Ipakchilik rivojida noyob loyihaga qo’l urilmoqda

13:10 09 Aprel 2018 Iqtisodiyot
992 0
Foto: do.ngs.ru

“O’zbekipaksanoat” uyushmasi mamlakatimiz ipakchilik sanoatini texnologik rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, investitsiyalar jalb qilish hajmini oshirishga maqsadida innovatsion tashabbus bilan chiqdi.
 “O’zbekiston Respublikasi ipakchilik sektorida qo’shilgan qiymatlar zanjirini takomillashtirish va eksport salohiyatini kuchaytirish: qishloq joylarda yuqori qo’shilgan qiymat, yangi ish o’rinlari va daromad manbaini yaratish” loyihasini ilgari surmoqda.

Shu munosabat bilan uyushmada loyiha muhokamasiga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi.

O’zbekiston Respublikasining Avstriyadagi maslahatchisi — muvaqqat vakili Sherzod Asadovning aytishicha, mazkur loyiha jahon tajribasida noyob hisoblanadi. Sababi, uning ijrosida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikkita tuzilmasi, ya’ni Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) hamda Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO) ishtirok etmoqda. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, ikki bosqichdan iborat loyihaga OFID (OPEKning xalqaro taraqqiyot fondi) grant mablag’lari ajratishga rozilik bildirdi.

Aytish joizki, loyiha ikki yo’nalishda hayotga tatbiq qilinadi. Birinchisida unumdor tutzorlarni barpo etish, ipak qurti urug’chiligi, pilla etishtirish bosqichlariga  zamonaviy nou-xaularni qo’llanilsa, keyingisida ipakchilik sanoatini sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish ko’zda tutilgan.

— O’zbekiston ipak ishlab chiqarish bo’yicha jahonda etakchi o’rinlardan birini band etib turibdi, — deydi FAOning Bosh direktori o’rinbosari, Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo’yicha direktori V. Raxmanin. — Yurtingizda sohani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ipak gazlama va tayyor mahsulotlar tayyorlash, Evropa mamlakatlaridagi ipakchilik kompaniyalarining xom ashyoga bo’lgan ehtiyojini ta’minlashga salmoqli hissa qo’shishga keng yo’l ochib beradi. Bugun O’zbekistonda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu O’zbekiston va FAO o’rtasidagi yana bir istiqbolli yo’nalish bo’lgan ipakchilik sohada hamkrlikni yo’lga qo’yish imkonini berdi. Biz birgalikda amalga oshiradigan loyiha sohani modernizatsiyalash, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar hamda yoshlar uchun yangi ish o’rinlari  yaratish, qishloq ahlining farovonligiga xizmat qiladi.

Said Rahmonov, 
“Xalq so’zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?