Internet tezligi bo‘yicha dunyo mamlakatlari reytingida O‘zbekiston so‘nggi o‘rinlardan birida

10:48 31 Iyul 2018 Jamiyat
529 0
Illyustrativ foto

Britaniyaning Cable portali keng polosali internet tezligi bo‘yicha dunyo mamlakatlari reytingini tuzib chiqdi.

Unda Cable mutaxassislari 12 oy davomida 200ta mamlakat bo‘yicha to‘plagan ma’lumotlari joy olgan. Bunda, mamlakatda mavjud bo‘lgan internetning o‘rtacha tezligida HD sifatli va 5Gb o‘lchamga ega videoni yuklab olishga qancha vaqt sarflanishi hisoblab ko‘rilgan.

Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Singapur egalladi. Bu mamlakatda internet tezligi sekundiga 60 megabitni tashkil qilgan. 5 Gb o‘lchamga ega faylni yuklab olish uchun Singapurda 11 daqiqa vaqt talab qilingan.

Reytingda ikkinchi va uchinchi o‘rinni Shvetsiya va Daniya egalladi. Bu mamlakatlarda internet tezligi mos ravishda 46 va 43 Mb/s.ni tashkil qiladi.

Sobiq ittifoq mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni Latviya qayd etgan — 28 Mb/s. Boltiqbo‘yi davlati mazkur dunyo reytingida 13-o‘rinda ko‘rsatib o‘tilgan.

Reytingda O‘zbekiston 184-pog‘onadan joy olgan. Unda mamlakatimizdagi internet tezligi o‘rtacha 1,02 Mb/s.ni tashkil etishi qayd qilingan. Misol tariqasida, HD sifatdagi va 5Gb o‘lchamga ega videoni yuklab olish uchun O‘zbekistonda 11 soatdan ortiq vaqt sarflanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Taqqoslaydigan bo‘lsak, reytingda Rossiya 47-o‘rinni (13 Mb/s) band etgan bo‘lsa, Qozog‘iston 95-o‘rinni (4,4 Mb/s), Qirg‘iziston 163-o‘rinni (1,52 Mb/s) egallab turishibdi. Faqatgina Tojikiston (188-o‘rinda, 0,94 Mb/s) va Turkmaniston (198-o‘rinda, 0,56 Mb/s) O‘zbekistondan pastroq o‘rinlarda joylashgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?