Inspeksion-koʻrik majmuasi foydalanishga topshirildi

18:37 19 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
535 0

Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE” Istam Ibrohimov/Buxoro. Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Xoʻjadavlat” chegara bojxona postida temir yoʻl vagonlarini skaner qiluvchi inspeksion-koʻrik majmuasining ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Mazkur boshqarma jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhi rahbari Durdona Qayumovaning muxbirimizga bildirishicha, Olot tumani hududidan oʻtuvchi “Xoʻjadavlat — Farab” yoʻnalishining 4061-kilometri 5-piket temir yoʻl kesimida oʻrnatilgan ushbu majmua Xitoy Xalq Respublikasining grant mablagʻi evaziga xarid qilingan. U yurtimiz sarhadlari orqali oʻtadigan katta hajmdagi transport vositalarini bir necha soniya ichida toʻliq skanerlash imkonini beradi. Pirovardida ish samaradorligi ortib, bojxona koʻrigi uchun sarflanadigan vaqt sezilarli darajada qisqaradi.

Qurilma yordamida konteyner ichidagi tovarlar deklaratsiyada koʻrsatilganiga mosligini aniqlash, kontrabanda ashyolari bor-yoʻqligini tekshirish mumkin. U bojxona tartiblarini soddalashtirish, eksport hamda import amaliyotini tezlashtirishga ham xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?