“Ipoteka-bank“ filiali sobiq boʻlim boshligʻi tadbirkorga ajratilgan 350 mln. soʻm kreditni oʻzlashtirib yuborgani aniqlandi

11:36 26 Sentyabr 2019 Jamiyat
244 0

“O-N” MCHJ rahbarining murojaatiga asosan “Ipoteka-bank” ATIB Surxondaryo filialida oʻtkazilgan tekshirishda, bank va jamiyat oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasiga asosan, jamiyatga baliqchilikni rivojlantirish maqsadida sunʼiy suv havzasi barpo etish va baliq chavoqlari hamda omixta yem sotib olish uchun 3 yil muddatga yillik 16 foiz bilan 1 mlrd. soʻm kredit ajratilgan.

Bank filialining Qishloq xoʻjaligi subyektlariga xizmat koʻrsatish boʻlimi sobiq boshligʻi K.Ibragimov mansab mavqeini suiisteʼmol qilib, “O-N” MCHJga ajratilgan 410 mln. soʻmlik kredit mablagʻining soʻndirilmaganligini bila turib, filial boshqaruvchisining nomidan notarial idoraga jamiyat tomonidan 410 mln. soʻmlik kredit mablagʻlari muddatidan oldin qaytarilganligini toʻgʻrisida xat berib, band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etib, “O-N” MCHJga ajratilgan 350 mln. soʻm kreditni oʻzlashtirib, jamiyat manfaatiga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazganligi aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan, “Ipoteka-bank” ATIB Surxondaryo filiali Qishloq xoʻjaligi subyektlariga xizmat koʻrsatish boʻlimi sobiq boshligʻi K.Ibragimov va boshqalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 233-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?