Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng oliy mezonidir 

16:26 24 Iyul 2018 Jamiyat
405 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Inson hayotda hamisha baxtli yashasam, deydi. Turmushining farovon bo‘lishini, orzu-niyatlarining ushalishini istaydi, hech kimdan kam bo‘lmaslikka intiladi. Zotan, uning bunga to‘la haqqi bor. Umr odamga bir marta beriladi.

O‘z uy-joyiga ega bo‘lish — har bir insonning o‘zini baxtli his qilishi, to‘kin yashashi, ezgu istaklarini ro‘yobga chiqarishida muhim omillardan biri. Boshimizni pana qiladigan, turli xavf-xatarlardan xoli, xotirjam yashashga imkon beradigan uyimiz bo‘lsa, ko‘nglimiz to‘q bo‘ladi, kelajakka ishonch bilan qaraymiz, katta maqsadlarni dilga tugib, bunyodkorlikka, yaratuvchanlikka intilib yashaymiz.

Biroq sayyoramiz aholisi muntazam o‘sib, har qarich yerning ahamiyati tobora oshib borayotgan bugungi zamonda odamlarning bir mo‘jaz boshpana sohibiga aylanishi, to‘g‘risi, oson emas. Buning uchun aholi daromadlarini oshirish, kishilarni uy-joy bilan ta’minlashga doir istiqbolli dasturlarni hayotga tatbiq etish, ko‘chmas mulklarni sotib olish uchun turli qulaylik va imtiyozlar yaratish lozim.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda bu boradagi barcha masalalar qamrab olingan yaxlit tizimga asos solingani va uning xalqimiz turmush tarzi, orzu-istaklariga hamohang ekanini nafaqat yurtdoshlarimiz, balki jahon ahli ko‘rib-bilib turibdi, natijalarini yuksak e’tirof etmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 oktyabrdagi “2017 — 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi, 22 noyabrdagi “2017 — 2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ushbu tizimning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatlarga ko‘ra, yurtimizning barcha hududida aholining real ehtiyojlari hisobga olingan holda, arzon uy-joylar qurilmoqda. Qishloqlarda bunyod etilayotgan xo‘jalik inshootlari va obod hovlilari bo‘lgan ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali hamda aholi zich joylashgan tumanlarda zaruriy imoratlari bilan birga maydoni ikki sotixlik yer uchastkalarida bir qavatli 2 va 3 xonali, to‘rt sotix yer uchastkalarida ikki qavatli 4 xonali hovlilar, shuningdek, shaharlarda 5, 7, 9 qavatli ko‘p kvartirali uylar yurtdoshlarimizning xarid qobiliyati, milliy mentaliteti va yashash sharoitlariga mos. O‘tgan yilning o‘zida qishloqlarda 15 mingta, shaharlarda 7919 xonadonni o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli 191 ana shunday uy-joylar qurilib, o‘z egalariga topshirilgani ularning xalqimizga naqadar ma’qul kelayotganini ko‘rsatadi.

Joriy yilda qishloqlarda 25 mingdan ortiq, shaharlarda esa qariyb 17 ming xonadonni qamragan 411 ko‘p kvartirali ana shunday arzon uy-joylar bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ularda qurilish ishlarining borishi, sifatli materiallardan foydalanilishi, zamonaviy me’morlik me’yorlariga amal qilinishi tegishli davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qat’iy nazorat qilib borilmoqda. Axir ko‘rkam loyiha asosida barpo etilgan, poydevori mustahkam, pishiq g‘ishtdan ko‘tarilgan, tomi metall yoki keramik tomyopqich bilan yopilgan uy nafaqat shinam bo‘ladi, balki bir necha avlodga xizmat qiladi.

Prezidentimiz tashabbusi asosida olib borilayotgan bu boradagi ishlarning yana bir ahamiyatli tomoni bu uy-joylarning muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari bilan birgalikda bunyod etilayotganidir. Yangi massivlarda qurilayotgan avtomobil yo‘llari, suv, gaz va elektr tarmoqlari, qad rostlayotgan maktablar, bolalar bog‘chalari, qishloq vrachlik punktlari, savdo shoxobchalari, sport inshootlari aholining qulay shart-sharoitlarda yashashi uchun kompleks tizimni hosil qilmoqda.

Qozonni suvdan oling
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning yanvar — iyun oylari davomida mamlakatimizda 21 588,8 mlrd. so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 109,7 foizni tashkil etgan. Bunyod qilingan jami inshootlarning asosiy qismi, ya’ni 78,2 foizi yashash uchun mo‘ljallangan turarjoy binolaridir.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi tufayli ko‘plab davlatlarning beli bukilib, qator ijtimoiy dasturlardan voz kechishga majbur bo‘layotgan, ayniqsa, uy-joy qurilishi keskin qisqarayotgan bir paytda Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda bunyodkorlik ishlari ko‘lami tobora kengaytirilayotgani zamirida mamlakat taraqqiyoti va hayot farovonligini oshirishga qaratilgan yana ko‘plab ezgu muddaolar yotibdi.

Jumladan, bu boradagi ishlar aholining o‘tkir ijtimoiy muammolarini hal etib qolmay, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, qurilish materiallari, konstruksiyalar, yog‘och pol, deraza panjaralari, tomyopqich va boshqa materiallar

ishlab chiqaradigan o‘nlab korxonalar, ixtisoslashtirilgan pudratchi qurilish tashkilotlarining rivojlanishiga, shaharu qishloqlarning yangicha tarovatga, ko‘rkam qiyofaga ega bo‘lishiga xizmat qilyapti.

Eng muhimi, bunday qurilish, obodonchilik ishlari, avvalo, ko‘ngillarni obod etyapti. Axir uy-joy solib, ta’mirlab, unga ko‘chib kirgungacha bo‘lgan mashaqqatlardan qutilgan odamlarning, qishlog‘ining shahar tusini olayotganidan mahalladoshlarning bahridili ochilmasligi mumkinmi?!

Qarshi tumanidagi “Nukrobod” qishloq fuqarolar yig‘inining Yakkayog‘och massivida yashovchi Alisher Ahmedov yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan arzon uy-joylardan birining sohibi bo‘lganidan naqadar mamnun ekanini ta’kidlaydi.

— Uy qurish xamirdan qil sug‘urgandek bitadigan ish emas, — deydi u. — Avvalo, yer uchastkasi ajratish, keyin esa qurilishga ruxsat olish uchun, to‘g‘risini aytish kerak, ba’zan haftalab, oylab turli idoralar eshigida “sarg‘ayish”ga to‘g‘ri keladi. Shundan so‘ng quruvchi va ustalar topish, ularga ish haqi, munosib sharoit hozirlash, non-choy berish... Bu yoqda esa goh sement, goh qum, goh yog‘och-taxta, g‘isht va shifer, goh eshik-deraza, bo‘yoq va pardozlash materiallaridan tortib, arzimasday tuyuladigan oddiy mix yetishmovchiligi, bu ashyolarni qidirib topish va qurilish joyigacha tashib keltirish xarajatlari... Bunday ovoragarchiliklar uncha-muncha odamning tinkasini quritadi. Biz kabi Davlat byudjeti mablag‘lari asosida moliyalashtiriladigan tashkilot oylik maoshi hisobiga kun kechiradigan oilalarni-ku, aytmay qo‘yaqolay. Bir uy qurib, uni ta’mirlab, namunali yashash sharoitiga ega bo‘lgunimizcha hatto butun umr qozonni suvga tashlab qo‘yishimizga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan tizim esa minglab odamlarning bu boradagi mashaqqatlarini aritdi, ishlagan, yaxshi niyatlarni ko‘zlab ozgina harakat qilgan oila uchun uy-joy xarid qilish imkoniyatini yaratdi. Jarayonda xaridor o‘z uyining qurilishida faqat mablag‘ bilan ishtirok etadi. Masalan, qishloq joylardagi 2, 3 xonali arzon uy-joylar narxining atigi 10 foizi miqdoridagi boshlang‘ich badal pulini to‘lagach, u tashkilotdan bu tashkilotga chopmaydi, uni izlab, buni izlab sarson ham bo‘lmaydi — qurilish jarayonini nazorat qilib boradi, xolos.

Davlatimiz rahbarining shu yil 18 iyuldagi qarori bilan 2018 yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarining amalga oshirilish mexanizmlari yanada takomillashtirildi. Ushbu hujjatga muvofiq, talabgorga “Qishloq qurilish bank” ATB, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Ipoteka bank” ATIB, Xalq banki ATB, “Asaka” ATB va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB uch yillik imtiyozli davr hamda dastlabki besh yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliya-lashtirish stavkasi miqdorida ipoteka

kreditlari ajratiladi. To‘lovlarning birdaniga emas, balki 20 yil davomida asta-sekin to‘lanishi yurtdoshlarimizga, ayniqsa, katta imtiyoz va yengilliklar beradi. Qisqa qilib aytganda, bunday uy-joylardan birining egasiga aylangach, unda har qanday oila qozonni suvdan olib, bemalol, bamaylixotir yashashi mumkin.

Uyi borning o‘yi yo‘q
Jahon amaliyotida aholi uchun turarjoy binolarini, asosan, xususiy qurilish tashkilotlari barpo etadi, xususiy banklar moliyalashtiradi. Tabiiyki, bu obyektlarning narxini mazkur muassasalarning o‘zlari belgilaydi. Marhamat etib, ular aytgan summani to‘lab qo‘yganingizdan yoki kreditga olayotgan bo‘lsangiz, shunga doir shartnomaga imzo chekkaningizdan so‘nggina uy-joyga egalik qilishingiz mumkin.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Bozor iqtisodiyoti qonunlari va huquqiy demokratik tamoyillarga asoslangan bu jarayon mamlakatimizda ham mavjud. Ammo qani endi hammaning ham uylarni bozor shartlari va narxlarida sotib olishga qurbi yetsa. Afsuski, besh qo‘l barobar emas. Kimdir toparmon-tutarmon, kimdir esa buning aksi. Xo‘sh, nima qilmoq lozim? Katalakdek hovlida 10 — 15 jon birgalikda umrguzaronlik qilayotganlar, necha yillarki, ijarama-ijara yurib, sarson bo‘layotganlar hayot zavqini surmay yashab o‘tib ketaverishi kerakmi?

Prezidentimiz 2017 yil 3 fevral kuni Sergeli tumanida bunyod etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar bilan tanisharkan, yechimi dolzarb bu savollarga alohida to‘xtalib, shunday javob berdi: “Asosiy maqsadimiz odamlarga qulaylik yaratish, ularning turmush farovonligini yuksaltirish. Shuning uchun mazkur uy-joylar taqsimotida adolat mezoniga qat’iy rioya etilishi kerak. Shunda xalqimizning kayfiyati yaxshi, hayotdan rozi bo‘ladi. Ertangi kunga ishonchi ortadi”. O‘sha yilning 24 fevralida davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga safari chog‘ida ham Qarshi tumanidagi ana shunday bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirar ekan, mazkur masalani yana bir bor o‘rtaga tashlab, “O‘z uy-joyiga ega bo‘lish har bir inson hayotida qanchalik muhim ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Xalqimiz uyi borning o‘yi yo‘q, deb bekorga aytmagan. Buning chuqur ma’nosi bor. Shunday ekan, bunday uy-joylar taqsimotida xalqimizga xos haqiqat va adolat mezonlariga qat’iy rioya etilishi kerak”, deb ta’kidladi.

Demak, arzon uy-joylar, avvalo, muhtoj oilalarning og‘irini yengil qilish maqsadida qurilmoqda. Afsuski, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning tub mohiyatini to‘la tushunib yetmagan, xalq manfaatlaridan ko‘ra o‘z jig‘ildonini ko‘proq o‘ylagan ba’zi mansabdorlar tomonidan bu boradagi tartib va mezonlarning buzilishi holatlari ham kuzatildi. Ya’ni bu ishga mas’ul fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) rahbarlari haqiqiy uyga muhtoj bo‘lganlarga emas, o‘ziga to‘q, uy-joyi yetarli kishilarga ham tavsiyanoma bergan.

Shu bois, 2018 yil 9 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Ariza beruvchi — uy quruvchining 2017 —2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘inlarining bu sohadagi faoliyati to‘xtatilib, fuqarolarga arzon uy-joylardan birini olish bo‘yicha tegishli tavsiyanoma va xulosa tuman hokimligi huzurida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan taqdim etiladigan bo‘ldi. 

Nizomga ko‘ra, boshqa oila bilan bir uyda (bir kvartirada) birgalikda yashovchi, ko‘p bolali oilalar, farzandlarini bir o‘zi tarbiyalayotgan onalar yoki otalar, daromadi yuqori bo‘lmagan xonadon sohiblari (bir oydagi jami daromadi har bir oila a’zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan), tarkibida birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oila, uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kv. metrdan kam bo‘lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv. metrdan kam bo‘lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq bo‘lmagan oilalar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj hisoblanadi.

Maxsus komissiya talabgorlar hujjatlarini atroflicha o‘rganmoqda. Natijada kimlarga birinchi navbatda uy beriladi, degan masalaga odilona javob topilyapti. Jumladan, talabgorlardan biri ijarada yashaydi, ikkinchisi boquvchisini yo‘qotgan, uchinchisi esa ham ijarada istiqomat qiladi, ham boquvchisini yo‘qotgan, ham oila a’zolaridan biri nogironligi bor shaxs yoki dardman va alohida xonada parvarishga muhtoj. Bunday holatda, albatta, uchinchi da’vogarning talabi qondirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, arzon uy-joylar taqsimotida adolat tomoyillarining ustuvorligiga alohida e’tibor qaratilayotganligi mamlakatimizda demokratik davlat, insonparvar jamiyat qurishda katta qadamlar tashlanayotgani ifodasidir. Zotan, adolat bor joyda inson manfaatlari ustun, ijtimoiy-ma’naviy muhit sog‘lom, tinchlik-hamjihatlik barqaror bo‘ladi. Taraqqiyot olg‘a ildamlaydi.

Hayotdan rozilik va mamnunlik saodati
Prezidentimiz shu yilning 29 iyun kuni poytaxtimizning Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida Kar-soqovlar madaniyat markazida bo‘lib, imkoniyati cheklangan yoshlar bilan suhbatlashgani hamda shaxmat bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinov, taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati sovrindori Davron Xidirov, yosh rejissyor Oleg Oshipkovga Toshkent shahridan uy sovg‘a qilgani ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda, davralarda qizg‘in muhokama qilindi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Ularda “Insonparvarlikning oliy namunasi bu!”, “Ba’zan e’tibordan chetda qoladigan insonlarga umr bo‘yi eslab yuriladigan katta sovg‘a bo‘ldi”, “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka’ba vayron o‘lsa, obod aylagay”, deb yozgan bobomiz Alisher Navoiy. Yurtboshimiz Ka’bani obod aylaganlik savobiga ega bo‘ldilar”, degan samimiy va haqqoniy fikrlar yangradi...

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan jismoniy imkoniyati cheklanganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlarga hech qanday to‘lovlarsiz yoki imtiyozli shartlar asosida turarjoylar ajratilayotgani Prezidentimiz tomonidan aholini uy bilan ta’minlashga qaratilgan ezgu ishlarda yana bir o‘ziga xos jihatdir. Bu shu yurtda yashayotgan insonlarga yuksak hurmat-ehtirom, saxovat, mehr-muhabbat namunasi ham. Bunday g‘amxo‘rlik ko‘ngil kemtikligini to‘ldiradi, ruhga quvvat beradi, hayotni qadrlashga undaydi.

Zero, umr — buyuk ne’mat. Modomiki, u o‘tkinchi ekan, ro‘shnolikda yashashni keyinga surib bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak”.

Yurtboshimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ham mana shu ezgu fikrning hayotiy ro‘yobida muhim hujjat bo‘ldi. Unga muvofiq, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga imtiyozli arzon uy-joylar berilmoqda.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolda bo‘lgan xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muborak Asrorovaning qayd etishicha, shu yilning o‘tgan davri mobaynida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan mingdan ortiq ayollar boshlang‘ich badal to‘lovlarisiz uy-joy bilan ta’minlangan. Yana 5300 dan ortig‘iga imtiyozli shartlarda uy olish uchun tavsiyanomalar berilgan.

Bunday yuksak himmat va g‘amxo‘rlik taqdirning og‘riqli zarbalaridan xira tortgan yuzlarga nur bag‘ishladi, alamli ko‘z yoshlarini quvonch injulariga aylantirdi.

Nurotalik Zuhra Egamova — ana shunday qismatni boshdan kechirgan hamyurtlarimizdan biri. Imtiyozli shartlarda uy-joy ajratilgani uning umr daftarida tom ma’noda yangi sahifa ochdi. U mamnuniyat hislarini o‘z maktubida quyidagicha ifodalaydi:

“Inson dunyoga kelib, bir olam orzular bilan ulg‘ayadi. Ayniqsa, qiz bolaning orzu osmonlari keng. Binobarin, men ham bo‘y yetib, dilda pokiza niyatlar bilan oila qurdim. Afsuski, taqdir har doim ham istaklarimizga xayrixoh bo‘lavermas ekan. Yigirma yil avval ilakishgan dard, oxir-oqibat o‘zgalar ko‘magiga mubtalo etdi. Ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qoldim. Qizim tetapoya bo‘lgan, o‘g‘lim qo‘limda edi. Oilamiz buzilib, ota uyimga qaytdim.

1997 yildan boshlab ota-onam, ukamning oilasi — uch ro‘zg‘or bir hovlida istiqomat qildik. Ming shukr, ukam ham, kelinim ham bu hovlida omonat ekanimizni biror marta yuzimizga solgan emas. Biroq umrim o‘tib borayotgani, farzandlarim ulg‘ayib qolganini eslasam, yuragim ortga tortib ketardi. Uyli-joyli oilalar, ayniqsa, tengqurlarimni ko‘rib, havas qilardim. Nafaqam dori-darmon, bolalarimning yeb-ichishi va kiyim-kechagidan ortmagach, to‘g‘risi, bu dunyoda o‘z uy-joyimga ega bo‘lish nasib etmagan ekan, degan xulosaga kelgan edim.

Hovli sathi ikki sotixlik, uch xonali uyning kalitini tutqazishganda zimistondan birdan yorug‘likka chiqqandek bo‘ldim. Quvonchdan ko‘zlarimga yosh keldi. Yurtboshimizning g‘amxo‘rligini qarangki, uyning boshlang‘ich badalini to‘lash bilan birga, qolgan qismini yopishda qiynalmasligimizni o‘ylab, tikuv mashinasi ham sovg‘a qilibdi.

Prezidentimizning tuhfasi hayotimda yangi sahifa ochib berdi, deb hisoblayman. Nasib etsa, endi shu hovlida qiz chiqarib, o‘g‘il uylantiraman, to‘ylar qilaman. Nabira suyib, mehmon chaqiraman. Ha, orzularim yana bir olam. Davlatimiz rahbari menga uy bilan birga armonga aylanayozgan orzu-havaslarimni ham qaytarib berdi. Yashashga ishtiyoqimni kuchaytirdi”.

...Gulistonlik Iroda Nishonboyeva kelin bo‘lib “oltin ostona”ga emas, ijara xonadonga qadam bosdi. Shunday bo‘lsa-da, u o‘zini baxtli his etdi. Nega desangiz, o‘n sakkizga to‘lganida boshiga tushgan ko‘rgulik — paxta tozalash zavodida ishlab chiqarish jarohati olib, bir oyog‘idan ajragan bo‘lsa-da, endi uning yonida to‘rt muchasi sog‘lom yigit, uni sevib-ardoqlovchi, hayot yo‘lidagi tayanchi Yorbek bor edi. Aytishlaricha, ularning turmush qurishlariga ikkalalarining ham ota-onalari qarshi turishgan. Lekin Yorbek qat’iy fikridan qaytmagan: “Agar bu qiz o‘zi kabi nogiron inson bilan oila qursa, battar qiyinchilikka duch kelmaydimi?” Bu gaplarga mana oz emas, sakkiz yil o‘tdi. Hozir qo‘ltiqtayoqda yuradigan Irodaga odamlar achinish bilan emas, aksincha havas bilan qaraydi. Binobarin, bu yosh oilaning endi o‘z uyi, ro‘zg‘orni but qilish uchun mashg‘uloti, ikki nafar jajji qizi bor.

— Rosti, yangi uyning kalitini qo‘limga olganimda xayolimdan “Tushimmi yo o‘ngimmi?” degan fikr o‘tdi, — deydi Iroda. — Chunki dalalarda, ijara xonadonlarda yashab yurganimizda tushimga o‘z uyimizga ega bo‘lganimiz ham kirib turardi-da. Qarangki, Prezidentimizning biz, nogironligi bor shaxslarga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori ana shu tushlarimizni qisqa muddatda o‘ngga aylantirdi. O‘tgan yili menga tikuv mashinasi topshirishdi, buyurtmani ham, unga pul to‘laydigan tashkilotni ham aniq belgilab berishdi. “Ham ishli, ham imtiyozli ravishda uyli bo‘lasiz”, deyishdi. O‘zim bolaligimdan tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Ana shu ko‘nikmam faoliyatimda juda asqatdi. Aytilganidek, tez orada va’da qilingan uyga ham ega bo‘ldik. Yaqinda ro‘zg‘ordan orttirgan mablag‘imizga yana bitta zamonaviy tikuv dastgohi sotib oldik. Shuningdek, quyon boqishni yo‘lga qo‘ydik, yana parranda uchun joy hozirlayapmiz. Ko‘chib kirganimizga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, yangi uyning ostonasi gulzorga aylangan. Hovlida mevali daraxtlar, sabzavot ekinlari barq urib o‘smoqda. Xuddi qalblarimizdagi ezgu orzular kabi. Tobora yuksalayotgan maqsadlar singari!

Darhaqiqat, uy-joy shunchaki boshpana emas, u insonning ko‘nglidagi ma’naviy qo‘rg‘oni hamdir. Ushbu qo‘rg‘oni but insonlarning oilasi mustahkam bo‘ladi, ishiga baraka inadi. Ular o‘zlarini shu jamiyatning bir a’zosi sifatida his qilib, yashayotgan joyida chuqur ildiz otishga, qo‘ni-qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga, hayotda o‘z o‘rnini topishga intiladilar. Saodatli yashamoqning mohiyati ham shu aslida. Prezidentimiz aholini uy-joy bilan ta’minlash borasidagi islohotlarni izchil davom ettirishga harakat qilayotgani, soha mutasaddilarini ham bu ishga katta mas’uliyat va kuyinchaklik bilan yondashishga undayotgani zamirida har bir yurtdoshimizni ana shunday baxtli-saodatli ko‘rish, “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan ezgu da’vatni qalblarga teran singdirish, hayot tarzimizga aylantirishdek ulug‘ maqsadlar mujassamdir.
Dilshod KARIMOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?