ISHID tarkibida jangovar harakatlarda qatnashgan 8 nafar O’zbekiston fuqarosiga sud hukmi o’qildi

11:22 03 Aprel 2018 Jamiyat
3898 0
Foto: dagbladet.no

 Jinoyat ishlari bo’yicha Namangan viloyati sudi Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari safida jangovar harakatlarda qatnashgan 8 nafar shaxsga nisbatan yakuniy hukmni o’qib eshittirdi.

“Namangan viloyati To’raqo’rg’on tumanining 8 nafar fuqarosi Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etgani uchun 6 yildan 14 yilga qadar ozodlikdan mahrum etildi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumotga ko’ra, sudlangan 2 nafar fuqaro — Muhammad Abdurasulov va Muhammadali Shokirov 2010 yilda O’zbekistondan Turkiyaga chiqib ketib, u erda “Tablig’i jamoat” xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zolarining ta’siri ostiga tushgan. Oradan 2 yil o’tgach, ular Suriyadagi lagerga borib, IShIDga aloqador jangovar harakatlarda qatnashgan.

“2016 yilda Abdurasulov va Shokirov O’zbekistonga qaytgan va 6 nafar fuqaroni Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etishga jo’natgan”, — deydi sud vakili.

Uning so’zlariga ko’ra, ushbu guruhga nisbatan o’tkazilgan tezkor tergov harakatlari davomida yana 30 nafar O’zbekiston fuqarosining Suriyaga chiqib ketishining oldi olingan.

Eslatib o’tamiz, shu yil fevral oyida Toshkent viloyati Oqqo’rg’on tuman sudi ISHID terrorchilik tashkilotiga a’zo fuqaro Ahror Qosimovni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?