Isʼhoqxon Ibrat maktabi oʻquvchisi “Yosh kitobxon” tanlovida gʻolib chiqdi

14:04 22 Avgust 2019 Jamiyat
101 0

Dilobar Mahmudova Toʻraqoʻrgʻondagi Isʼhoqxon Ibrat nomli xorijiy tillarni oʻrganishga ixtisoslashtirilgan internat – maktabining 8-sinfida tahsil oladi.Yosh iqtidor egasi ayni paytda ingliz, nemis, fransuz va arab tillarini ishtiyoq bilan oʻrganmoqda. Kitob mutolaasi uning sevimli mashgʻuloti.Hozirga qadar oʻzbek va jahon adabiyotiga mansub 155 ta badiiy asarni oʻqib chiqqan adabiyot ixlosmandining shaxsiy kutubxonasida 200 dan ortiq kitob bor.

D. Mahmudova kuni kecha“Yosh kitobxon” respublika tanlovining Namangan shahrida oʻtkazilgan viloyat bosqichida ishtirok etib, 10-14 yoshlilar oʻrtasida birinchi oʻrinni egalladi.

Uch yosh toifasi boʻyicha oʻtgan tanlovda saralash va mahalliy bosqichlarda muvaffaqiyat qozongan 36 nafar yosh qatnashdi.Unda 15-19 yoshlilar oʻrtasida Yangiqoʻrgʻon tumanidagi 42-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Mirjalol Sotvoldiyev, 20-30 yoshlilar bahsida esa kosonsoylik Nazokat Jabborovaga gʻoliblik nasib etdi.

-Oʻqigan kitoblarim soni 300 dan ortdi,-deydi M. Sotvoldiyev. – Tanlovning viloyat bosqichida hayʼat aʼzolari Xondamir hamda Rasul Xamzatov hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlarimni yuqori baholashdi. Maqsadim - poytaxtda oʻtadigan yakunlovchi bosqichda ham yuksak natijaga erishish.

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?