Ipoteka kreditlari boʻyicha bir qator imtiyozlar bekor qilinаdi

11:15 14 May 2019 Jamiyat
1233 0

Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, boshlangʻich ustav kapitali miqdori 25 milliard soʻmboʻlgan aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi taʼsis etildi.

Quyidagilar Kompaniyaning asosiy vazifalaridan etib belgilandi:

  • mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlarini jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltirish;
  • aholining arzon uy-joylarga oʻsib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish.

Shuningdek, Farmon bilan 2019-2021 yillarda ipoteka krediti tizimini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab maqsadli dasturlar ijrosi doirasida quyidagi yangi shartlarda ipoteka kreditlari ajratiladi:

  • Moliya vazirligi tomonidan ishtirok etuvchi banklarga ajratilayotgan kredit resurslari hamda aholiga berilayotgan ipoteka kreditlari boʻyicha imtiyozli davr 1 yilgacha qisqartiriladi (amaldagi tartibga koʻra 5 yil);
  • kreditdan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasi qatʼiy belgilangan 7 foizdan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida belgilanadi;
  • ipoteka kreditlari foizlarini annuitet toʻlovlari formulasi boʻyicha hisoblash tartibi tatbiq etiladi (oylik toʻlov asosiy qarz qoldigʻiga hisoblangan foizlar boʻyicha toʻliq toʻlovni hamda kreditning bir qismini oʻz ichiga oladi, bu shunday hisoblashni nazarda tutadiki, har oylik barcha toʻlovlar kredit toʻlashning butun davrida bir xil boʻladi).

Bundan tashqari, qonun hujjatlarida belgilangan malakaviy talablarga javob beradigan yuridik shaxslarga maqsadli dasturlarni amalga oshirishda buyurtmachi yoki bosh pudratchi sifatida qatnashish huquqi berildi.

Shuningdek, uy-joylar va kvartiralarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish uchun kreditlar beriladi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida taqdim etilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha amaldagi imtiyozlar bekor qilinadi.

Moliya vazirligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining 12 ta shtat birligini qoʻshimcha ajratgan holda Arzon uy-joylar qurish davlat maqsadli dasturlarini muvofiqlashtirish va moliya bozori vositalarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etildi.

Maqsadli dasturlar ijrosi samaradorligini tahlil qilish va monitoringida ishtirok etish, ular boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish Boshqarmaning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

2019 yil 1 yanvarga qadar qurilishga ruxsat etilgan uy-joy fondi obyektlarini (2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturiga, 2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturiga kiritilgan obyektlar bundan mustasno) birlamchi uy-joy bozorida realizatsiya qilish oboroti 2020 yilning 1 yanvariga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?