Ishtixonlik Lukash botir kim boʻlgan?

01:31 09 May 2020 Jamiyat
540 0

Ikkinchi jahon urushida jangchilarning mardligi, jasorati sinovdan oʻtdi. Ularning birdamligi, Vatan uchun hatto jonlarini ayamaganligi oʻz isbotini topdi. Gʻalabaga erishdik. Ularning janggohlardagi qahramonliklari haqida kinolar yaratildi, asarlar yozildi. Yozuvchi Nazir Safarovning “Lukash botir” asari qahramoni asli ishtixonlik Luqmon Oʻroqov boʻladi.

Kim bilan suhbatlashmang Luqmon Oʻroqov haqida qandaydir gʻurur bilan soʻzlaydi. Chunki u kishi urushdan keyin ham yaxshi fazilatlari bilan hamyurtlariga ibrat boʻldi. Oʻsha yillar tumanda eng yirik xoʻjaliklardan boʻlgan Hozirgi Mitan qoʻrgʻonida (sobiq “Yangi hayot”) hisobchi boʻlib ishladi, xoʻjalikni boshqardi, tumanda zotli qoramollar yetishtiradigan fermada faoliyat koʻrsatdi. Hamqishloqlaridan yaxshiligi, yordamini ayamadi, ular hayotidagi oʻzgarishlardan oʻzi va oʻzgalar mamnun boʻlardi.

— Otamni yodga olsam xuddi hali hayotdek koʻz oldimda gavdalanadi, — deydi tumandagi 2-IDUM oʻqituvchisi “Xalq taʼlimi aʼlochisi” Marhabo Luqmonova. — Oilada ham juda talabchan edilar. Ishlari qanchalik koʻp boʻlmasin onajonimiz Momoxol aya bilan biz 10 nafar farzandning tarbiyasi, oʻqishi bilan qiziqardi. Hammamiz oliygohlarni tugatib turli sohalarda mehnat qilyapmiz. Gʻayrat, shijoatimizni, soʻzlarimizdagi oʻktamlikni otamga oʻxshatishadi.

— U paytlar hamma xonadonlarda ham televizor boʻlmas edi. Haftada bir xoʻjalik idorasi yonidagi klubda kino, konsertlar qoʻyilardi. Katta-kichik hamma birgalikda tomosha qilardi. Qishloq ahli oldin koʻrgan kinolari boʻlsalar ham qiziqish bilan oshiqardi.

Ana shunday kunlarning birida “Kolxozning klubiga poytaxtdan sanʼatkorlar kelib tomosha qoʻyishar ekan” degan xushxabar tarqaldi. Klubga tumonat odam yigʻildi. Toshkent shahridagi otaxon teatr aktyorlari sahnaga chiqqanida kattalarga qoʻshilib biz yoshlar ham qattiq qarsak chalib yubordik. Sahnada talqin etilgan urush lavhalari butun fikrimizni ishgʻol etdi. Asli ishtixonlik boʻlgan oʻzbek partizanining jasorati murgʻak qalblarimizda cheksiz faxr-iftixor hissini joʻsh urdirdi.

"Spektakldan soʻng “Lukash botir” roli ijrochisiga Luqmon Oʻroqovning oʻzi toʻn kiygizdilar", — xotirlaydi “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi rahbari Bahodir Xidirov.

Ana shu taassurotlar ulgʻayganimizda ham qalbimizni tark etmadi. Keling, shu oʻrinda asl muddaoga oʻtib, qahramonimizning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasoratlari haqida batafsil toʻxtalib oʻtaylik.

“Lukash botir” nomi bilan mashhur boʻlgan yurtdoshimiz Luqmon Oʻroqov 1916-yilda Ishtixon tumanidagi Chaqar qishlogʻida tugʻilib voyaga yetgan. Dunyoni larzaga solgan Ikkinchi jahon urushi boshlanganida yigirma besh yoshli navqiron yigit ham frontga safarbar etiladi. 1941-yilda u xizmat qilayotgan boʻlinma jangchilari dushmanning dastlabki kuchli hujumiga duch keladilar. Qaqshatqich janglardan soʻng Luqmon Oʻroqov bir qancha quroldoshlari bilan asirga tushib qoladi. Ammo Germaniyaga olib ketilayotgan eshelonlar Belorussiya hududidan oʻtayotganda bitta vagondagi asirlar oʻzlari oʻtirgan vagonni teshib oʻzlariga imkon qilishadi va qochishga muvaffaq boʻlishadi. Ular orasida Luqmon Oʻroqov ham bor edi.

Bir necha kun oʻrmonda yurgan askarlar, nihoyat, Brest shahri yaqinidagi Antopolskiy tumanida tashkil etilgan partizanlar otryadiga borib qoʻshiladi. Otryad komissari Lukash Timoshenko soddadil va mard yigit Luqmon Oʻroqovni yoqtirib qoladi. U jang maydonida yarador doʻstlarini tashlab ketmas, vijdoni bunga yoʻl qoʻymasdi. Jasur jangchi har doim zudlik bilan toʻgʻri qaror qabul qila olardi. Bir necha bor oʻz otryadining dushman changalidan eson-omon chiqib ketishiga hissa qoʻshadi. Koʻpincha yoniga bir jangchini olib razvedkaga joʻnar, aniq maʼlumotlarni bilib kelardi. Shafqatsiz janglarning birida otryad komissari Lukash Timoshenko halok boʻlgach, partizanlar uning xotirasiga Luqmonni “Lukash botir” deb atay boshlashadi. Chunki unda ham komissardagi kabi mardlik va qoʻrqmaslik fazilatlari mujassam edi.

— 1974-yilda Luqmon Oʻroqovni yoʻqlab Belorussiyadan quroldosh doʻstlari A.Xromova va F.Rommalar kelishdi, — deb eslaydi “Lukash Botir”ning qizi Manzura opa. — Ular bizga urush xotiralari, otam koʻrsatgan qahramonliklar haqida hikoyalar aytib berishgani sira yodimdan chiqmaydi. Biz ham otam haqida spektakl yaratilganini aytganimizda mehmonlar behad quvonishgan edi.

Jasorat, ezgu ishlar mangudir. Ishtixon farzandi, urush va mehnat faxriysi Luqmon Oʻroqov, yaʼni “Lukash botir”ning jasoratlari hamon tillardan tillarga oʻtib kelayotir. Shahar markazidagi muzeyda jasur jangchi haqida koʻplab qimmatli maʼlumotlar saqlanmoqda. Bu yil ham 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muzeyning Mustaqillik zalida tashkil etilgan koʻrgazmadan joy olgan bu inson haqidagi qimmatli eksponatlar safi yana-da boyitildi, suratlar yangilandi. Hamyurtlarimiz Luqmon Oʻroqovning hayot yoʻli bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi. “Lukash Botir”ning quroldosh doʻstlari, oila, farzandlar davrasida tushgan suratlari ham eksponatlar qatoridan munosib oʻrin egalladi.

Yaqinda bir voqea boʻldi. Taniqli aktyor Erkin Komilov va Yodgor Saʼdiyevlar tumanga tashrif buyurdi. “Lukash Botir” spektaklini esga oldilar. Ishtixon tumaniga tashriflari, asar qahramoni Luqmon Oʻroqov bilan boʻlgan samimiy suhbatlarini xotirlashdi. Ha, vaqt oʻtgani sayin jasorat tillardan tillarga koʻchib tarix sahifalarida sayqal topayotir.

Matluba Rabbimova

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?