Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida eksport faoliyatini ragʻbatlantirish va eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarni muhokama qilishga bagʻishlangan vebinar boʻlib utdi

21:29 25 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
245 0

Joriy yilning 24-oktyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Prezidentning “Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yana-da kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, shuningdek, eksport faoliyatini ragʻbatlantirish va eksportchilarni amaliy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mavjud boʻlgan va yangi tatbiq etilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni muhokama qilishga bagʻishlangan vebinar boʻlib oʻtdi.

Vebinarda Vazirlik va Eksportni ragʻbatlantirish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbariyati, 2000 dan ortiq tadbirkorlar va eksportchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov tadbirni ochar ekan: “COVID-19 pandemiyasi oqibatlari keltirib chiqargan global iqtisodiy inqiroz sharoitida eksport faoliyatini yana-da ragʻbatlantirish davlat uchun eng muhim ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda. Aynan shuning uchun biz vazirlik amalga oshirishni boshlagan Prezident Farmonining qabul qilinishini eksportchilarga yordam berish boʻyicha boshlangan tadbirlarning uygʻun davomi deb bilamiz. Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining tashkil etilishi esa Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimini shakllantirishning yakuniy elementi boʻladi”, deb taʼkidladi.

Vebinar ishtirokchilari tasdiqlangan hujjatda eksportchilar uchun koʻzda tutilgan qoʻshimcha imtiyozlarga alohida qiziqish bildirdilar - eksport qiluvchi korxonalarga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan beriladigan kompensatsiya va kafolatlar shaklidagi yangi preferensiyalar, tijorat banklari tomonidan bir vaqtning oʻzida komissiyalar miqdorining pasayishi bilan beriladigan kreditlar boʻyicha kafolatlarning maksimal miqdorini oshirish, kompensatsiyalar olish jarayonlarini soddalashtirish va eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning boshqa choralari shular jumlasidandir.

Shuningdek, vebinar davomida tadbirkorlar va eksportchilar bilan bevosita ishlashga alohida urgʻu berilayotganligi taʼkidlandi - mamlakatimizda eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tashkil etilib, samarali faoliyat yuritmoqda. Uning asosiy vazifasi eksportchilar chet elda mahsulot ishlab chiqarish va sotishda duch keladigan muammolarni aniqlash va hal qilishga qaratilgan vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari, tijorat banklari va Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatini muvofiqlashtirishdir. Komissiya aʼzolari muntazam ravishda hududlarga safarlar amalga oshirishadi, u yerda tadbirkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish orqali eksport salohiyati oshishiga va eksportga yetkazib berishning koʻpayishiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli masalalar hamda alohida eksport qiluvchi korxonalar masalalari oydinlashadi.

Shuningdek, mamlakatimizning har bir hududida eksportchilarni va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Respublika shtabining boʻlinmalari kechayu-kunduz rejimida ish olib borayotgani, istalgan vaqtda murojaat qabul qilishga, muammoni oʻrganishga va uni hal etish boʻyicha samarali choralarni koʻrishga tayyor ekanliklari taʼkidlandi.

Hukumat komissiyasi va Respublika shtabi ishlarining bugungi kungacha erishgan natijalari oʻrganilgan korxonalar, aniqlangan muammolar va qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisidagi aniq raqamlar tasvirlangan taqdimot shaklida koʻrsatib berildi.

Shuningdek, vebinar davomida Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi raisi M.Umarov soʻzga chiqib, eksport sohasidagi eng dolzarb muammolar va ushbu muammolarni hal qilish boʻyicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Eksportni ragʻbatlantirish agentligi bilan samarali hamkorlik qilish toʻgʻrisida gapirdi. Shuningdek, u qabul qilingan Farmonning afzalliklarini tadbirkorlar nuqtayi nazaridan bayon qilib, hujjatning alohida bandlari toʻgʻrisida batafsil tushunchalar berdi.

Vebinar doirasida savol-javob sessiyasi ham tashkil etildi va uning davomida tadbirkorlar tashqi savdo faoliyati va eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari bilan bogʻliq boʻlgan hamda oʻzlarini qiziqtirgan masalalar boʻyicha batafsil maʼlumot va maslahatlar olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

“Bugungi tadbir shuni koʻrsatdiki, bevosita tadbirkorlik subyektlari bilan jonli muloqot ularga davlat tomonidan olib borilayotgan ishlarning mohiyatini tez va toʻliq yetkazish imkoniyatini beradi. Axir, bizning vazirligimiz biznesni qoʻllab-quvvatlash va davlat hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha har bir ishi oxir-oqibat makroiqtisodiy barqarorlikka hissa qoʻshishi va barcha fuqarolarga foyda keltirishi kerak. Tezlik va samaradorlik bu yerda juda muhimdir, shuning uchun biz asosiy auditoriyalar bilan oʻzaro aloqaning ushbu formatini rivojlantirish niyatidamiz ”, - dedi A. Voitov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?