Investorlar uchun qiziq boʻlgan qonun hujjatlari ingliz tiliga oʻgirilyapti

12:05 01 Mart 2019 Jamiyat
339 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi ONLINE”/Munisxon Karimova. Adliya vaziri internet tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlarining milliy bazasi – “LexUZ”faoliyati muntazam ravishda takomillashtirib borilayotganini aytib oʻtdi.

“Hozirda Milliy bazada oʻzbek va rus tillarida 54 mingdan ortiq hujjat jamlangan boʻlib, undan bir kunda oʻrtacha 25 ming nafardan ortiq shaxslar bepul foydalanmoqda, - dedi u - Milliy bazada joylashgan hujjatlarning lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek tilidagi matnlarini joylashtirish boʻyicha ishlarning ham yakuniy bosqichi amalga oshirilmoqda.

Jumladan, milliy bazadagi hujjatlarning 6 089 tasi matni bilan lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek tilida tanishish mumkin. Bu boradagi ishlarni biz 2019 yil aprel oyiga qadar yakunlashni maqsad qilganmiz.

Bundan tashqari, chet el fuqarolari, shu jumladan investorlar uchun qiziq boʻlgan qonun hujjatlari matnlarini ingliz tilida milliy bazaga joylashtirish boʻyicha ishlarni ham boshlab yubordik. Birinchi bosqichda yakuniy roʻyxat shakllantirilib, ular ingliz tiliga tarjima qilinmoqda. Hozirgi kunda 11 ta hujjat matni bilan bevosita ingliz tilida tanishish mumkin.

Yuridik adabiyotlarni nashr qilish borasidagi ishlarni ham davom samarali ettirmoqdamiz. Xususan, 2018 yilda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va kodekslari toʻplami, 43 nomdagi yuridik adabiyotlar 274 ming nusxada chop etildi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?