Iqtisodiyot va sanoat vaziri: endi investitsiyalarni hududlar boʻyicha joylashtirish muhim vazifamizdan biri boʻladi

15:27 19 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
1022 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri B. Xoʻjayev Gulistonda boʻlib oʻtayotgan “Iqtisodiyot va sanoat vazirligi — yangi davr va dolzarb vazifalar” mavzuidagi oʻquv seminarida Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari ijrosi yuzasidan belgilangan vazifalar xususida soʻz yuritar ekan, hududlarda ishlab chiqarish quvvatlarini samarali joylashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish orqali hududiy investitsion salohiyatni oshirish masalasiga alohida urgʻu berdi.

Shuningdek, yuqoridagi hujjatlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, mamlakatimizda olib borilayotgan tarkibiy islohotlar asosiy yoʻnalishlarining “Yoʻl xaritasi” boʻyicha vazirlikning oldida turgan asosiy vazifalar bilan batafsil tanishtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda jami 14 masala yuzasidan soʻz yuritiladi. Xususan, 2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, raqamli iqtisodiyotga oʻtish masalalari va undan kutilayotgan natijalar, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash singari mavzular boʻyicha batafsil maʼlumot berilmoqda. Ishtirokchilarga investitsion loyihalarni kompleks ekspertiza qilishdagi yangicha yondashuv va talablar, yangi soliq siyosati natijasida narx barqarorligini taʼminlash masalalari ham aniq misollar asosida tanishtiriladi.

Oʻquv seminarining ikkinchi sessiyasida hududlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar ijrosi bilan bogʻliq mavzular yuzasidan maʼruzalar tinglanadi.

Tadbirda viloyatlar iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmalari rahbarlari, mutaxassislari, Sirdaryo viloyatining ishbilarmon doiralari vakillari va boshqalar qatnashmoqda.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi “Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, Iqtisodiyot vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?