Ishsizlik nafaqasi miqdorlari oshiriladi

11:56 21 Oktyabr 2020 Hujjatlar
386 0

“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (OʻRQ–642, 20.10.2020 y). Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Aholining bandligini taʼminlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi. Jumladan:

• aholi bandligini ragʻbatlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiya, grant va kreditlar ajratish;

• har yili ish oʻrinlarini tashkil etishga doir davlat byurtmasini shakllantirish;

• mahalliy mehnat organlari tomonidan ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar turlari;

• ish qidirayogan shaxslarni mahalliy mehnat organlari tomonidan roʻyxatga olish va hisobdan chiqarish tartibi;

• “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini yuritish;

• mehnat stajini elektron tarzda hisobga olish.

Shuningdek, Qonun bilan Mehnat kodeksiga bir qator oʻzgartirishlar kiritildi. Jumladan, ishsizlik nafaqasi 12 oylik davr ichida koʻpi bilan 26 hafta davomida toʻlanishi belgilandi (amalda ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga 13 hafta, boshqa toifadagilarga 26 hafta mobaynida toʻlanadi).

Qonunga koʻra, ishsizlik nafaqasi miqdori quyidagicha oshiriladi:

— ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) soʻnggi 12 oylik davr ichida mahrum boʻlgan shaxslarga – avvalgi ish joyidagi oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida, lekin mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (MHEKM – 679 330 soʻm)dan oz boʻlmagan miqdorda (amalda MHEKMning 35,2 foizidan oz boʻlmagan);

— ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan hamda uzoq (1 yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga – MHEKMning 1 baravari miqdorida (amalda MHEKMning 26,5 va 35,2 foizidan oz boʻlmagan miqdorlarda);

— ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga – MHEKMning kamida 75 foizi miqdorida (amalda MHEKMning kamida 26,5 foizi miqdorida).

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?