Ish oʻrnini yashirgan masʼullar jazoga tortildi

10:42 19 Avgust 2019 Jamiyat
161 0

Maʼlumki, adliya organlariga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi tashkillashtirilishining monitoringi va tahlilini olib borish vazifasi yuklatilgan boʻlib, bugungi kunda huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon beruvchi salbiy omillar, sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar tadbirlar olib borilmoqda.

Yaqinda Kattaqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi masʼullari tomonidan aholi bandligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadigan tumandagi tashkilotlarda boʻsh ish oʻrinlari yuzasidan vakolatli organlarga berilgan hisobotlarning haqqoniyligi amaliyoti tahlil qilindi. Bu haqda Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tuman Bandlikka koʻmaklashish markaziga boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha taqdim etilgan hisobotlar soʻrov oʻtkazish yoʻli bilan, tahlil qilinganida, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 30-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi 2019-yil 7-iyun holatiga boʻsh ish oʻrinlari yoʻq, degan hisobot taqdim etgan. Vaholjnki, mazkur 30-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻqituvchi hamda konsertmeysterlarining tarifikatsiyasida torli cholgʻular va gitara fani oʻqituvchisi ish oʻrinlari vakantligi koʻrsatilgan.

Xuddi shunday qonunbuzilishga Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 15-son bolalar musiqa va sanʼat maktabida ham yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi. Maktab tomonidan tuman Bandlikka koʻmaklashish markaziga 2019-yil 5-iyulda taqdim etilgan hisobotda 1,5 stavka boʻsh ish oʻrinlari mavjudligi haqida notoʻgʻri maʼlumot berilgan. Tekshirish davomida maktabda haqiqatda 2,5 shtat birligida boʻsh ish oʻrinlari mavjudligi aniqlangan.

Har ikkala holatda ham maktabning mansabdor xodimlari bilib turib belgilangan talabni buzishgan. Shu sababli 30-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari N.Abdullayeva va 15-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Sh.Babayevga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 229-moddasida belgilangan talablarni (boʻsh ish joylari (boʻsh lavozimlar)ni yashirish, shuningdek, har bir xodim boʻshatib olinishi kutilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida bermaslik, ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga ajratmalarni toʻlashdan boʻyin tovlash) buzganligi sababli, ularning har biriga nisbatan 608 ming 190 soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanildi. Ushbu masʼullar shunday holat qayta takrorlangan taqdirda, ularga nisbatan yanada keskin choralar koʻrilishi tushuntirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?