Ishtixonda bir oilaning besh aʼzosi oʻldirib ketildi

13:35 16 May 2019 Jamiyat
3789 0

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida bir oilaning besh nafar aʼzosi qotillik qurboni boʻlgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 15 may kuni soat 13:00 larda Qoʻshrabot tumani “Doʻstlik” mahallasi hududida joylashgan fermer xoʻjaligi yer maydonidan “Damas” rusumli avtomashina oʻrta va orqa oʻrindiqlarida Ishtixon tumani Chimqoʻrgʻon qishlogʻida yashagan, fermer xoʻjaligi ishchisi A.X. (1969 y.t.), uning turmush oʻrtogʻi, uy bekasi Z.X. (1974 y.t.), oʻgʻillari J.I. (1998 y.t.), A.I. (2002 y.t.) va O.I. (2004 y.t.)larning murdalari, har birining bosh va yuz sohalarida ogʻir tan jarohatlari, yaʼni qotillik alomatlari bilan topilgan.

Voqea joyiga zudlik bilan Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari, Bosh prokuratura Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshligʻi, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda tezkor-tergov guruhi aʼzolari chiqdilar.

Mazkur holat yuzasidan shu kunning oʻzida Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda mazkur mudhish jinoyatni fosh etish uchun barcha zaruriy tezkor-qidiruv va tergov harakatlari tun-u kun amalga oshirilmoqda.

Tergovning borishi ustidan Bosh prokurorning alohida nazorati oʻrnatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?