Hukumat qarori: 18 mingdan ortiq davlat xizmatchisi ishdan bo‘shatiladi

14:14 09 Iyul 2018 Dunyo
881 0
Illyustrativ foto

Turkiyada 18 mingdan ziyod davlat xizmatchilari ishdan bo‘shatish, uchta gazeta va bitta telekanal, 12 ta jamoatchilik tashkilotini yopish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Resmi Gazete nashrining yozishicha, Hukumat tomonidan chiqarilgan qarorga asosan, terrorchilik tashkilotlari va milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi tashkilotlar bilan aloqadorlҲукуikda gumon qilinayotgan 18 632 nafar davlat xizmatchisi ishdan bo‘shatilib, to‘rtta OAV, 12 ta jamoatchilik tashkiloti faoliyati to‘xtatilmoqda.

Mazkur hujjatda shaxslar va ommaviy axborot vositalari aynan qaysi tashkilotlar bilan aloqador ekanligi to‘g‘risida so‘z yuritilmagan.

Ishdan bo‘shatilganlar orasida politsiyachilar, harbiylar, aviatsiya, harbiy dengiz floti xizmatchilari, adliya, ta’lim, tashqi ishlar vazirliklari, din ishlari bo‘yicha boshqarma, davlat universitetlari xodimlari va akademiklar bor. Ayni paytda taxminan 148 kishi turli vazirliklar va harbiy idoralardagi o‘z lavozimlariga tiklangan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada e’lon qilingan favqulodda holat tartibi davrida jami bo‘lib 110 ming davlat xizmatchisi o‘z lavozimidan chetlatildi. Hukumat favqulodda holat tartibini 9 iyul kuni bekor qilmoqchi.

Bunday tartib 2016 yil yozda mamlakatda harbiy to‘ntarishga bo‘lgan urinishdan so‘ng kiritilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?