“Ipoteka bank” xodimiga 70 dan ortiq holat boʻyicha jinoiy ish ochildi

15:47 08 Yanvar 2019 Jamiyat
2566 0

Illyustrativ foto

Toʻlov kvitansiyalari bank dasturiga kirim qilinmasdan soxtalashtirilishi yoki toʻlangan pullar shaxsiy ehtiyoj uchun ishlatib yuborilishi ham mumkinmi? Fargʻonada bank xodimi shunday jinoyatga qoʻl urdi, deb yozadi OʻzA.

“Ipoteka bank” Fargʻona viloyati filialining 28-sonli jamgʻarma kassasi nazoratchi kassiri lavozimida ishlagan Farhod Sobirov fuqarolar tomonidan toʻlangan mablagʻlarni bankka topshirmasdan, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Hujjatlarni soxtalashtirib, davlat mablagʻini talon- taroj qilgan.

U oʻzining ish faoliyati davomida Majburiy ijro byurosi Qoʻshtepa tumani boʻlimi davlat ijrochilari ish yurituvidagi ijro hujjatlari boʻyicha fuqarolar tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji va jarimalarni qabul qilar edi. Bankka kelayotgan pullarni koʻrib, F.Sobirov oʻziga yuklatilgan burch va masʼuliyatni unutdi. 71 ta holatda 30 million 311 ming 500 soʻmlik pul mablagʻlarini fuqarolardan toʻlov uchun qabul qilib, pullarni olgani toʻgʻrisidagi kvitansiyalarini ikki nusxada rasmiylashtiradi. Qabul qilingan pullarni oʻzining javobgarligiga olgani holda oʻz mansab vakolatidan qasddan foydalanib, bankka topshirmasdan, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib, davlat byudjetiga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, F.Sobirov oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, ATIB “Ipoteka bank“ Fargʻona viloyati filialiga qarashli 28-sonli jamgʻarma kassa shoxobchasi kassiri X.Boqijonova tomonidan oʻziga biriktirilgan bank muhri bosilgan holda Majburiy ijro byurosi Qoʻshtepa tumani boʻlimi davlat ijrochilari ish yurituvidagi ijro hujjatlari boʻyicha 7 ta holatda qabul qilib olingan 4 million 831 ming soʻmlik pul mablagʻlarini imi-jimida oʻzlashtirib yuborgan.

Majburiy ijro byurosi Fargʻona viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Majburiy ijro byurosi Qoʻshtepa tumani boʻlimidagi ijro hujjatlaridagi toʻlov hujjatlari oʻrganilganda uning nojoʻya harakatlari aniqlandi. Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshtepa tumani sudining ochiq sud majlisida F.Sobirovga nisbatan jinoyat ishi koʻrib chiqilib, unga tegishli jazo tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?