Iroda Toʻlaganova Oʻzbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi boʻldi

17:30 08 Fevral 2019 Sport
195 0

Milliy olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi mutasaddilari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Konferensiya kun tartibidan oʻrin olgan eng asosiy masala federatsiyaga bosh kotib saylashdan iborat edi. Shuni inobatga olgan holda yigʻilish ishtirokchilarga oʻzbek tennisining yorqin vakillaridan biri, bugungi kunda Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi sardori sifatida faoliyat olib borayotgan Iroda Toʻlaganova nomzodi ilgari surildi. Yigʻilish ishtirokchilari bir ovozdan koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlashdi. Shu tariqa, Iroda Toʻlaganova Oʻzbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi lavozimiga saylandi.

“Avvalambor bildirilgan ishonch uchun minnatchilik bildirmoqchiman. Federatsiyamiz raisi, bosh kotibiga ham rahmat. Aynan ularning qoʻl ostida men Iroda Toʻlaganova sifatida tanilganman. Bungacha ular tomonidan katta hajmdagi ish olib borilgan. Menga ishonganingiz uchun rahmat. Federatsiyamiz rivojlanishi uchun qoʻldan kelgan barcha ishni qilaman”, – dedi Iroda Toʻlaganova.

Maʼlumot uchun, Iroda Toʻlaganova 1982 yilning 7 yanvarida tavallud topgan. Tennischilik faoliyati davomida yakkalik bahslarida 3 ta WTF, 3 ta ITF turnirlarida gʻalaba qozongan. Jahon reytingida 16-oʻringacha koʻtarilgan. “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni, “Shuhrat” medali sohibasi.

Konferensiya davomida bungacha federatsiyada 20 yildan ortiq vaqt davomida bosh kotib sifatida faoliyat olib borgan Igor Shepelevga minnatdorchilik bildirildi va oʻzbek tennisi rivoji yoʻlida amalga oshirgan ishlari alohida qayd etildi. Shuning bilan Oʻzbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi yakuniga yetdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?