Integratsiyalashgan faoliyat tibbiy xizmat sifatiga qay darajada taʼsir koʻrsatadi?

14:03 11 Oktyabr 2018 Jamiyat
88 0
Illyustrativ foto

Qishloq vrachlik punktlari, oilaviy va koʻp tarmoqli poliklinikalarda aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilyaptimi? Ularda dori vositalari va tibbiy buyumlar taʼminoti qanday?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan joriy yil oʻtgan davri davomida joylarda ushbu holat atroflicha oʻrganib chiqildi.

Qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan davra suhbatida mazkur oʻrganish jarayonida alohida eʼtibor qaratilgan masalalar — birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarining tez tibbiy yordam va statsionar yordam koʻrsatish muassasalari bilan oʻzaro integratsiyasini taʼminlash borasida olib borilayotgan tashkiliy va amaliy saʼy-harakatlar atroflicha tahlil qilindi, mavjud muammo hamda kamchiliklar ochiq-oydin aytib oʻtildi.

Tadbirda joylardagi oʻrganishlarga koʻra, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining oʻzaro integratsiyasi yoʻlga qoʻyilgani, ammo bu bugungi davr talabi uchun yetarli emasligi taʼkidlandi.

Koʻrilgan tumanlar QVP, qishloq oilaviy poliklinikalari, tuman va shahar koʻp tarmoqli poliklinikalaridan viloyat muassasalariga davolash, tekshiruv, nazoratga olish boʻyicha yoʻllanma-almashinuv varaqalari joriy qilingan, biroq bu amaliyotga toʻliq tatbiq etilmagan. Masalan, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumani markaziy shifoxonasida davolanayotgan bemorlarning yoki tugʻuruqqa kelgan bemorlarning 10 — 12 foizi qoʻshni tumanlar aholisi hissasiga toʻgʻri keladi. Surxondaryo viloyatining Denov tumani markaziy shifoxonasidagi bemorlarning koʻpi Uzun va Oltinsoy tumanlaridan kelib davolanayotgani kuzatildi. Shuningdek, Buxoro viloyatining Peshku tumani markaziy shifoxonasi bolalar boʻlimida muolaja olayotgan bemorlarning barchasi yoʻllanmasiz yotqizilgan.

Deputatlarning qayd etishicha, aholi salomatligini saqlash va mustahkamlash, nogironlik hamda barvaqt oʻlimning oldini olishda, kasalliklarni erta aniqlash, vaqtida davolash, ularni dispanser nazoratiga olib, reabilitatsiya qilish va profilaktik sogʻlomlashtirish choralarini muntazam amalga oshirish muhim hisoblanadi. Aholiga tibbiy xizmat uchun qulayliklar yaratish, bunda sogʻliqni saqlash tizimi barcha boʻgʻinining faoliyati integratsiyasi taʼminlanishi katta ahamiyat kasb etadi.

Shundan kelib chiqib, davra suhbatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining, xususan, QVP, poliklinika, tez tibbiy yordam va tumandagi statsionar muassasalarning oʻzaro integratsiyasini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Xususan, fuqarolar, eng avvalo, QVP va oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishi, ushbu muassasalardagi umumiy amaliyot shifokori (UASH) yoki tor soha mutaxassislari tomonidan bemorning tibbiy holatidan kelib chiqib, koʻp tarmoqli tuman poliklinikasiga yuborilishi, ushbu muassasa tor soha mutaxassisi tomonidan ambulator davolanish uchun maslahat berilib, hududiy QOP yoki QVPga qaytarilishi yoki statsionar davolanish uchun yoʻllanma berilishi zarur. Tez tibbiy yordam koʻrsatib, uyida qoldirilgan fuqarolar toʻgʻrisida tegishli poliklinika yoki QVPga muntazam ravishda axborot berib borilishi esa bemorlar uchun qulaylik yaratish bilan birga, statsionar shifo oʻrinlaridan samarali foydalanish, bemorlar salomatligini doimiy nazorat qilib borish imkonini kengaytiradi.

Qizgʻin bahs-munozara ruhida oʻtgan davra suhbatida ambulator-poliklinika, tez tibbiy yordam, tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi va statsionar muassasalari faoliyatini oʻzaro integratsiyalashgan holda olib borishning muhim jihatlari xususida soʻz yuritildi. Bu borada amaliyotda uchrayotgan muammo va kamchiliklar tahlil etilib, ularning yechimiga doir takliflar ilgari surildi. Yakunda qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?