Iqtisodiy aloqalar, innovatsion texnologiyalar va mintaqaviy barqarorlik O‘zbekiston va AQSh munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi

10:10 23 May 2018 Siyosat
357 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.

Uch kunlik tashrif dasturiga e’tibor qaratilsa, uning har bir kuni juda tig‘iz edi. Shunga qaramay, muzokaralar samarali va sermazmun kechdi. Qator nufuzli ommaviy axborot vositalari, xususan, AQSh telekanallari oliy darajadagi uchrashuvda kuzatilgan samimiy muhitga alohida ahamiyat berdi. Chunki Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentini kutib olishdan tortib, muloqot chog‘ida hamda davlatimiz rahbarini kuzatib qo‘yishgacha bo‘lgan jarayonda yuksak hurmat ko‘rsatdi. AQSh rahbari Yurtboshimizni qabul qilishni o‘zi uchun sharaf, deb bilishini ta’kidladi.

“Amerika xalqi nomidan Prezident Mirziyoyevga Oq uyga tarixiy tashrifi uchun minnatdorlik bildiraman. Markaziy Osiyoda anchayin murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘layotgan bir paytda bugungi muloqotimiz strategik sherikligimizni yangilashga yordam berdi. Mintaqadagi ta’minot yo‘llarini qo‘llab-quvvatlash va Afg‘oniston bilan aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladigan iqtisodiy loyihalarni sarmoyalash borasidagi sa’y-harakatlari uchun Prezident Mirziyoyevga hurmat-ehtiromimni izhor qilaman”, deyiladi Donald Trampning O‘zbekiston Prezidentining AQShga rasmiy tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan qabul marosimi ishtirokchilariga murojaatida.

Ishbilarmon doiralar vakillari, AQSh Davlat kotibi, mudofaa vaziri, Kapitoliyda AQSh Kongressi Vakillar palatasi va Senati a’zolari, shuningdek, Jahon banki prezidenti bilan bo‘lgan uchrashuvlar haqida ham ana shunday fikr bildirish mumkin. Muzokaralar yakunida turli sohalarda o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolangani, xususan, ishbilarmon doiralari qator loyihalar bo‘yicha umumiy qiymati 4,8 milliard AQSh dollari bo‘lgan kelishuvlarga erishgani ikki davlat hamkorligi jadal rivojlanishidan dalolat beradi.
Tashrif doirasida Vashingtondagi AQSh Milliy press-klubida “O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha erishgan yutuqlari va istiqboldagi vazifalar” mavzuida xalqaro anjuman o‘tkazildi. Nufuzli ekspertlar so‘nggi yillarda yurtimiz dunyoga ochilib borayotgani, pragmatik siyosat yuritayotgani, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlarni e’tirof etdi. Atlantika kengashidagi forumda O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, bunda nimalarga ahamiyat qaratish lozimligi xususida so‘z bordi. Ikki davlat vazirlik va idoralari, kompaniyalari hamda ishbilarmonlari ishtirokida uyushtirilgan “O‘zbekiston — AQSh: farovon kelajak uchun yangi imkoniyatlar” deb nomlangan marosimda mamlakatimizda biznes vakillari uchun qulay investitsiyaviy muhit yaratilgani ta’kidlandi.

Ayni kunlarda jahon matbuotida mazkur tashrif yakunlariga alohida e’tibor qaratilayapti. “The New York Times”, “The Washington Post”, “Newsweek” nashrlari, “ABC News”, “CNN”, “CBS News” telekanallari, “Amerika ovozi” teleradiosi va boshqa qator nufuzli ommaviy axborot vositalari oliy darajadagi muzokaralar, tuzilgan shartnomalarning o‘ziga xos jihatlari haqida fikrlarini aytishmoqda.

Gap ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida borar ekan, mana shunday tashrifni yoritishda O‘zbekiston jurnalistlari ham ilk bor keng tarkibda qatnashganini mamnuniyat bilan qayd etish o‘rinlidir. Chunki avvallari bunday jarayonga faqat davlat telekanali hamda axborot agentligidan vakillar jalb qilinardi, xolos. Tabiiyki, bu materiallarning rang-barang, xilma-xil bo‘lishini cheklab qo‘yardi. AQShga “Xalq so‘zi” gazetasi va bir qator nodavlat ommaviy axborot vositalari xodimlari ham borgani mavzu doirasida aholimizga yanada ko‘proq ma’lumot taqdim etish, mezbon davlat to‘g‘risida turli rakursda lavhalar, maqolalar tayyorlash imkonini berdi.
Hamkasblarimizning aksariyati AQShga davlatimiz rahbarining tashrifidan besh-olti kun oldinroq yetib borib, joylashgani ham ayni muddao bo‘ldi. Ya’ni mana shu vaqt mobaynida bir qator shtatlar, Vashington hayoti bilan yaqindan tanishish, turli lavhalar, maqolalar tayyorlash, intervyular uyushtirishga fursat tug‘ildi. Ular ketma-ket efirga, matbuot hamda saytlarga uzatib turildi.

Yuqorida biz AQSh Milliy press-klubida bo‘lib o‘tgan anjumanni tilga oldik. Ana shu tadbirda O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish va rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar borasida fikr yuritilar ekan, aynan AQSh tashrifini yoritishga yurtimizdan ko‘plab davlat hamda nodavlat OAV vakillari taklif qilingani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ma’lumki, Yurtboshimizning Janubiy Koreyaga davlat tashrifini yoritish maqsadida ilk bor Seulda matbuot markazi tashkil etilgan va bu o‘ziga xos tajriba bo‘lgan edi. Ana shu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida davlatimiz rahbarining AQShga rasmiy tashrifi munosabati bilan Prezident Matbuot xizmati tomonidan Vashingtondagi “Sofitel” mehmonxonasida matbuot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. U zamonaviy texnikalar bilan jihozlanib, yuqori tezlikdagi internetga ulandi. Bu markaz axborotlarni tez hamda sifatli yetkazishda muhim ko‘prik vazifasini o‘tadi. Qolaversa, bu yerda tashrif doirasidagi tadbirlar bo‘yicha brifinglar uyushtirilgani xalqimizning har bir voqea xususida o‘z vaqtida xabardor bo‘lishini ta’minladi.

“Amerikani yana buyuk qilamiz” shiori amaliy ifodasini topayapti
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Donald Tramp olib borayotgan islohotlar muvaffaqiyatiga yuqori baho berib, jumladan, “Janob Prezident, men AQSh Prezidentligi uchun so‘nggi saylovlardan buyon, Sizning boshchiligingizda iqtisodiy sohada erishilayotgan ajoyib natijalarni, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida ilgari surilgan tarixiy soliq islohotlari qabul qilinishini qutlayman. Qo‘lga kiritilgan natijalar, Sizning amerikaliklar farovonligi va taraqqiyoti uchun olib borgan ishlaringiz samarasidir”, deya ta’kidladi.

Haqiqatan ham, bugungi kunda AQSh iqtisodiyoti jadal sur’atda rivojlanib borayapti. Jumladan, ishsizlik va inflyatsiya ko‘rsatkichlari muntazam pasaymoqda, ishbilarmonlik indeksi, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik, iste’mol ko‘rsatkichi hamda aholi daromadlari ortayotir. Ekspertlarning fikricha, bu Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan “Amerikani yana buyuk qilamiz” shiori ostidagi iqtisodiy islohotlar samarasidir.
Keling, ayrim raqamlarga to‘xtalib o‘tsak. Ushbu davlat iqtisodiy jihatdan qudratli hisoblanadi. Masalan, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsuloti 19,36 trillion dollarni tashkil qildi. 1,5 trillion dollar miqdorida eksport amaliyotlari bajarildi. Joriy yilning dastlabki choragida AQSh iqtisodiyoti 2,3 foiz o‘sdi. Bu 2017 yilning shu davridagiga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘pdir. Fevral oyida 313 mingta yangi ish o‘rni yaratildi va mazkur raqam keyingi bir yarim yil davomidagi rekord natija sanaladi. Ishsizlik ko‘rsatkichining o‘zi esa so‘nggi o‘n besh yillikdagi eng minimum daraja — 4,1 foizga tushdi. Oq uy ma’muriyatining soliq islohotlari tufayli 2018 yil oxirida bandlikning yana 0,5 foiz oshishi kutilayapti. 2026 yilgacha bu jarayon muntazam ravishda 0,7 foizdan ortishi taxmin qilinmoqda.

Albatta, iqtisodiyot yaxshilanishi aholi turmushida ham o‘z ifodasini topadi. Misol uchun, fuqarolar daromadi 2017 yil sentyabr oyidan beri davomli o‘sib borayotir. Shu yil mart oyida bu borada 7,5 foizlik ortish qayd etildi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda ham natijalar ijobiy. Xususan, birinchi chorakda o‘tgan yilning mazkur davridagiga nisbatan 4,5 foiz o‘sish kuzatildi. 2008-2009 yillardagi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi AQSh iqtisodiyotining muhim sektori hisoblangan turarjoy bozoriga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgandi. Mamlakatning Qurilish kompaniyalari milliy assotsiatsiyasi xulosalariga qaraganda, hozir ahvol ancha o‘nglangan. Savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil mart oyida 1,3 milliontadan ziyod yangi uylar qurilishi boshlangan. Ishsizlik darajasining pastligi hamda ipoteka kreditlari foizining kamligi bois yangi turarjoylarga bo‘lgan talab ham ortmoqda.

Xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlar prognozlari bo‘yicha joriy yilda AQSh yalpi ichki mahsuloti 2,9 foiz oshadi, 2019 yilda o‘sish 2,7-2,8 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu rivojlangan davlatlar orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘ladi.

Bunday natijalar Donald Trampning iqtisodiy islohotlaridagi ikki muhim omil bilan bog‘lanadi. Birinchisi, rag‘batlantiruvchi tashabbuslar — soliq hamda tartibga solish islohotlari, infratuzilmani moliyalashtirish. Misol uchun, daromad solig‘ini 35 foizdan 21 foizgacha pasaytirish va soliqqa tortishning hududiy prinsipiga o‘tish jarayoni shunga daxldor.
Tartibga soluvchi islohotlar biznes faoliyatini tartibga soluvchi yangi federal qoidalarga moratoriy e’lon qilish hamda bir qator mavjud hujjatlarni bekor qilishni nazarda tutadi. Keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amaliyotga tatbiq etish ham Oq uy ma’muriyatining rejalari qatoridan o‘rin olgan. Shu maqsad uchun kelgusi 10 yil ichida federal byudjetdan 200 milliard dollar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, qurilish va infratuzilma ob’ektlarini modernizatsiyalash uchun ruxsatnomalar berish muddatini 2 yilgacha qisqartirish rejalashtirilgan. O‘z navbatida, mamlakatda energoresurslarni qazib olish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish orqali federal byudjetga mablag‘ tushumini ko‘paytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadi ham mavjud.
Ikkinchi yo‘nalishdagi islohotlar cheklov choralari — proteksionizm, ish o‘rinlarini qaytarish va AQShga immigratsiya oqimini qisqartirishni qamrab oladi.

Mana shu jihatlar tufayli Amerika Qo‘shma Shtatlari iqtisodiyoti jadal sur’atda o‘sib borayapti. O‘zbekistonning ana shunday salohiyatli davlat bilan hamkorligi mustahkamlanishi, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar, albatta, ikki tomon uchun ham katta manfaat keltiradi. Eng muhimi, erishiladigan muvaffaqiyatlar fuqarolar turmush tarzida o‘z ifodasini topadi.

Tarixni o‘rganish bepul
Shu o‘rinda Vashingtonda e’tiborimizni tortgan ayrim jihatlar haqida ham fikr yuritsak.
Bu shahar birorta shtatga kirmaydi. Kolumbiya okrugiga qaraydi. 600 mingdan ziyodroq aholisi bor. Mamlakat Kongressida faqatgina Vashingtondan vakil saylanmaydi, azaldan qoida shunaqa.

AQSh poytaxti ko‘chalarida yurar ekanmiz, davlat idoralarining asosiy qismi tarixiy inshootlarda joylashganiga guvoh bo‘ldik. Umuman, shaharda juda yuksak did hamda noyob arxitektura uslubida qurilgan qadimiy binolar har qadamda ko‘zga tashlanadi. Ko‘chalar kimningdir nomi bilan yuritilmaydi, aksincha ular raqamlar bilan belgilangan. Masalan, 14-ko‘cha, 15-ko‘cha va hokazo. Yana bir jihati, Vashingtonda mamlakatning 50 ta shtati nomi berilgan mavzelar mavjud. Deyarli har bir mavzeda yam-yashil maysazor, daraxtlar bilan qoplangan xiyobon tashkil qilingan. Maysazorda bemalol yurish, o‘tirish mumkin. Bunga cheklov yo‘q. Xiyobonlarda kitob yoki gazeta o‘qiyotgan, suhbatlashayotgan, shunchaki hordiq chiqarayotgan odamlarni ko‘rasiz. Kunning istalgan vaqtida, xoh ertalab, xoh kechki payt bo‘lsin, salomatligini o‘ylab, yugurayotganlarni uchratasiz. Ko‘chalar bo‘ylab velosipedlar uchun alohida yo‘laklar tashkil qilingan. Hatto ba’zi joylarda bunday yo‘laklar qatnov qismining o‘rtasida. Ularning ikki tarafiga maxsus belgilar o‘rnatilgan bo‘lib, avtomobillar harakati xavf tug‘dirmaydi.

Biz, odatda, kunlik nashrlarni gazeta do‘konlaridan olamiz. AQSh poytaxtida, umuman, ushbu mamlakatda obunachilardan tashqari kunlik gazetalarni aholi vakillari yo‘llar bo‘yiga o‘rnatilgan mo‘’jaz qutichalardan olisharkan. Ya’ni har bir nashr ko‘chalarga o‘zining gazeta tarqatishga mo‘ljallangan qutichalarini joylashtirgan. Ularning ba’zilarida gazeta bepul, ayrimlarida pullik. Eng xaridorgir nashrlar, albatta, talab borligi uchun sotishdan mo‘may daromad ko‘radi.

Vashington ob-havosi tez o‘zgaruvchan, namlik miqdori yuqori bo‘lgan shahar ekan. Deylik, kunning birinchi yarmida haddan ziyod issiqdan noqulaylik sezsangiz, kutilmaganda sharros yomg‘ir yog‘ib, joningizga orom bag‘ishlaydi. Lekin yomg‘irdan keyin hech qancha vaqt o‘tmay havo yana dim bo‘ladi. Boshqa bir qiziq tarafi, ko‘chalarda ariqlar, lotoklar yo‘q. Avvaliga hayron bo‘ldik: “Yog‘ingarchilikda suv qayerdan chiqib ketarkin?” deb. Aynan yomg‘ir yoqqanida ko‘rdikki, shaharning drenaj tizimi puxta loyihalashtirilgan ekan: suv yo‘lning turli yerlaridagi, eni uncha katta bo‘lmagan, uzun qilib ochilgan, piyodalarga xalal bermaydigan tuynukdan yer ostidagi quvurlarga oqib ketadi. Jala paytida ham biror joyda suv to‘planib qolmaydi. Bu — o‘rganishga arziydigan tizim.

Vashington aholisini 600 mingdan ko‘proq dedik. Bu yerdagi Oq uy, Bleyr-Xaus, Vashington yodgorligi, Kapitoliy, Tomas Jefferson xotira majmuasi, Smitson instituti, Artur Sakler galereyasi, Aviatsiya va kosmonavtika muzeyi hamda boshqa o‘nlab rasmiy idoralar, muzeylar, obidalar, madaniy-ma’rifiy maskanlarni ko‘rish uchun dunyoning turli nuqtalaridan har yili millionlab turistlar tashrif buyuradi. Shu bois ko‘chalar ancha gavjum. Guruh-guruh bo‘lib yurgan sayyohlarga turfirmalar kutib olish chog‘idayoq bir xil rangdagi futbolka tarqatisharkan. Bu ularning harakatlanish chog‘ida bir-birlarini yo‘qotib qo‘yishlarining oldini olarkan.

Diqqatga sazovor jihati, Oq uy, parlament joylashgan Kapitoliy, umuman, har qanday davlat idorasi va binosi oldida bemalol suratga tushish mumkin. Bunga hech qanday cheklov yo‘q. Prezident qarorgohi, Kapitoliy binosiga o‘quvchilarni tez-tez ekskursiyaga olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali ularga tarix jonli misollar asosida gapirib beriladi. Masalan, butun bir boshli Kapitoliy binosini o‘tmish bilan bog‘liq yodgorliklar mujassamlashgan maskan, deyish mumkin. U yerda yoshlarga nafaqat qonunning yaratilishi, balki AQSh qanday qilib shu kunlarga yetib kelgani, mustaqillikning ahamiyati haqida so‘z yuritiladi. Bu jarayon qonun ijodkorlariga umuman xalal bermaydi. Ular o‘z ishlarini davom ettiraverishadi.

Vashingtondagi barcha muzey tashrif buyuruvchilar uchun bepul xizmat ko‘rsatadi. Bu orqali o‘tmishni kengroq tanishtirish maqsad qilingan. Savol tug‘ilishi mumkin: xo‘sh, ularni saqlab turish uchun qayerdan mablag‘ olinadi? Biz ham bunga qiziqqanimizda, javob shu bo‘ldiki, muzeylarga qisman byudjetdan pul ajratilsa, bir qismi homiylar tashabbusi bilan qoplanadi. Ya’ni “Aholi, ertangi kun egalari tariximizni o‘rganayotgan ekan, xarajatini biz to‘laymiz” qabilidagi ezgu niyatli, vatanparvar homiylar ko‘p.

Qisqasi, Vashington kichik shahar bo‘lsa-da, uning buyuk o‘tmishi, diqqatga sazovor buguni bor. Ular har qanday kishida unutilmas taassurot qoldiradi.
Prezidentimiz 19 may kuni Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda AQSh bilan munosabatlarni mustahkamlashning ahamiyati, sabablari haqida to‘xtalarkan, nega O‘zbekistonga AQSh sarmoyasi hamda texnologiyasi zarurligiga oydinlik kiritdi. “Chunki unday texnologiya va ishlanmalar hali O‘zbekistonga kirmagan. AQSh texnologiyasi kirgan davlatda hisob-kitob joyida bo‘ladi. Ularning texnologiyasi kirgan joyda korrupsiya bo‘lmaydi. Bu bir mezon, tarozining pallasi bo‘ladi”, deya qayd etdi. Shu fikrlarning o‘zi maqolamizga yakuniy xulosadir.
Shavkat ORTIQOV,
«Xalq so‘zi» maxsus muxbiri.
Toshkent — Vashington — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?