Iqtisodiy taraqqiyotni tadbirkorlarning faoliyatisiz tasavvur etish qiyin — B.Toʻrazoda

14:23 15 Oktyabr 2020 Siyosat
188 0

Robert Kiyosakining shunday gapi bor: «agar sizda biznesingizni boshlashga ishtiyoq boʻlsayu, lekin yetarli sarmoyangiz boʻlmasa, ishni bugunoq boshlash kerak. Lekin bu hozirgi yumushingizni tashlab, men bugundan tadbirkorman degani emas...».

Maqola avvalida Robert Kiyosakining biznesni boshlash haqidagi bu fikrlariga toʻxtalganimiz bejiz emas. Sababi hayotning koʻplab jabhalarida omadga aniq maqsad sari intilish va har qanday toʻsiqqa qaramay, olgʻa qadam tashlash orqali erishiladi. Biznesda ham xuddi shunday. Faqat tadbirkor ushbu xislatlariga qoʻshimcha ravishda oʻta ehtiyotkorlikni ham kasb qilishi lozim. Ayniqsa, bu biznesni boshlovchilarga taalluqli.

Xoʻsh, nega bu aynan endigina biznesni boshlayotgan yoshlarga tegishli. Chunki ularda yangi gʻoya, istak va reja boru, yetarli tajriba va zarur sarmoya yetishmaydi. Bunday paytda siz biznesni boshlashda hech ham ikkilanmasligingiz kerak. Baʼzan tavakkal qilib ish yuritish ham foyda beradi. Boisi bugun mamlakatimizda tadbirkor boʻlaman, degan yoshlar va xotin-qizlar uchun barcha eshiklar ochiq.

Oxirgi yillarda ushbu ikki yoʻnalish boʻylab Oʻzbekistonda davlat siyosatini mahalla darajasigacha yuritadigan vertikal tizim yaratildi. Yoshlar masalalari boʻyicha har bir tumanda alohida hokim oʻrinbosari, uning 3 nafargacha mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boʻlimining 3 nafar xodimi, viloyatda ham hokim oʻrinbosari, uning 4 nafar mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining 11 nafar xodimi ajratildi.

Xotin-qizlar masalalari boʻyicha har bir mahallada alohida rais oʻrinbosari, tumanda – mahalla va oila boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari va 2 nafar mutaxassisi, viloyatda esa 8 nafargacha shtat birligi berildi. Umuman, ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻrgatish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlariga koʻmaklashish borasida salmoqli ishlar qilindi.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror ham xuddi shu maqsadga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.

Qarorning ahamiyatli tomoni shundaki, unga koʻra 2020-yil 15-noyabrdan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning tartiblari joriy etilmoqda.

Endilikda Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan tashkil etilgan oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikat olgan shaxslarga oʻz biznesini tashkil etish uchun mikrokredit ajratiladi. Shu bilan birga, «Mikrokreditbank» ATB tomonidan maxsus sertifikat olgan yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdordagi mikrokreditlar taʼminotsiz ajratiladi.

Bu hali hammasi emas. Ushbu hujjat bilan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadlariga 100 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ ajratilmoqda. Yaratilayotgan sharoitlar, katta-katta imkoniyatlar esa hozirgi ogʻir vaziyatda har bir oʻzbek ayoli, yoshlari uchun quvonchli ekani aniq.

Qarorning yana bir muhim jihati – Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi aholini tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularni oʻqitish, mikrokredit ajratish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi vakolatli davlat organi etib belgilandi. Bundan buyon Agentlik Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda aholi va tadbirkorlarni tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha ishlarni tashkil etadi.

Muxtasar aytganda, ushbu qaror bilan aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator imtiyozlar berilmoqda. Bu oʻz navbatida, tadbirkorlik koʻnikmasi va tajribasiga ega boʻlgan aholini faoliyatini kengaytirish va rivojlantirishga xizmat qiladi. Zero, bugungi kunda iqtisodiy taraqqiyotni tadbirkorlarning faoliyatisiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?