Ishonchnomalarning amal qilish muddati bormi? — dolzarb savollarga aniq javoblar berildi

15:59 17 Oktyabr 2020 Jamiyat
167 0

AOKAda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara Oʻrinboyeva ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda aholidan tushgan muhim savollarga javob qaytarildi.

Savol: Men ham himoya orderi olsam boʻladimi? Himoya orderini berish uchun qanday asoslar boʻlishi kerak? Himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun qanday javobgarlik choralari mavjud?

Javob:  Himoya orderi bu - tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat.

Himoya orderini berish uchun quyidagilar acoc hisoblanadi:

— tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati;

— jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;

— tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etishi yohud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;

— davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar

— Tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanadi va unga nisbatan 223 ming soʻmdan 669 ming soʻmgacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish jazosi qoʻllaniladi. Agarda sizga nisbatan rosdan ham tazyiq yoki zoʻravonlik holatlari yuz berayotgan boʻlsa ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori murojaat qilish orqali himoya orderi olishingiz mumkin.

Savol: Oliy taʼlim muassasasida toʻlov kontrakt shartnomasi asosida oʻqishga kirdim. Turmush oʻrtogʻim ish haqidan kontrakt toʻlovini amalga oshirmoqchimiz. Ish haqidan kontrakt toʻlovini amalga oshirilsa, qanday imtiyoz beriladi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish (oʻzining, yigirma olti yoshga toʻlmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) taʼlim olishi) uchun toʻlovdan daromad soligʻi (12%) ushlanmaydi.

Shunga koʻra, turmush oʻrtogʻingizning oylik ish haqidan daromad soligʻi undirilmaydi.

Savol: Ishonchnomalarning amal qilish muddati bormi?

Javob:  Amaldagi qonunchilikka koʻra, ishonchnoma koʻpi bilan 3 yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u berilgan kundan boshlab 1 yil mobaynida oʻz kuchini saqlaydi.

Berilgan kuni koʻrsatilmagan ishonchnoma haqiqiy hisoblanmaydi.

Savol: Ham ishlab, ham oʻqiyapman. Qanday imtiyoz bor?

Javob: Mehnat kodeksining 249-moddasiga koʻra, taʼlim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqib, oʻquv rejasini bajarayotgan xodimlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan tartibda ish joyidan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa imtiyozlar olish huquqiga egadirlar deb belgilab qoʻyilgan.

Savol: Oʻgʻlim kelinim bilan ajrashgan. Farzandlar kelinim bilan. Nabiralarimni koʻrish uchun borganimda kelinim nabiramizni koʻrishga qarshilik kilmokda. Ushbu holat qonuniymi?

Javob:  Oila kodeksining 77-moddasiga koʻra bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan koʻrishib turish huquqiga ega.

Ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishishiga imkoniyat bermasalar, vasiylik va homiylik organi ularga imkoniyat berishi mumkin. Mazkur holatda, Siz nabiralarning buvisi sifatida ular bilan koʻrishib turish vaqolatingiz mavjud.

Siz bola bilan koʻrishib turish vaqtini belgilash va toʻsqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash yuzasidan sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Savol: Yaqinda umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash joriy etilishi haqida oʻtigandim. Shu haqida maʼlumot bersangiz.

Javob:  Joriy yil 12-oktyabr kuni “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra:

— 2020-yil 1-dekabrdan bosqichma-bosqich bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumtaʼlim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi;

— 2021/2022 oʻquv yili qabulidan boshlab tegishli umumtaʼlim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikatga ega boʻlgan abituriyentga sertifikatdagi oʻzlashtirish foiziga mos ravishda OTM bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartib joriy qilinadi.

Umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

— 2020-yil 1-dekabrda ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari boʻyicha;

— 2021-yil 1-fevralda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha;

— 2022-2024-yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari boʻyicha.

Savol: Mening 3 nafar voyaga yetgan farzandim bor. Oʻzimga tegishli boʻlgan barcha mol-mulkni faqat bir nafar farzandimga vasiyat qilib qoldirmoqchiman. Mazkur holat boʻyicha tushuntirish bersangiz.

Javob: Fuqarolik kodeksining 1120-moddasiga asosan fuqaro oʻzining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun boʻyicha merosxoʻrlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.

✔️ Mazkur moddaning 4-qismida belgilanicha vasiyat qiluvchi qonun boʻyicha merosxoʻrlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Demak, Siz oʻz nomingizdagi barcha mol-mulkni xoxlagan farzandingizga vasiyat qilib qoldirishingiz mumkin.

Savol: Toshkent shahrida joylashgan kichik sanoat zonasi hududida joylashgan binoni oʻz mablagʻlarim hisobidan taʼmirlab foydalanib kelmoqdaman. Endilikda mazkur binolarni xususiylashtirishim mumkinmi?

Javob:  “Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga asosan rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlashni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirgan taqdirda, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan kundan boshlab kamida 3 yil muddat oʻtgandan keyin, binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)ni xususiylashtirish mumkin.

Siz oʻz mablagʻingiz hisobiga binoni taʼmirlab kelayotgan boʻlsangiz, kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan vaqtdan boshlab 3 yil oʻtgach mazkur binoni xususiylashtirishingiz mumkin boʻladi.

Savol: Men hozir yashab turgan uy onamning nomida. Yolgʻiz onaman. Onam shu uyni menga hadya qilmoqchi. Buning uchun qayerga murojaat qilsam boʻladi?

Javob: Uy-joy oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash uchun oʻzingizga qulay joyda boʻlgan istalgan notarial idoraga murojaat qilishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?