Insoniylik shartlari. Alisher Navoiy bu haqda nima deydi?

14:13 17 Sentyabr 2018 Madaniyat
512 0
Illyustrativ foto

Bobokalonimiz Alisher Navoiy oʻzining butun hayotini inson baxtu saodati, jamiyat farovonligi va yurt osoyishtaligi uchun baxshida etdi.

U qoʻliga qalam olar ekan, insoniylik sharafi hamda masʼuliyati haqida soʻz yuritdi. Navoiyning fikricha, barqaror davlat va namunali jamiyatni qurishda mukammal axloq, ilm egasi boʻlgan yoshlarning oʻrni beqiyos. Shuning uchun u oʻz zamonasining ilmga, hunarga intiluvchan yoshlarini nihoyatda ardoqlar edi.

Shoir “Hayrat ul-abror”da Badiuzzamon Mirzoga, “Farhod va Shirin” dostonida Shoh Gʻarib Mirzoga, “Layli va Majnun” dostonida Sulton Masʼud Mirzoga nasihatlar qiladi. Yaʼni, “Xamsa”da ana shu shahzodalarning badiiy timsollarini yaratdi. Farhod, Farrux, Axiy, Qays, yosh Iskandar obrazlari Navoiy mehr qoʻygan temuriy shahzodalarning badiiy tasvirlari edi. “Munshaot” asarida Navoiyning Sulton Husayn Boyqaro valiahd shahzoda Badiuzzamon Mirzoga davlat ishlarini yuritish sohasidagi maslahat va nasihatlari aks etgan maktublar joylashtirilgan.

Navoiy tasviridagi Shirin ham har jihatdan goʻzal inson. Uning maʼnaviy dunyosi va uni oʻrab turgan muhit Farhodga mos, goʻzal va yuksak darajada. Shoir bu ikki badiiy timsol misolida ham oʻz davri uchun, ham oʻzidan keyingi barcha davrlar uchun ibrat boʻla oladigan komil insonlar tasvirini yaratdi. Allomaning fikricha, bu insonlarni ilm kamolot darajasiga yetkazgan. Farhodning yoshligi haqida soʻzlar ekan, shoir uning ilmga boʻlgan ishtiyoqini olqishlab:
Oʻqub oʻtmas, uqib oʻtmak shiori,
Qolib yodida safha-safha bori,

deydi.

U “Hayrat ul-abror”da “ilm” soʻzidagi harflarni quyosh, oy, kunduz, deya sharhlaydi. Shoirning nazarida ilmning bor-yoʻgʻi yorugʻlikdan iborat. Ilm jaholat tunini yoritadi.

Insoniylikning shartlaridan biri ilm boʻlsa, biri ishqqa sadoqat deyiladi:
Yorki bor, anda vafo bordir,
Umr degin, yori vafodordir.

Shoir bu tushunchani juda keng ifodalaydi. Uning nazdida ishq insonlarga, kasb-korga, ota-onaga, doʻstga nisbatan boʻlishi mumkin. Ammo, uning asli, mohiyati poklik boʻlmogʻi lozim:
Oshiq ani bilki, erur darnok,
Ham tili, ham koʻzi-yu ham koʻngli pok.

Qisqasi, shoir asarlari har jihatdan gʻoyalar xazinasidir. Unda komil inson siymosi zukko oʻquvchi koʻz oʻngida gavdalanib turadi.
Dilorom SALOHIY,
Samarqand davlat universiteti professori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?