xalqaro tajribalarni tahlil qilish asosida 25 ta qonun loyihasiga, Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 5 ta qaroriga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining 9 ta loyihasiga taklif va tavsiyalar tayyorlandi. Mazkur institut hozirgi kunda mamlakatimiz parlamenti faoliyati samarali kechishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, Oliy Majlis huzurida sud sohasidagi islohotlarni amalga oshirishga, yoshlarni, ayollarni va oila institutini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashishi lozim bo‘lgan yangi kollegial organlar shakllantirildi. Jumladan, Oliy Majlis huzurida o‘z faoliyatining yo‘nalishlari bo‘yicha Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi komissiya hamda bevosita Qonunchilik palatasida Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiya hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya shakllantirildi. Ular bugun faol ish olib bormoqda.

Qonunchilik palatasida faoliyat ko‘rsatayotgan Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi negizida uning vazifalari doirasiga innovatsiyalarni joriy etishga ko‘maklashish masalalarini kiritgan holda, yangi qo‘mita — Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tuzildi va bu zamonaviy jamiyat uchun g‘oyat ahamiyatli sektorlarda deputatlar faoliyati samaradorligini yuksaltirish imkonini berdi.

— Mamlakatimiz Prezidenti davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalasiga katta e’tibor qaratmoqda. Parlamentning quyi palatasida bu yo‘nalish qanday rivojlanmoqda?

— Parlament deputatlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z shaxsiy sahifalarini ochishi to‘g‘risidagi Prezident taklifining amalga oshirilishi natijasida hozirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda parlament vakillarining faolligi bo‘yicha O‘zbekiston o‘rtacha jahon ko‘rsatkichlaridan ancha yuqorilab ketdi. Bu, xususan, BMT tomonidan tayyorlanadigan Ye-parliament World Report xalqaro sharhida ham qayd etib o‘tildi.

Bugungi kunga kelib, Qonunchilik palatasining barcha deputatlari “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida shaxsiy sahifalarini ochdi. Ular tomonidan har kuni turli elektron OAV va tarmoq resurslarida jamoatchilik e’tiborini tortuvchi dolzarb masalalar bo‘yicha 200 dan ziyod axborot materiallari joylashtirilmoqda, jamoatchilik fikrini shakllantirish, ishonchli ijtimoiy-siyosiy axborotni aholiga yetkazish borasida tizimli ishlar olib borilayotir.

“Facebook”dagi shaxsiy sahifalarida, shuningdek, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida barcha fuqarolar uchun ochiq bo‘lgan “deputatning virtual qabulxonasi” xizmatidan foydalanish deputatlarning o‘z saylovchilari bilan aloqalari sifatini va tezkorligini, ular faoliyatining shaffofligi va hisobdorligi darajasini jiddiy tarzda oshirdi. Qonunchilik palatasi deputatlariga elektron murojaatlar yo‘llashni tashkil etish qulay bo‘lishi uchun fuqarolarning elektron murojaatlarini qayta ishlashni soddalashtirish va avtomatlashtirish imkonini beradigan maxsus mobil ilova ishlab chiqildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz Prezidentining tashabbusiga binoan, fuqarolarning jamoaviy elektron murojaatlari bo‘yicha “Meningfikrim.uz” veb-portali yaratilib, ishga tushirildi. Mazkur portal mamlakatimizda jamoatchilik muhokamalarining eng ommabop maydoniga aylanmoqda. O‘tgan to‘rt oy mobaynida portalga fuqarolarning tashabbuslari bilan bog‘liq 1132 ta murojaat kelib tushdi, 14138 ta sharh qoldirildi, 74 ta tashabbus ovoz berish bosqichida turibdi.

Quyi palatada qonun loyihalarining muhokamasi kundan-kunga qiziqarli, fraksiyalararo bahs-munozaralar tarzida, konstruktiv ruhda kechayotganini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Fuqarolarimiz bular haqida ommaviy axborot vositalari, jumladan, televideniye va radiodasturlar orqali muntazam tanishib borish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Nokamtarlik bo‘lsa ham shuni aytib o‘tish kerakki, Qonunchilik palatasining internetdagi veb-sayti eng o‘qishli va keng o‘quvchilar auditoriyasiga ega manbaga aylangan bo‘lib, fuqarolarimiz palatadagi qizg‘in jarayonlarni, qo‘mitalar faoliyatini, muhokama etilayotgan qonunlar haqidagi ma’lumotlarni bevosita kuzatib bormoqda. Diqqatga sazovor jihati shundaki, ijtimoiy muhim ahamiyatga molik qonun loyihalari, albatta, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmoqda.

Umuman olganda, Oliy Majlis bo‘yicha “elektron parlament” kompleks dasturi qabul qilinib, amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturni bajarish elektron ovoz berishning yangilangan hamda elektron hujjat aylanishining ixtisoslashtirilgan tizimlarini joriy etishni, foydalanuvchilarning parlament Qonunchilik palatasi fraksiyalari va qo‘mitalari yig‘ilishlarining hujjatlari, videomateriallaridan foydalanishini ta’minlaydi.

— Suhbatimiz yakunida deputatlik faoliyatining istiqbollari to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Siz ushbu sohada nimalarga va qaysi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratgan bo‘lardingiz?

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning islohotchilik irodasi ila ilgari surilgan keng ko‘lamli rejalari va loyihalarining ro‘yobi, shubhasiz, mamlakatimizni yangi, yanada yuqori darajadagi rivojlanish bosqichiga olib chiqadi, xalqimiz turmush farovonligi oshishiga xizmat qiladi. Jamiyatimizda qaror topgan barcha ijtimoiy kuchlarni O‘zbekistonni rivojlangan demokratik davlat sifatida qaror toptirish haqidagi buyuk g‘oya atrofida jipslantirmay turib, taraqqiyotimizda yuksak maqsadlarga erishib bo‘lmaydi. Hech shubhasiz, bunday sharoitlarda jamiyatda ishchanlik, yaratuvchanlik muhitini shakllantirish, islohotlarni ro‘yobga chiqarish uchun zarur huquqiy maydon yaratish, parlament nazorati tadbirlari salohiyatidan jamiyat manfaatlari yo‘lida samarali foydalanishda parlamentning, boshqa siyosiy institutlarning roli ortib boraveradi.

Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan siyosiy yo‘l to‘g‘ri, o‘z vaqtida belgilanganligiga va bundan boshqa yo‘l yo‘q ekanligiga parlamentning ishonchi komil. Biz amalga oshirilayotgan islohotlarning zarurligiga va misli ko‘rilmagan natijalarga erishishimiz muqarrarligiga qat’iy ishonamiz. Shu tufayli ham mamlakatimiz Prezidentining davlat hamda jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan faoliyatini bundan buyon ham siyosiy nuqtai nazardan qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunday hamjihatlik faqat siyosiy bayonotlarda va rasmiy harakatlardagina ifodalanib qolmay, balki fuqarolarning manfaatlarini amalda ro‘yobga chiqarish va himoya qilish, aholi farovonligini yuksaltirish, tinchlik-xotirjamlikni ta’minlashda parlamentning, deputatlarning bevosita ishtiroki orqali amalga oshiriladi.

Ayonki, milliy davlatchiligimizning taraqqiyoti, o‘z davrida mamlakatimizda parlamentarizm tizimi jiddiy rivojlanishiga ham turtki bo‘ldi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston parlamenti kamol topdi, mustahkam oyoqqa turdi va kelajakka dadil boqmoqda. Hozirgi vaqtda parlament sezilarli kuch va nufuzga, xalq orasida obro‘-e’tibor va ishonchga sazovor bo‘lmoqda. Ushbu salohiyatdan va milliy parlamentarizm tizimining vakolatlaridan xalq farovonligini yuksaltirish, davlatchilikni mustahkamlash, beqiyos Vatanimizni yanada rivojlantirish yo‘lida samarali foydalanish zarur va shartdir. Deputatlik korpusi bu ishga tayyor va hozirgi shiddatli sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar davrida Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan yuksak vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlashga qat’iy bel bog‘lagan.

“Xalq so‘zi” muxbiri
Qobil XIDIROV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?