Investitsiya va boshqaruv kompaniyalarini tashkil qilish amaliyoti kengaytiriladi

12:11 26 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
895 0

Illyustrativ foto

Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.

Farmonga muvofiq, investorlar, ayniqsa xorijiy investorlarning investitsiya hissalarini tezkor va samarali jalb etish maqsadida investitsiya va boshqaruv kompaniyalarini tashkil qilish amaliyoti kengaytiriladi.

Farmonda belgilanganidek:

investitsiya kompaniyasi boshqaruv kompaniyasi tomonidan keyinchalik innovatsion va boshqa istiqbolli loyihalarga kiritish uchun malakali investorlarning jalb etilgan mablagʻlarini shakllantirish va jamlash bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti hisoblanadi;

boshqaruv kompaniyasi investitsiya kompaniyasining investitsiya hissasini ular oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqaradigan tijorat tashkiloti hisoblanadi;

venchur fondi jamlangan pul mablagʻlarini faqatgina yuqori xavfli venchur loyihalariga investitsiya qilish uchun moʻljallangan, boshqaruv kompaniyasi boshqaruvidagi investitsiya kompaniyasi hisoblanadi;

milliy valyutada va/yoki Markaziy bankning hissa kiritilgan kundagi kursi boʻyicha xorijiy valyutada 500 million soʻmdan kam boʻlmagan miqdordagi investitsiya kiritgan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy shaxslar malakali investorlar hisoblanadi.

Boshqaruv va investitsiya kompaniyalari, agar qonun hujjatlarida boshqa holat nazarda tutilgan boʻlmasa, har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi mumkin.

Farmon bilan quyidagilar belgilandi:

investitsiya va boshqaruv kompaniyalarining faoliyati litsenziyalanmaydi;

boshqaruv kompaniyasi oʻzining taʼsis hujjati va qonun hujjatlari bilan belgilangan tarkibda va tartibda ichki audit xizmatini tashkil etishga majbur;

investitsiya kompaniyalari, boshqaruv kompaniyalari va malakali investorlar oʻrtasidagi munosabatlar faqatgina shartlari ular tomonidan mustaqil ravishda belgilanishi, shu jumladan birgalikdagi faoliyat jarayonida paydo boʻladigan nizolarni hal qilish shakli va usullarini tanlash erkin boʻlgan shartnoma asosida tartibga solinadi;

investitsiya kompaniyalari zayomlar, shu jumladan garov taʼminoti bilan yoki garov taʼminotisiz foizsiz zayomlar berish huquqiga ega;

investitsiya kompaniyasi har yili tashqi audit oʻtkazilishini tashkil etishga majbur;

investitsiya va boshqaruv kompaniyalarining faoliyatini monitoring qilish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

2022 yil 1 yanvargacha tashkil etilgan hamda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan investitsiya va boshqaruv kompaniyalari oʻz faoliyatlarini belgilangan tartibda davom ettirishlari mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?