Ishoqxon Ibratning ibrati

19:08 10 May 2018 Madaniyat
600 0
Foto: ziyouz.uz

Davlatimiz rahbarining Namanganga, xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon To‘ra Ibrat memorial majmuasiga tashrifi va ma’rifatparvar alloma xotirasiga cheksiz ehtirom ko‘rsatgani barchamizni behad  g‘ururlantirdi. 

—    Prezidentimizga alloma qoldirgan ulkan ma’naviy meros haqida ishtiyoq bilan gapirib berdim, — deydi davlatimiz rahbariga hamrohlik (gid) qilgan Namangan Davlat universiteti tayanch doktoranti, yosh olim Sardor Rustamov. — Binobarin, dunyoviy bilimlarni chuqur o‘rgangan, yetti tilni mukammal bilgan serqirra ijodkor, olim va shoir, pedagog Ishoqxon Ibratning hayoti va ijodi biz, yoshlar uchun chinakam ibrat maktabidir. Prezidentimiz allomaning “Olti tilli lug‘at”, “Xatlar majmui”, “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Zamon tarozusi” singari 14 ta tilshunoslikka oid, ilmiy-tarixiy, badiiy hamda ma’rifiy asarlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanisharkan, domlaning ko‘plab kitoblari qatag‘on yillari yoqib va ko‘mib yuborilgani adabiyotimiz uchun katta yo‘qotish bo‘lganini afsus bilan ta’kidladilar. Ajdodimizning arxitektura va dizayn masalalaridagi yondashuvlari aks etgan loyihani kuzatib, uning bu tajribasini ham keng yoyish va o‘rganish zarurligini uqtirdilar.

Darhaqiqat, Ibratning ilk matbaachi, yangi usuldagi maktab asoschisi sifatidagi bemisl xizmatlari tahsinga sazovor. U 1908 yilda Orenburg shahridan litografik mashina xarid qilib ming mashaqqatlar bilan Namanganga olib kelgan va “Ishoqiya bosmaxonasi”ga asos solgan. Mazkur bosmaxonada o‘tgan asrning 60 yillariga qadar turli ilmiy-ma’rifiy kitob va risolalar, “Turkiston viloyati gazeti”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” singari gazetalar chop etilgan. 

Shuningdek, Ibrat shoir sifatida ham devon tartib bergan. Ming taassufki, uning “Devoni Ibrat”i bizgacha yetib kelmagan. O‘z davrida el orasida yuksak e’tibor topib, qozilik martabasiga erishgan, biroq, ayrim g‘alamisliklar bois tazyiqqa uchragan ma’rifatparvar bobomiz 1937 yilda 75 yoshida hibsga olinib, vafot etadi.

Ayni paytda ushbu muzeyda buyuk ajdodimizning qo‘lyozmalari, risolalari, foydalangan buyumlari, suratlari, liboslari, o‘quv qurollari va uy-ro‘zg‘or jihozlari hamda bir qator qimmatli va nodir manbalar o‘rin olgan. 

Ishoqxon Ibrat muzeyi bilan tanishuv asnosida Prezidentimiz viloyat ziyolilari, nuroniylar va allomaning avlodlari bilan ham samimiy muloqot qurdilar. “Men Ibrat domla haqida ko‘p o‘qiyapman, — dedilar Yurtboshimiz. — Uning el-yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona xizmatlari nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kunda ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda. Shunday buyuk ajdodi borligi bilan namanganliklar har qancha faxrlansa arziydi va yoshlarimiz ham shunga munosib bo‘lishlari kerak!" 

Bugun Ibrat domlaning orzulari ushaldi. Uning tarixiy ahamiyatga molik ishlari inobatga olinib, xotirasini abadiylashtirish yuzasidan ulkan majmua barpo etildi. Zero, fidoyi insonlar yodi hamisha barhayot. 

Orifjon JO‘RAYEV,
jurnalist.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?