Ishchilar soni hisobotda kam, amalda koʻp bundan kim yutadi?

16:27 21 Fevral 2019 Jamiyat
727 0

Illyustrativ foto

Xufyona iqtisodiyotni oldini olish, naqd pullar aylanmasini belgilangan tartibda banklar orqali amalga oshirishga erishish Davlat soliq idoralariga katta masʼuliyat yuklaydi. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining toʻgʻri faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda. Bu borada qilingan ishlar haqida viloyat davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi quyidagilarni maʼlum qildi.

Shahrisabz shahridagi “Olchazor Aziya” aksionerlik jamiyati hududida xronometraj koʻzdan kechirish tadbiri oʻtkazilganda, 81 nafar fuqarolar davlat roʻyxatidan oʻtmasdan noqonuniy faoliyat olib borayotgani aniqlandi. Shuningdek, “Sangioxir” koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqaro R.Xurramov “Oqsaroy” koʻchasidagi doʻkonida alyuminiy profillardan eshik va deraza romlari yasab, aholiga pullik xizmat koʻrsatib kelgan. U tadbirkorlik faoliyatidan moʻmay daromad topayotgan boʻlishiga qaramay, davlat roʻyxatidan oʻtishni hayoliga ham keltirmadi. Bunday holat shaharning “Nizomiy” koʻchasida faoliyat yuritayotgan A.Shaxriyorovda ham aniqlandi. Soxta tadbirkorlarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirildi. “Uddaburonlar”dan jami 1 million 700 ming soʻmlik jihozlash mashinasi va alyuminiy profillari daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.

Bundan tashqari, “Rashidov Asliddin Baxtiyorovich” oilaviy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish shahobchasida xronometraj oʻtkazilganda, naqd puldagi savdo 1 million 995 ming 400 soʻmni tashkil etdi. Xronometraj oʻtkazilgan kundan bir kun oldin esa tadbirkor bir yuz 44 ming soʻm naqd pulni nazorat kassa mashinasiga kirim qilgan. Koʻrinib turibdiki, tadbirkor naqd puldagi savdoning oʻndan birini ham NKMga kirim qilmasdan, tovar aylanmasini yashirib kelgan. Bundan tashqari soliq inspeksiyasiga bergan hisobotida ishchilar sonini 14 nafar koʻrsatgan boʻlsa, haqiqatda 24 nafar ishchi faoliyat yuritayotgani maʼlum boʻldi.

“Yangi Sado” xususiy korxonasiga qarashli oshxonada bir kunda 1 million 968 ming soʻm naqd pulda savdo amalga oshirildi. Xronometraj kunidan bir kun oldingi tushum esa 300 ming soʻmni tashkil etganligi qayd etilgan. Naqd puldagi tushum oʻtgan kunga nisbatan 6.5 baravar yoki 1 million 668 ming soʻmga oshmoqda. Hisobotida ishchilar sonini 10 nafar koʻrsatgan boʻlsa, aslida 14 nafar kishi ishlayotgani aniqlandi.

“Djurayev Sherali Sayfullayevich” oilaviy korxonasiga tegishli oshxonada bir kunda 2 million 615 ming soʻm naqd pulda savdoni amalga oshirdi. Bir kun oldin esa bor-yoʻgʻi 190 ming soʻmnigina davlatga topshirgan. Ishchilari soni oʻz hisobotida 5 nafar koʻrsatgan boʻlsa, 11 kishi ishlayotgani maʼlum boʻldi.

“Abdullayev Jasur Vaydaliyevich” xususiy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish shahobchasi xronometraj kunida 5 million 105 ming soʻm naqd puldagi savdoni amalga oshirgan boʻlsa, bir kun oldin 500 ming soʻmni NKMga kirim qilgan. Haqiqatda ishlayotgan xodimlar soni 24 nafar boʻlsa, ular sonini oʻz hisobotida 7 nafarga kamaytirib koʻrsatgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?