Insoniyatni koronavirusdan tashqari yana qanday inqiroz kutmoqda?

11:05 17 May 2020 Dunyo
277 0

Foto: Reuters

Covid-19 pandemiyasi butun dunyoni oʻz zabtiga olishi bilan boshqa bir qator xalqaro masalalar kun tartibidan tushib qoldi. Ular haqida BBC manbasi oʻz tahlilini taqdim etdi.

“Buni tushunish mumkin, chunki pandemiya dunyo miqyosida hozirga qadar 300 mingga yaqin insonning oʻlimiga, davlatlar iqtisodining esa keskin qisqarishiga olib keldi, — deb yozadi ushbu manba — Ikkinchi tomondan, koronavirus inqirozi turfa jamiyatlarning hayot tarzi va oʻzaro munosabatlariga doir savollarni ham yuzaga chiqardi.

Bu asnoda baʼzi xalqaro inqirozlar chetga surib qoʻyildi. Ammo biz koʻrmaganga olsak-da, bu inqirozlar orqa planda kattalashib bormoqda. Ulardan ayrimlariga qarshi kurashish uchun kech qolgan boʻlishimiz ham mumkin.

Ayrim hukumatlar esa, Covid-19 pandemiyasini qulay fursat sifatida bilib, uzoq vaqtdan buyon oʻylab kelayotgan, ammo jamoatchilikning munosabatidan qoʻrqib, jurʼat etmay kelayotgan rejalarini ham amalga oshirishni boshlab yubordi.

Kelayotgan haftalar va oylarda kuzatib borishimiz kerak boʻlgan 5 inqiroz:

Yangi sovuq urush boshlanadimi?

AQSH va Rossiya bir-biriga tahdid qilish maqsadida ishlatib kelgan uzoq masofaga uchuvchi yadroviy raketalarni cheklovchi “Strategik qurollarni kamaytirish bitimi“ 2021-fevralida nihoyasiga yetadi.

Bitimni yangilash uchun olib borilishi kerak boʻlgan muzokaralarga vaqt borgan sayin kam qolmoqda.

Ushbu bitim 45 yilga yaqin davom etgan sovuq urush davridan bugunga qadar amal qilib kelayotgan oxirgi qurol-yarogʻ bitimidir.

Bu bitim boʻlmasa, yangi yadroviy qurollanish poygasi boshlanib ketishiga doir jiddiy xavotirlar bor.

Shu kecha-kunduzda tezligi ovoz tezligidan bir necha barobar yuqori boʻlgan gipersonik raketalar ustidagi ishlar davom etmoqda.

Rossiya bu bitimni yangilashga ragʻbat bildirayotgandek. Rasmiyatchiliklarga qaralsa, bitimni yangilash juda oson.

Faqat Tramp maʼmuriyati bitimning hozirgi koʻrinishda yangilanishini istamaydi. AQSH bitimga Xitoyni ham qoʻshishni istaydi.

Ammo Xitoy qoʻshilmoqchi emas. Muddat tugashiga bir yildan kam vaqt qolgani nazarda tutilsa, uning yangi shakli ustida ishlashga kech.

Bunday sharoitda, agar Vashington oʻz talabida qattiq turib olsa yoki noyabr oyidagi AQSH prezidentlik saylovlarida Tramp emas, boshqa odam saylanadigan boʻlsa va yangi prezident eski bitimni qoʻllamasa, unda “Yangi davr“ deb atalgan bitim tarixga aylanishi mumkin.

Qoʻrqinchli Tehron

Tramp maʼmuriyatining Eron bilan P5+1 davlatlari orasida imzolangan yadroviy kelishuvdan chiqishi ortidan boshlangan inqiroz chuqurlashib bormoqda.

Hozirda BMT embargosi bois bir qator davlatlar Tehronga qurol-yarogʻ sotolmaydi.

Ammo Eron bilan yadroviy kelishuvni dastaklagan Birlashgan Millatlar qaroriga koʻra, ushbu embargo muddati joriy yilning 18-oktyabrida tugaydi.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy AQSH embargoni davom ettirish talabini qoʻyadigan boʻlsa, buning “juda katta oqibatlari“ boʻlishi haqida ogohlantirdi. 

Ammo BMT Xavfsizlik Kengashi aʼzosi boʻlgan Rossiyaning Eronga qarshi embargoga veto qoʻyishi ehtimoli katta.

Bu holatda Trampning yadroviy kelishuv bilan bir vaqtda yengillatilgan Eronga qarshi iqtisodiy embargoni yangidan kuchaytirish va yana ham qattiqlashtirish talabini ilgari surishi, buning uchun Yevropa davlatlariga bosim oʻtkazishi kutiladi.

AQSH yadroviy bitimdan chiqqanidan buyon Tehronga bosimlarni kuchaytirib keladi.

Eron ham javob tariqasida kelishuvning baʼzi bandlarini bajarishdan bosh tortdi.

Hozirda Tramp maʼmuriyati, garchi AQSH kelishuvdan chiqqan boʻlsa-da, Erondan uning barcha shartlarini bajarishni talab qilmoqda. Bajarmagani taqdirda yangi jazo choralarini qoʻllamoqchi.

AQSH va Eron oʻrtasidagi aloqalar yana-da keskinlasharkan, AQSH bilan Yevropadagi ittifoqchilar oʻrtasidagi masalalar ham kattalashib borishi mumkin.

Eronga qarshi jazo choralari Tehronning mintaqadagi siyosatini oʻzgartira olmagani kabi, Tehronning oʻzi dastaklayotgan guruhlarga qurol sotishini ham cheklolmadi.

Isroilning Gʻarbiy Sohilni anneksiya qilish qarori

Isroilning har saylovlarda kun tartibiga chiqadigan Gʻarbiy Sohilni qoʻshib olish qarori Benyamin Netanyahu koalitsion hukumat bilan qudratni boʻlishgani bois bir muddat kun tartibidan olinganga oʻxshab koʻrinayotgandi.

Ammo Netanyahu, aftidan, oʻziga qarshi korrupsiya daʼvolaridan diqqatni chalgʻitish uchun hali ham Gʻarbiy Sohilning ayrim boʻlaklarini butunlay Isroilga qoʻshib olish rejasini ilgari surmoqda.

Gʻarbiy Sohil qoʻshib olinsa, Falastin va Isroil oʻrtasidagi mojaroni yechishning yagona umidi deb koʻrilgan “ikki davlat yechimi“ barbod boʻladi, degani.

Falastin hozirdanoq bu ehtimolni koʻzga olgan holda, baʼzi Yevropa davlatlari bilan Isroilga qarshi jazo choralari qoʻllash yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

Har doim boʻlgani kabi, bu yerda ham Tramp maʼmuriyatining mavqeyi hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Netanyahu Gʻarbiy Sohilni bosib olish qarorida Donald Trampning avvalgi qarorlaridan ilhomlanganiga shubha yoʻq.

Tramp Isroilning Gʻoʻlon tepaliklarini anneksiya qilish va Quddusni poytaxt deb eʼlon qilish qarorlarini maʼqullagandi. U AQSH elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga oʻtkazgan.

Brexit: Muammolar yoʻqolmadi

Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini anglatuvchi Breksit iborasini koʻpchiligimiz unutib ham yubordik.

Ammo soat millari toʻxtagani yoʻq. Britaniyaning YEIdan chiqishi uchun berilgan oʻtish davri muddati 31-dekabrda nihoyasiga yetadi.

Ikki oʻrtadagi munosabatlarning kelajagi borasidagi muzokaralar mavhumlik ichida boshlagandi. Bu mavhumlik hali ham davom etmoqda. Ammo Bosh vazir Jonson hozirga qadar oʻtish davrini uzaytirish yoki YEIdan chiqishni kechiktirish haqida gapirgani yoʻq.

Ammo koronavirus pandemiyasi Breksit bilan bogʻliq barcha tasavvurlarni oʻzgartirib yubordi.

Chunki pandemiya bilan birgalikda Breksit juda chuqur iqtisodiy inqirozga yoʻl ochishi kutiladi. Bu inqirozdan chiqish uchun bir necha yillar kerak boʻlish mumkin.

Hozir Britaniya ham, YEI ham koronavirusga qarshi kurash bilan ovora. Bu kurashda Britaniya YEI davlatlaridan yaxshiroq namuna koʻrsata olgani yoʻq.

Ittifoqdan chiqish koronavirus oqibatlari bilan bir boʻlib, Britaniyani qiyin ahvolda qoldirishi mumkin.

Bu kabi bir sharoitda Amerika yoki Xitoydan qanchalik dastak kutish mumkin? Bularning hammasi muzokaralarning yoʻnalishini oʻzgartirib yuborishi mumkin.

Asl global muammo — iqlim oʻzgarishi

Koronavirusga qarshi jahon miqyosida qoʻyilgan qadamlar hozircha bir chekkada kutib turgan va eng murakkab global muammo boʻlgan iqlim oʻzgarishi masalasida oʻrnak boʻlishi mumkin.

Ikkinchi tomondan, pandemiya sabab ayrim davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar yana-da yomonlashdi. Bu oʻz navbatida, koronavirusdan soʻng iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashni yana-da qiyinlashtirish mumkin.

Bu kurashni toʻxtagan joyidan davom ettirish, jumladan, BMT shafeligidagi anjumanlarni oʻtkazish haqiqatga yaqin koʻrinmayapti. Hozirning oʻzida bu yilga rejalangan ayrim tadbirlar kelasi yilga qoldirildi.

Ammo jahon jamoatchiligining bu masaladagi yondashuvi oʻzgardimi? Asosiy savol shu.

Jamiyatlar iqlim oʻzgarishiga qarshi yana-da tezroq choralar koʻrilishi kerak, deb ishonmoqdami?

Buni koronavirusdan keyin koʻramiz".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?