Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida

21:39 13 Oktyabr 2018 Hujjatlar
1923 0

Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidentining Farmoni

Aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini kuchaytirish, shuningdek, mehnatiga kam haq toʻlanadigan xodimlar ish haqi miqdorini jadal ravishda oshirishni taʼminlash maqsadida:

1. 2018 yilning 1 noyabridan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshirilsin.

2. 2018 yilning 1 noyabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:

ish haqi — oyiga 202 730 soʻm;

yoshga doir pensiyalar — oyiga 396 500 soʻm;

bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 396 500 soʻm;

zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 243 300 soʻm miqdorida belgilansin.

3. Belgilansinki, ish haqi hamda pensiyalarga qoʻshilgan ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa toʻlovlar 2018 yilning 1 noyabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

Mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining quyi razryadlari tarif koeffitsiyentlarini oʻrtacha 10 foizga, shu jumladan, 1-razryad boʻyicha 15 foizga, 2-razryad boʻyicha 10 foizga va 3-razryad boʻyicha 5 foizga oshirish orqali mehnatiga kam haq toʻlanadigan xodimlarning ish haqi miqdorining jadal ravishda oshirilishini koʻzda tutgan holda 2019 yil 1 yanvardan Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasini qayta koʻrib chiqsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan saqlanadigan tashkilotlarda band boʻlgan universal kasblar xodimlari mehnatiga haq toʻlashga doir razryadlarni tanqidiy koʻrib chiqsin va 2019 yil 1 yanvaridan ularning yangilanganlarini joriy etsin;

xalqaro moliyaviy institutlar bilan birgalikda mehnatga haq toʻlash miqdorining uning natijalari, bajarilayotgan mehnat funksiyalarining murakkabligi va masʼuliyati bilan yanada uzviy bogʻliqligini taʼminlashni nazarda tutadigan Byudjet tashkilotlarida mehnatga haq toʻlash tizimini yanada takomillashtirish konsepsiyasining ishlab chiqilishini va 2019 yil 1 sentyabrga qadar muddatda kiritilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar bilan birgalikda pensiyalar, stipendiyalar hamda byudjet tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasin.

6. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.

Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlarga ish haqining qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan holda toʻlashni taʼminlab, ish haqi miqdorlarini eng kam ish haqiga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashlariga mazkur Farmonning qabul qilinishidan soʻng qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun tegishli byudjetlar parametrlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi PF-5469-son Farmoni uning 6-bandi istisno qilingan holda 2018 yilning 1 noyabridan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?