Investitsiya — iqtisodiyotning yuragi

16:25 13 Fevral 2019 Jamiyat
126 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya muhitini rivojlantirish borasida tegishli huquqiy asoslar yaratilgan boʻlib, kafolat va imtiyozlarni oʻzida aks ettiruvchi bir qancha meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Ularda xususiy mulkning davlat tomonidan himoyalanishi va raqobat muhitiga sharoit hamda zarur investitsiyaviy infratuzilmaning yaratilishini nazarda tutuvchi normalar belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, mamlakatimizda hukm surayotgan siyosiy barqarorlik hamda boy tabiiy mineral resurslarning mavjudligi investitsiya muhitini rivojlantirish uchun imkoniyatlar eshigini keng ochadi. Biroq zamon bilan hamnafas ravishda taraqqiy etish uchun bularning oʻzi kifoya qilmaydi. Chunki shiddat bilan rivojlanayotgan dunyo hamjamiyati reytinglarida munosib oʻrinlarni egallash uchun yangi zamonaviy gʻoyalarni oʻylab topish zarurati yuzaga kelmoqda. Xorij investitsiyalarini keng miqyosda jalb qilish — iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash, yuqori texnologik raqobatdosh tarmoqlarni yaratish, ilgʻor xorij texnologiyalari, nou-xau va boshqaruv tajribalarini tatbiq etish imkonini beradi.

Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda aksariyat jabhalarga xorij investitsiyasini kiritish hamda iqtisodiyotning rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻtgan va joriy yilga berilgan nomlar ham aynan ivestitsiya muhitini rivojlantirish bilan bogʻliq ekanligi fikrimizni isbotlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlis deputatlariga yoʻllagan murojaatnomasida ushbu masalaga alohida urgʻu berildi. Jumladan, oʻtgan yilda Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom va Osiyo taraqqiyot banklari, boshqa xalqaro moliya institutlari bilan olib borilgan hamkorlik natijalariga koʻra, mamlakatimizda investitsiyalar hajmi 8,5 milliard dollarni tashkil etgani, shuningdek, chet el investitsiyalari hisobidan 23 milliard dollarni tashkil etuvchi 456 ta loyiha amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Prezidentimiz ushbu koʻrsatkichlarga ahamiyat qaratar ekan, keng miqyosli investitsiyalar yurtimiz iqtisodiyotini mustahkamlovchi omil boʻlishini alohida taʼkidlab, shunday dedi: “Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan boʻlsa, oʻz iqtisodiyotining barqaror oʻsishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya — bu iqtisodiyot drayveri, oʻzbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi”.

Haqiqatan ham, iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etishga erishish koʻplab sohalar, tarmoqlar hamda hududlarga yangi texnologiyalar, ilgʻor tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib kelishi va tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga ulkan poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda investitsiya muhiti barqarorligini taʼminlashda umumiqtisodiy, meʼyoriy-huquqiy, ekologik shart-sharoitlar, moliyalashtirishning bozor mexanizmlari, axborot taʼminoti va boshqalar muhim oʻrin tutadi. Shuningdek, xorijiy investorlar mamlakat iqtisodiyotiga mablagʻ kiritishida investitsiyaviy muhitning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini, yaʼni xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi hamda chiqib ketishi, inflyatsiya darajasi, yalpi ichki mahsulotning oʻsishini, isteʼmol va jamgʻarma nisbati, foiz stavkalari darajasi hamda xorijiy investitsiyalarning oʻzlashtirilishi kabilarni hisobga oladi. Qolaversa, investorlar mamlakatning malakali kadrlar zaxirasi, bank-moliya xizmatlari sifati, monetar va fiskal siyosat darajalarini ham eʼtiborda tutadi.

Mamlakatimiz rahbarining murojaatnomasida “Jahon tajribasini puxta oʻrganib, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, monetar siyosatni takomillashtirish va narx-navo barqarorligini taʼminlash konsepsiyasini ishlab chiqishimiz zarur”, degan gʻoya ilgari surildi.

Demak, tegishli xavf-xatarlarni baholash hamda ularni bartaraf etish asosida chet el investitsiyalari kirib kelishiga qulayliklar yaratish bugunning dolzarb masalasidir. Chunki xorijlik investorlar mamlakatning investitsiya muhiti, uning xavfsizligi, siyosiy, iqtisodiy xavf-xatarlar darajasi va ularning sugʻurtalanishi, investitsiyalash maqsadlariga muvofiqligi, iqtisodiyotning, umuman, barcha sharoitlarning boshqalarga nisbatan qulayligi nuqtai nazaridan baholaydilar. Mamlakatga xos xavf-xatar darajasi (qarzlar masalasi, import va eksport balansi, hukumatning barqarorligi hamda boshqalar), mahalliy sharoitning boshqa mamlakatlardan koʻra ustun jihatlari yetakchi oʻrinda turadi.

Xulosa oʻrnida aytganda, investorlar, korxonalar, tashkilotlar tomonidan mamlakatga ulkan investitsiya loyihalarining kiritilishi natijasida yurtimizda koʻplab yangi ish oʻrinlari vujudga keladi. Shu bilan birga, zamonaviy bilimlarni oʻrganish imkoniyati, umuman, davlatimizning intellektual salohiyatini yanada oshirish uchun yetarli darajada sharoit yaratiladi. Oʻz oʻrnida, bunday imkoniyatlar xalq farovonligi, mamlakat taraqqiyot garovi hisoblanadi. Prezidentimiz taʼkidlanganidek, “Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson millati, tili va dinidan qatʼi nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi boʻlib yashashi – bizning bosh maqsadimizdir”.

Samira YAKUBOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tayanch doktoranti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?