Iqtisodiy notenglikdan eng koʻp kimlar zarar chekmoqda?

10:54 22 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
424 0

Illyustrativ foto

Oxirgi oʻn yilda dunyoda milliarderlar soni deyarli ikki barobarga koʻpaygan. Bugungi kunda ularning soni rekord daraja – 2028 nafarga yetdi. Bu haqda Oxfam tashkilotining “Ijtimoiy farovonlik yoki xususiy mulk” nomli hisobotiga asoslanib CNN xabar berdi. Milliarderlarning boyligi oʻtgan yilda kuniga 12 foiz yoki 2,5 mlrd. AQSH dollariga koʻpaygan. Mazkur davrda jahondagi eng qashshoq deb hisoblanuvchi 3,8 mlrd. kishining iqtisodiy ahvoli 11 foizga yomonlashgan.

Maʼlumot uchun, Oxfam xalqaro tashkiloti qashshoqlikni keltirib chiqaradigan sabablarni yoʻq qilish va kambagʻallik hamda adolatsizlikka duchor boʻlayotgan odamlarga yordam berish bilan shugʻullanib keladi.

Forbes roʻyxatiga koʻra, dunyodagi eng boy odamlarning 26 nafari amerikaliklardir. Ularning ichida Jeff Bezos (Amazon), Bill Geyts (Microsoft), Uorren Baffet (Berkshire Hathaway), Mark Sukerberg (Facebook) kabilar bor. Ushbu insonlarning umumiy boyligi 357 mlrd. dollarga teng.

Hisobotga koʻra, 2017-2018 yillarda har ikki kunda dunyoda yangi milliarder paydo boʻlgan. Shunga qaramay yirik korporatsiyalar va eng boy odamlarning soliq toʻlovlari oxirgi 10 yilda kamaygan. Boisi jahondagi boy davlatlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 1970 yildagi 62 foizdan 2013 yilga kelib 38 foizgacha qisqargan.

Oxfam yillik hisobotiga koʻra, boylar va qashshoqlar oʻrtasidagi farqning oʻsib borayotgani jahon iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda hamda ijtimoiy nafrat hissini kuchaytirmoqda. Hisobot mualliflari davlat rahbarlariga boylikdan adolatli darajada soliq undirish, shaxsiy daromadlar uchun stavkalar hamda korporativ soliqlarni oshirish, yirik kompaniyalar hamda boy odamlarning soliq toʻlashdan qochishiga qarshi kurashishni tavsiya etgan. Olingan mablagʻlarni esa umumiy bepul tibbiy xizmat va taʼlim hamda boshqa davlat xizmatlariga yoʻnaltirish lozim.

Maʼruzada iqtisodiy notenglikning oʻsishidan eng koʻp ayollar va qizlar aziyat chekayotgani koʻrsatib oʻtilgan. Qolaversa, dunyo korporatsiyalari va eng boy odamlari past soliq chegirmalaridan foydalanayotgan bir paytda, qizlar munosib taʼlim olishni rad etyapti, koʻplab ayollar esa homiladorlikda koʻrsatiladigan tibbiy xizmat yoʻqligi va uning sifati pastligi tufayli hayotdan koʻz yummoqda.

Ekspertlarning aytishicha, butun dunyodagi ayollar tomonidan uy va bolalarga qarash uchun qilinayotgan toʻlanmaydigan ish bir kompaniya tomonidan pulli asosda bajarilganida edi, uning yillik pul aylanmasi 10 trln. dollarni tashkil etgan boʻlardi. Bu Apple kompaniyasinikidan 43 barobar koʻpdir. Koʻplab mamlakatlarda munosib taʼlim yoki sifatli tibbiy xizmat aholining boy qatlamlari oʻziga ep koʻra oladigan hashamatga aylangan. Har kuni dunyoda 10 ming odam arzon tibbiy xizmatdan foydalana olmayotgani uchun vafot etadi. Rivojlanayotgan davlatlarda besh yoshgacha boʻlgan bolalar ilgʻor mamlakatlardagi tengdoshlariga nisbatan ikki barobar koʻproq nobud boʻlyapti. Keniya kabi mamlakatlarda boy oila farzandi kambagʻal oila farzandiga nisbatan ikki barobardan ziyod vaqtini taʼlim olishga sarflaydi.

Oxfam agar bu muammolar hozir hal etilmasa, 2030 yilga kelib BMTning oʻta qashshoqlikka qarshi kurashish boʻyicha maqsadlariga erishib boʻlmaydi. Tadqiqotchilarning fikricha, dunyodagi 1 foiz eng boy odamlar uchun soliqlarni 0,5 foiz oshirish 3,3 mln. kishining hayotini saqlab qolish va 262 mln. bola taʼlim olishini taʼminlash imkonini beradi.

Ushbu hisobot boylar va kambagʻallar oʻrtasidagi oʻsib borayotgan farqqa dunyo hamjamiyati eʼtiborini tortish maqsadida Davosda boʻlib oʻtadigan Jahon iqtisodiy forumi arafasida eʼlon qilindi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu forum butun dunyodagi eng boy va nufuzli insonlarni birlashtiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?