“Investorlarga yaratib berilayotgan sharoitlardan mamnunmiz”

18:17 16 May 2018 Iqtisodiyot
385 0
Foto: cis.hypercube.fund

Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar tez fursatda samarasini bermoqda. Siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, fan-ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarga yangicha g‘oya hamda yondashuvlar tatbiq etilayotgani yutuqlarga qanot bo‘layotir. Ayniqsa, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalarini ochish, chet el investitsiyalarini jalb qilish, iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlar xorijlik ekspertlar, ishbilarmon doira vakillari tomonidan yuksak baholanayapti.

Meuves BRAUER, Niderlandiya Qirolligining Moskvadagi elchixonasi qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi:

— O‘zbekistonni iqtisodiy tomondan tez sur’atlarda rivojlanib borayotgan ilg‘or davlatlar sirasiga bemalol qo‘shish mumkin. Bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning hissasi juda katta. Chunki u davlat rahbari sifatida mamlakatni iqtisodiy jihatdan baquvvat qilishga qaratilgan barcha harakatni qilayapti, nafaqat mahalliy, balki xorijiy investorlarga ham keng imkoniyatlarni yaratib berayapti. 

Ayniqsa, valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish ob’ektlarni bunyod etishga xizmat qilmoqda.

Chet davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqdi. Islohotlar shunday davom ettirilsa, o‘ylaymanki, O‘zbekiston bundan-da yaxshi yutuqlarni qo‘lga kiritadi. 

Vaxit AJAR, Turkiyaning “Acar-Mak-San” kompaniyasi bosh menejeri:

— O‘tayotgan davr O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib, ayniqsa, savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada mustahkamlangan yil bo‘ldi, desam adashmayman. Davlatingiz rahbari Turkiyaga davlat tashrifi davomida ikki mamlakat savdo aloqalarini rivojlantirishga oid o‘ttizdan ortiq loyiha bo‘yicha bitimlar imzolangan edi. Bugun ushbu kelishuvlar ro‘yobga chiqmoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha soha qatori tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish, zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha istiqbolli g‘oya va takliflarni ilgari surgani menda katta taassurot qoldirdi. Bu yuksak bahoga loyiq. Joriy yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilgani ham ko‘zlangan ezgu maqsadning bir jihati ekanini ko‘rsatib turibdi. Bu esa yurtingiz iqtisodiy salohiyatini yanada kengroq namoyish qilish imkonini beradi.

David VUDI, Xitoyning “Fujian Jiayi Plastics & Rubber Co., Ltd” kompaniyasi menejeri:

— O‘zbekistonda xitoyliklarga bo‘lgan iliq munosabatni aeroportdagi kutib olish jarayonidayoq his qilamiz. Chindan ham, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro ishonch va manfaatga asoslangan aloqalar yuqori cho‘qqiga chiqmoqda.

Kompaniyamiz poyabzal tagcharmiga ishlov berish va tayyorlash bilan shug‘ullangani bois ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilayapmiz. Chunki O‘zbekistonning charm mahsulotlari tabiiyligi, sifati va raqobatdoshligi bilan dunyo bozoridan o‘rin egallamoqda. 

O‘zaro muloqotga kirishishda tashkil etilayotgan biznes-forumlar, yarmarkalarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Bunday tadbirlarni o‘tkazishda ham O‘zbekistonning faolligi va tashabbusini alohida e’tirof etmoqchiman. Yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “VIII xalqaro charm, poyabzal, kiyim va aksessuarlar” hamda “II maxsus poyabzal va individual himoya vositalari” ko‘rgazmalari ham o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishda qo‘l keldi.

“Xalq so‘zi” muxbiri
Rahim ShERQULOV yozib oldi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?