Insonlarga ruhiy madad bo‘lgan satrlar

12:33 09 May 2018 Jamiyat
327 0
Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millat vakillaridan 14 nafar ota-onasiz qolgan bolani o‘z tarbiyasiga olgan Shomahmudovlarga o‘rnatilgan haykalning o‘z o‘rniga qaytarilishi tarixiy adolatning qayta tiklanishidir. Bu xalqimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. O‘zbek millatining bag‘rikenglik, insonparvarlik, bolajonlik xislatlarining yorqin ifodasini o‘zida mujassam etgan ushbu yodgorlikning tarixiy, ma’naviy-axloqiy va tarbiyaviy qimmati beqiyos.

Zero, og‘ir damlarda oddiy temirchi oilasining ko‘rsatgan jasorati millionlab kishilarni ezgu ishlarga undagan, qalblarda mehr-oqibat chiroqlarini yoqqan. Ko‘plab shoiru yozuvchilarga ilhom bergan. 

Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ta’kidlab o‘tilganidek, “Urush boshlanishi bilan front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan, “Sen yetim emassan” deb o‘z bag‘riga olgani xalqimizning naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak ma’naviyatini yaqqol namoyon etdi”. O‘sha kezlari o‘zbek onalari ko‘pdan-ko‘p turli millat o‘g‘il-qizlarini o‘z qanotlari ostiga olib, ularni ham farzandlari qatori yuvib-taradilar, tarbiyaladilar. Ana shunday bolalardan o‘n to‘rt nafarini o‘z qaramog‘iga olgan Shomahmudovlar oilasining dovrug‘i esa butun mamlakatga yoyildi.

Akademik-shoir o‘afur o‘ulom har safar Toshkent vokzaliga chiqib evakuatsiya qilinayotgan bolalarni xalq bilan birga kutib olganini, bu voqealardan juda ta’sirlanganini va ushbu hayajonlarning natijasi o‘laroq “Sen yetim emassan” she’ri yaratilganini uning rafiqasi Muharram aya o‘ulomova hikoya qilib berganlar:

“1941 yilning kuz oylarida front ichkarisidan keksalar, ota-onasiz qolgan bolalar Toshkentga vagon-vagon keltirila boshlandi. Bolalar keladigan kunlari o‘afur aka, albatta, vokzalga chiqardilar. U yerda yetim, murg‘ak, nimjon bolalarning ahvolini ko‘rib, qattiq iztirobga tushar, yuraklari ezilib ketganidan bir necha bolani o‘z tarbiyalariga ham olmoqchi bo‘lganlar. 1941 yilning iyul oyida Yashar ismli 5 yoshli o‘g‘limiz vafot etgan edi. o‘afur akaga o‘g‘ildek bo‘lib qolgan o‘n yetti yoshli Jo‘raxon ismli ukam urushga ketib, halok bo‘lgandi. Ikkita o‘g‘illaridan ketma-ket ajralish ularga qattiq ta’sir qilgandi. O‘zlari ota-onadan yosh yetim qolganlari, uchta singlisini ota o‘rnida ota bo‘lib tarbiya qilishda moddiy-ma’naviy ezilganlari sababli yetimlikning og‘ir fojiasi o‘afur o‘ulomning yuragida o‘chmas iz qoldirgandi. Yetim bolalarning ayanchli ahvoli ko‘ngillarini pora-pora qilib yuborar, ayniqsa, vokzaldan qaytganlaridan so‘ng osoyishtaligini yo‘qotib, bezovta bo‘lib yurardilar. 

Biz o‘sha vaqtlarda poytaxtimizning Qorasaroy ko‘chasidagi 52-uyda yashardik. Bir kuni qarasam, kutubxona-uyning chirog‘i yoqilgan, o‘afur aka she’r yozmoqdalar. Sekingina salom berib, ichkariga kirdim. U kishi shunchalik hayajonlanib ketganlaridan hatto eshik ochilganini ham, salom berganimni ham sezmadilar. Astagina tepalariga yaqinlashdim. Qo‘llarida she’r bitilgan qog‘oz bilan menga qaradilar. She’rni asta o‘qiy boshladim, lekin she’rni oxirigacha o‘qiy olmay, yig‘lab yubordim. Chunki bitilgan satrlar kishini yig‘latmasdan qo‘ymasdi. “Sen yetim emassan” she’ri shu tariqa yozila boshlagan edi. She’rni 7 dekabrda yozib tugatganlar, biroq uni nashrga berishga shoshilmadilar. Negadir ko‘ngillari to‘lmayotgan edi. She’rni bir necha marta qayta ishladilar. Yanvar oyining oxirlarida gazeta tahririyatiga olib bordilar. She’r 1942 yilning 1 fevralida “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bosilib chiqdi”.

Ko‘p o‘tmay ushbu she’r Svetlana Somova tarjimasida rus tilida nashr qilindi. O‘zbek xalqining bag‘rikengligiyu insonparvarligi, bolajonligiyu mehribonligini o‘zida aks ettirgan mazkur she’r tez orada janggohlarda qo‘lma-qo‘l bo‘lib tarqalib ketdi. “O‘zbek xalqi farzandlarimizga mehribonlik ko‘rsatib, o‘z bag‘riga olayotgan ekan”, degan yupanch dushmanga qarshi jangga kirayotgan insonlarga ruhiy kuch, madad bo‘ldi. 

Lutfulla ILHOMJONOV,
G‘afur G‘ulom uy-muzeyi
ilmiy xodimi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?