Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

16:57 08 Fevral 2019 Hujjatlar
571 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, uning raqobatbardoshligini taʼminlash, faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan sharoitlarni yaratish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, huquqni qoʻllash amaliyotining oʻtkazilgan tahlili shuni koʻrsatdiki, intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga barham berish boʻyicha ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi, davlat xizmatlari koʻrsatish tizimining samarasizligi, idoralararo mustahkam hamkorlikning mavjud emasligi, intellektual mulk sohasida malakali kadrlarning yetishmasligi, shuningdek, patent bojlari va toʻlovlarining yuqori darajada ekanligi ushbu sohani rivojlantirishga salbiy taʼsir etmoqda.

Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va ushbu sohadagi umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni implementatsiya qilish sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga oʻtkazilsin va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) etib qayta nomlansin.

Belgilansinki:

Agentlik, shu jumladan, Intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv markazi mavjud shtat birliklari va moddiy-texnik bazasi bilan toʻliq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda oʻtkaziladi;

Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari – direktor boshchilik qiladi;

Agentlik direktorining oʻrinbosarlari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

3. 2019 yil 1 martdan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomalar topshirilgandan soʻng, Agentlik bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;

ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilar yoki ularning vakillari talabnomalar eʼlon qilingandan soʻng Agentlikka roʻyxatdan oʻtkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma eʼtirozlarini taqdim etishlari mumkin;

tovar belgisiga va xizmat koʻrsatish belgisiga doir mutloq huquq, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi (keyingi oʻrinlarda – tovar belgisi) oʻsha kunning oʻzida tovar belgisi haqidagi maʼlumotlarni Agentlikning rasmiy veb-saytida majburiy tarzda joylashtirgan holda Tovar belgilari davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab vujudga keladi;

tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi Oʻzbekiston Respublikasi hududida soʻnggi uch yil mobaynida uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek, jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan avval toʻliq yoki qisman tugatilishi mumkin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalarni faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2019 yil 1 iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlar loyihalarini kiritsin.

5. Intellektual mulkning samarali himoyasini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. Belgilab qoʻyilsinki, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab patent vakillari har besh yilda kamida bir marta keyinchalik attestatsiyadan oʻtkazilgan holda intellektual mulk sohasida oʻz malakalarini oshirishlari lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda ilgʻor taʼlim standartlari va texnologiyalari hamda Toshkent davlat yuridik universitetining oʻquv va ilmiy salohiyatidan foydalangan holda intellektual mulk sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 maydagi “Byudjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5446-son Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga “xufiyona iqtisodiyot” shakllanishi holatlarini aniqlash, yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qoʻyish funksiyalari yuklangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda:

2019 yil 1 iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan hammaga maʼlum tovar belgilarining nohalol roʻyxatdan oʻtkazilishini aniqlash nuqtai nazaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha tovar belgilarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomalarni bekor qilish choralarini koʻrsin;

intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrsin.

8. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar quyidagilarni taʼminlovchi intellektual mulk obyektlarining yagona va doimiy yangilanib boradigan integratsiyalashgan maʼlumotlar bazasini ishlab chiqsin va joriy etsin:

huquqiy himoya olgan va undan mahrum boʻlgan intellektual mulk obyektlarini real vaqt rejimida kuzatib borish;

intellektual mulk obyektlari huquqiy himoya olgan va undan mahrum boʻlganda ularni avtomatik ravishda tegishlicha Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish va chiqarish;

intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini, shu jumladan, Mulk huquqini himoya qilish xalqaro indeksimezonlarini inobatga olgan holda taʼminlashning zamonaviy baholash va tahlil qilish tizimini joriy etish boʻyicha Kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2019 yil 1 iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020 yil 1 yanvardan boshlab intellektual mulk sohasidagi integratsiya jarayonini inobatga olgan holda patent bojlari va toʻlovlarini, shuningdek, norezidentlardan tovar belgisi va sanoat namunasining huquqiy muhofazasini berish uchun undiriladigan individual boj stavkalarini bosqichma-bosqich kamaytirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki

oy muddatda Agentlikning faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish, shu jumladan, uning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritsin;

manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin, shuningdek, oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K.Davletov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 8 fevral


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?