Investitsiya — taraqqiyotning muhim omili

10:51 01 May 2018 Iqtisodiyot
428 0
Foto: stroyobzor.ua

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorliklar, tadbirkorlikning ravnaq topishi, yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani, yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor, aholi uchun arzon uy-joylar qurilayotgani — bularning barchasi odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Shularga mos holda turli davlatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy jabhalardagi hamkorlikning mustahkamlanayotgani ham jahon hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘layotir.

Davlatimiz rahbari shu yilning 16-17 fevral kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida investorlarni jalb qilish, yirik loyihalarni amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlari -yaratish hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi. Shu maqsadda viloyatimiz delegatsiyasi Janubiy Koreya va Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi. Mamlakatimizning har ikkala davlatdagi elchixonalari hamkorligida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdik, muzokaralar olib bordik. Jumladan, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri o‘rinbosari Shim Je Chol, Inchxon shahri vitse-meri Cho Drngam, Pxochxon shahri meri Kim Jong Chon boshchiligidagi rasmiy doira vakillari bilan uchrashuvlarda Buxoroga Koreya investorlari guruhlarining tashrifini tashkil etish, viloyatga investitsiyalar kiritish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Delegatsiyamiz Seul, Inchxon hamda Pxochxon shaharlarida bo‘lib, sanoat hududlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari faoliyatini o‘rgandi. Xususan, Inchxon erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bizda katta taassurot qoldirdi. Ushbu hududda 15 yil davomida yirik ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, turarjoylar, dam olish maskanlari va milliy parklar hamda mehmonxonalar barpo qilingan. Natijada 250 mingta ish o‘rni yaratilgan. Bu yerda 2023 yilgacha ish o‘rnini 500 mingtaga yetkazish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotgani, ayniqsa, e’tiborlidir.

Mazkur tajriba va boshqarish tizimini “o‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasiga tatbiq etish foydali bo‘lur edi. Shuni nazarda tutib, bu ishga Janubiy koreyalik mutaxassislarni jalb etish yuzasidan hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldik.

“Yerae Cs limited” kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan uyushmaga a’zo qator korxonalardagi ish jarayoni bilan ham tanishdik. Bu korxonalarda metall konstruksiyalar, plyonka, issiq hamda sovuqdan saqlash pardalari, ventilyatsiya, dvigatellar va plastik quvurlar ishlab chiqariladi. Uyushmadagi muzokaralar ham samarali kechdi. Joriy yilda 14,4 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali viloyatimizda issiqxonalar, shu jumladan, gidroponika usulidagi issiqxonalarni barpo etish uchun zarur metall konstruksiyalar, tomchilatib sug‘orish, isitish hamda sovitish jihozlari, plyonkalar va boshqa asbob-uskunalarni ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish yuzasidan bir fikrga kelindi.

Inchxon shahridagi “Korea medical foundation Sangwon Clinic Himchan” klinikasi — yirik shifo maskanlaridan biri. Uning mamlakat bo‘yicha 8 ta kasalxonasi bor. Bu yerda 2 ming nafardan ziyod malakali tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Biz shu muassasa bilan Buxoroda zamonaviy klinika barpo qilish yuzasidan shartnoma imzoladik. Unga ko‘ra, 6 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etiladi. Loyiha shu yilning oxiriga qadar amalga oshiriladi.

Safar davomida, shuningdek, Pxochxon shahridagi “Myung Sung Placon Ltd.” kompaniyasi faoliyati atroflicha o‘rganildi. Bu korxona O‘zbekistonda 400 gektardan ziyod maydonda issiqxona barpo qilgan. Metall konstruksiyalar, plyonka, quvur hamda boshqa jihozlar ishlab chiqaruvchi ushbu kompaniya bilan ham kelishuvga erishildi. U Buxoroda o‘z mahsulotlarini tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.

Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan safarimiz ham samarali kechdi. Avvalo, Xenan provinsiyasi hukumati vitse-gubernatori Xe Dzinpin bilan uchrashdik. Shu hududdagi bir qator yirik kompaniyalar faoliyati o‘rganildi. Jumladan, “Henan Wanbang Preferred Supply Chain Management Co. Ltd” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan bog‘lar, tabiiy issiqlik asosida faoliyat ko‘rsatadigan oddiy va yuqori texnologiyali issiqxonalar, ularda yetishtirilgan mahsulotlarni tayyorlash hamda sotish bo‘yicha tashkil qilingan logistik markazlar faoliyati diqqatimizni tortdi. Mazkur kompaniya bilan 5 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish orqali Peshku tumanida zamonaviy bog‘lar va issiqxonalar bunyod etish yuzasidan kelishib olindi.

“Henan Suda Electric Vehicle Technology CO. Ltd” kompaniyasi bilan esa viloyatimizda mehmonxona, turistlar dam olish maskanlarini barpo qilish, Peshku tumanida muqobil energiya olish uskunalarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga oid memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, kompaniya tomonidan shu maqsadlarga 10 million AQSh dollari miqdorida investitsiya yo‘naltiriladi.

“Xin Yuanxin Agriculture Technology CO. Ltd” kompaniyasi bilan Kogon tumanida gidroponika usulida hamda aholi xonadonlarida (uy mehnatini tashkil etish orqali) qo‘ziqorin yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha 2,5 million AQSh dollari miqdoridagi loyihani amalga oshirish yuzasidan bitim imzolandi.

“Xinge home textile” kompaniyasi istagiga ko‘ra, “Buxoro brilliant silk” bilan qo‘shma korxona tashkil qilinadigan bo‘ldi. Bunda xitoylik hamkorlar 27 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritib, ilg‘or bo‘yash texnologiyalarini ishga tushirishadi. “Yushuo Green house LLC” kompaniyasi esa Buxorodagi “Agrotreyd” hamda “Buxoro ipak yo‘li Grand turizm” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari bilan hamkorlikda Peshku tumanida dastlab 15 gektar maydonda zamonaviy issiqxona, jumladan, gidroponika usulidagi issiqxona barpo etadigan bo‘ldi.

Xitoyning “Fortuna LLC” va Buxorodagi “Aholi trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan esa 10 gektar yerda zamonaviy issiqxona va issiqxona xo‘jaligi uchun jihozlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyiha amalga oshiriladi.

Safar davomida Xenan provinsiyasida o‘zaro hamkorlikda biznes forumi o‘tkazildi. Unda viloyatimizga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati, mavjud resurs, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan qulaylik hamda imtiyozlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi, o‘ndan ziyod yirik kompaniyalar vakillari bilan yuzma-yuz muloqot uyushtirildi.

Delegatsiyamiz a’zolari safar davomida obodonlashtirish, qurilish ishlari, infratuzilma ob’ektlari faoliyati, ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ularni viloyatda qo‘llash bo‘yicha o‘zimizga aniq vazifalarni belgilab oldik. Ichki resurslarimizdan ko‘plab sohalarda foydalanish imkoniyatlari mavjudligiga ishonch hosil qildik.

Umuman, har ikki davlatdagi muzokaralar yakuniga ko‘ra, Koreya Respublikasining O‘zbe-kistonga investitsiya kiritish istagini bildirgan 60 dan ortiq kompaniyalari va Xitoyning 50 dan ziyod biznes sohasi vakillari viloyatimizga kelishlarini -bildirishgandi. Yaqinda Janubiy koreyalik va xitoylik bir guruh tadbirkorlar viloyatimizga tashrif buyurishdi. O‘zaro hamkorlik yuzasidan amaliy harakatlar boshlab yuborildi.

Prezidentimiz ko‘rsatmalariga muvofiq, respublikamiz viloyatlari hamda xorijiy -davlatlarning provinsiya va shaharlari bilan birinchi marta amalga oshirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashish, muzokaralar olib borish, shartnomalar tuzish, tajriba almashish hamda investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha memorandumlar imzolashga muvaffaq bo‘lganimiz, -albatta, o‘zining amaliy natijasini beradi.

O‘ktam BARNOYEV,
Buxoro viloyati hokimi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?