Insonga taʼzim qil, Moʻynoq!

05:15 28 Fevral 2019 Jamiyat
416 0

Illyustrativ foto

Gavjum sohil. Sevikli yorini kutgani yoki kuzatgani chiqqan kelinchaklar nigohi oq yelkanli kemalarga qadalgan. Qoʻllarini havoda tinimsiz silkitayotgan juvonlarning hayqirigʻu chaqiriqlari dengizning behalovat toʻlqinlari sasi bilan uygʻunlashib ketmoqda.

Bunday manzaralarni kinofilmlarda koʻp koʻrganmiz. Orol sohillari ilgari shunday sershovqin edi. Bir paytlar bu yerdan momolar oʻgʻillarini urushga kuzatgan, onalar kemalar ortidan minora machtasi ufqqa tutashib, koʻrinmay ketgunicha koʻzyosh bilan termilib qolgan… Bu sohillardan baliq oviga chiqqan er yigitlar bilan xayr-xoʻshlashgan opa-singillarimizning oppoq roʻmollari yaqin-yaqinlargacha oq bayroq kabi hilpirab turardi.

Orolqumdan koʻtarilayotgan ofat

“Maqsadimiz — kommunizm qurish, keyin, albatta, baxtli boʻlamiz” degan mazmundagi insholar yozganimiz esimda. Aslida esa, “kommunizmda tuz, kerosin, gugurt, kirsovun tekin boʻlarmish” deyishdan boshqasini bilmasdik. Orolboʻyida ham baliqchidan tortib chorvadoru dehqongacha shu tushuncha bilan ulgʻaydi, yashadi.

Biroq daryolar tortilib, dengiz chekinayotgani oʻtgan asrning 70-yillarida maʼlum boʻla boshladi. Oʻshanda ham bundan faqat tor doiradagi mutasaddiyu mutaxassislar xabardor edi. Saksoninchi yillarga kelib esa buni ommadan sir tutishning imkoni qolmadi. Sababi dengiz sohilidan juda jadallik bilan 15 — 20 kilometrgacha ortga chekingandi. Uning oʻrnida paydo boʻlgan sahroni esa 1987-yildan “Orolqum” deya atay boshladik.

Bugun-chi? Ulkan dengiz avvalgi qirgʻogʻidan 100 kilometr narida! Tubida hosil boʻlgan Orolqum maydoni esa 5,5 million gektardan iborat! Masalan, 1964-yili Oroldagi suv hajmi 1083 km. kubdan oshgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib, obihayot miqdori 15 barobar, dengiz sathi esa 29 metr qisqargan. Ayni damda mazkur dengizning bir litr suvi tarkibida 150 — 300 grammgacha tuz mavjud. Taqqoslash uchun misol: okeandagi shoʻr suvda bu koʻrsatkich 18 — 24 grammni tashkil etadi, xolos.

Shu tufayli ham bu yerda ilgari mavjud boʻlgan 38 turdagi baliqlar qirilib ketdi.

Endi fojianing koʻlami va oqibatlarini teranroq anglab yetish uchun quyidagi maʼlumotlarga murojaat qilishning oʻzi kifoya.

Har yili bu yerdan shamol yuz million tonnagacha qum va tuzni koʻtarib, yuzlab kilometrga uchiradi. Bu — tabiiy chang emas, balki oʻtgan asr asoratlari, Oʻrta Osiyodagi paxta yakkahokimligiga asoslangan dehqonchilikning tabiatni, yerni zoʻrlash siyosati oqibatida daryolar, zaxkashlar bilan oqib kelgan gerbitsid, pestitsid singari zahar-zaqqum moddalar bilan qorishgan toʻzon. Olimlarning hisob-kitoblariga koʻra, Qoraqalpogʻiston mintaqasining har gektariga qariyb 5 tonnagacha shunday qum va tuz yogʻilarkan. Xoʻsh, endi Orolboʻyi ahli “zontik” tutib dehqonchilik qiladimi? Olinayotgan nafas-chi? U qanchadan-qancha insonlarni ogʻir xastaliklarga giriftor qilayotganidan koʻz yumib boʻlarkanmi?!

Oʻtgan yilning 27 may sanasini yodga olaylik. Oʻsha kungi chang-toʻzon insonning tabiat oldida ojizligini yana bir bor isbotladi. Orolqumdan koʻtarilgan tuzli boʻron nafaqat Qoraqalpogʻiston mintaqasi va Xorazm vohasi, balki Buxoro, Navoiy viloyatlaridan oʻtib, Samarqandga, hatto qoʻshni Turkmanistonning Dashovuz, Lebab, Qozogʻistonning Qiziloʻrda, Turkiston hududlarigacha borib yetdi. Bundan koʻrinadiki, Orol fojiasi oqibatlari chegara hamda makon bilmaydi va eng yomoni, u butun Oʻrta Osiyo mintaqasi taqdiriga jiddiy xavf solib turibdi.

Shu sababli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq ofatning haqiqiy qiyofasini butun dunyoga oshkor etdi. Ayniqsa, fojia xaritasini koʻrsatib, jahon hamjamiyatiga “Mana, koʻring va xulosa qiling” degan gaplari yuraklarni larzaga soldi. 2018-yil 24-avgust kuni Turkmanboshi shahridagi “Avaza” sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari majlisida ham Yurtboshimiz ushbu global muammoga kuyinchaklik bilan yondashib, fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orolboʻyidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bogʻliq muammolariga yechim topish boʻyicha barcha saʼy-harakatni birlashtirish taklifini bildirdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondini tashkil etish borasidagi tashabbusni ilgari surgani va bu BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanganini taʼkidladi.

Amaliy saʼy-harakatlar esa oʻtgan yil nihoyasida Prezidentning Moʻynoqqa tashrifidan soʻng jadal boshlanib ketdi.

Bulutlardan najot bormi?

Yangi tong otdi. Ertalab ijtimoiy tarmoqlarda “Orolning avvalgi qaddini 7 yilda tiklash mumkin”, degan mazmundagi xabarni oʻqib, koʻzlarimga ishonmadim. Qarang, shunday umidbaxsh loyiha yurtdoshimiz Olimjon Yusupov tomonidan taklif etilib, Innovatsion rivojlanish vazirligida koʻrib chiqilibdi.

Olimjonning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov bilan suhbatini ham diqqat bilan eshitdim. Unda aytilishicha, Oʻzbekistonda Orol dengizini tiklash uchun sunʼiy bulut hosil qilib, yomgʻir yogʻdirish texnologiyasi ishlab chiqilibdi. Ushbu tizim bulutlarni generatsiya qilish va kimyoviy moddalarsiz sunʼiy yomgʻir yogʻdirish imkonini berarkan. Mutaxassislar hisob-kitoblariga qaraganda, shu yoʻl bilan dengizni qayta tiklash uchun 5 — 7 yil kerak boʻlar ekan.

Marra esa yuksak — oʻtgan asrning 60-yillaridagi suv miqdorini qaytarish, Orolboʻyidagi muvozanatni tiklash. Eng muhimi, ushbu texnologiya xorijiy muqobillaridan bir necha barobar arzonga tushar ekan.

Olimjon Yusupovning qayd etishicha, texnik nuqtai nazardan barchasi tayyor. 2019-yil apreldan tajribaviy tizim ishga tushiriladi va Moʻynoq yaqinida joylashtiriladi. Sinov rejimi kutilgan natijani bersa, soʻng uni boshqa hududlarda tatbiq etish masalasi koʻrib chiqiladi.

Dengiz chekinsa ham, inson chekinmaydi

19-yanvar. Yarim oqshom maydalab yogʻa boshlagan qor yiriklashib, chor-atrofni poklikka burkadi. Erinmay tashqariga chiqib, qalinligini oʻlchadim: 15 — 20 santimetrga yetibdi. Demak, bu yil sahro gullaydi, chorva yili boʻladi…

— Toʻxta, — dedim oʻzimga oʻzim, — bir tomoning oqmayotgan daryo, narigi tomoning qaqragan Orol, yana yoqqan qorga quvonishga balo bormi?! “Dengizning qurigan tubiga saksovul ekamiz, Orolqumni oʻrmonzorga aylantiramiz”, deya 2 ming nafardan ziyod kishilar 500 dan ortiq texnikalari bilan harakatga kirishganda, sen qor yoqqaniga mahliyo boʻlib oʻtiribsan! Nukusga yoqqan qor Orolqumga yogʻmaydimi? Bechora yigitlarning shalabbosi chiqqandir? 

Orolqum osmonida anchadan buyon qargʻalaru chagʻalaylardan boʻlak hech narsa uchmagandi. Yangi yil tongi otishi bilan “An-2” samolyotlari havoga koʻtarilib, bu maydonga tepadan saksovul urugʻlarini sepdi. Bir paytlar kunu tun ishlagan, biroq chorak asrdan buyon huvillab yotgan Moʻynoq aeroportiga samolyot qoʻndi.

Dalillarga nazar tashlaymiz: mustaqillik yillarida Orolboʻyidagi saksovulzorlar 400 ming gektardan ortiq maydonni egallagan. Biroq barcha koʻchatlar ham tutib ketgani yoʻq. Endilikda esa Prezidentimiz topshirigʻi bilan 500 ming gektar yerga koʻchat ekilyapti. Oʻnlab haydov va chopiq traktorlari yordamida tortilayotgan ariqlarga 50 santimetr chuqurlikda saksovul qadalmoqda. Bundan kutilayotgan natijalarni tasavvur qilishning oʻzi maroqli. Axir bir-ikki yildan soʻng Orolqum oʻrnida millionlab tup daraxtlar boʻy choʻzsa, qum boʻronlarini toʻsib qolishga qodir “yashil qalqon”lar paydo boʻlsa, qanchadan-qancha muammolarning oldi olinadi-da!

Eng muhimi, Prezidentimiz tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlab, xayrli ishga bosh qoʻshayotganlar ham koʻp. Qarang, beruniylik saxovatpesha fermer Orolga yordam tariqasida saksovul ekayotgan yigitlarga 3 tonna goʻsht yetkazib beribdi. Qoʻngʻirot, Chimboy, Xoʻjayli hokimliklari ham moddiy yordam qoʻlini choʻzibdi. “Moʻynoq — 2019” xayriya jamgʻarmasi tashkil etilganini ham millionlab yurtdoshlarimiz zoʻr mamnuniyat bilan qarshi oldi. Jamgʻarma hisob raqamiga mamlakatimiz aholisi tomonidan milliardlab pul mablagʻlari tushirilgani buning yaqqol tasdigʻidir. Shu maʼnoda, Orolqumni haqiqiy choʻl oʻrmoniga aylantirish tadbiri butun Oʻzbekistonni harakatga keltirgan ulugʻ ish boʻldi, desak, yanglishmaymiz.

Bugina emas. Dengizni asrash boʻyicha tavsiya qilinayotgan yuzlab loyihalardan bir qanchasi allaqachon amaliyotga ham tatbiq etilmoqda. Havzaning chekingan maydonlariga chorvabop ekinlar urugʻini sepish, baliqchilikni urchitish maqsadida mayda koʻllar barpo qilish, hududda urbanizatsiya siyosatini amalga oshirish kabilar shular jumlasidan.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlardagi Orol boʻyicha bildirilayotgan takliflar orasida Orazbay Sobirovning sunʼiy togʻ yaratib, shamollarni toʻsish orqali mahalliy mikroiqlim yaratish taklifi ham qanchalik murakkab ish boʻlmasin, oʻylab koʻrishga arziydi.

Shu oʻrinda oʻzim ham bir taklifni oʻrtaga tashlamoqchiman. Taxiatosh suv omboridan shimoliy hududlarni obihayot bilan taʼminlovchi 4 ta kanal boshlanadi. Biroq havza ishga tushirilganidan buyon qariyb 45 yil oʻtgan boʻlsa-da, u hali biron marta taʼmirlanmagan. Aksincha Amudaryo oqimi orqali kelgan loyqa bilan sayozlanib, hajmi kichrayib qolgan. Agar qish mavsumida bu yerga suv toʻplanib, yilning qolgan 9 oyida toʻrtta kanalning tabiiy oqimi taʼminlansa, shimoliy tumanlarga ichimlik, dehqonchilik va chorva ehtiyojlari uchun yetib ortadigan suv yetkazish mumkin, deb oʻylayman. Rekonstruksiya loyihasi, hisob-kitoblar shu sohaning mutaxassislariga havola. Ana shu bunyodkorlik yangi ish oʻrinlarini yaratib, soʻngra havzada baliqchilikni rivojlantirish va shimoliy hududni moʻtadil oqimdagi suv bilan taʼminlash imkonini berardi.

Olis tumandagi yangi tamaddun

Davlatimiz rahbari oʻtgan yilning 15-noyabrida Moʻynoq tumaniga tashrifi chogʻida ayni dilimizdagi gapni aytdi: “Orol fojiasidan eng koʻp zarar koʻrgan asli shu — Moʻynoq aholisi. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak”.

Tuman istiqboliga oid rejalar bilan tanishar ekanmiz, Moʻynoqqa dengizdan burun yangi tamaddun kirib kelishiga ishonchimiz yanada ortdi. Orolqumda “Moʻynoq siti” quriladi, dastlabki 38 ta koʻp qavatli turarjoyning loyihasi ham tayyor, deyishdi. Ana, urbanizatsiya toʻgʻrisidagi qaror qudrati!

Bundan tashqari, sanoat sohasida 12 ta, qishloq xoʻjaligida 5 ta, xizmat koʻrsatish yoʻnalishida 14 ta loyiha roʻyobga chiqarilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha obyektlarini qurish va taʼmirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan.

Binobarin, tumanda 10 ta xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi, “Yangi Moʻynoq” shaharchasida dasturlashni chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan innovatsion maktab, bolalar musiqa va sanʼat maktabi, yopiq suzish havzasi quriladi. Stadion hamda bolalar va oʻsmirlar sport maktabi binosi rekonstruksiya qilinadi.

Tuman markazidan ajratilgan 10 gektar maydon oʻrnida madaniy dam olish maskani, 2 ming tomoshabinga moʻljallangan amfiteatr, Yoshlar markazlari binolari qad rostlaydi.

Bundan tashqari, turizm ham ravnaq topib, tuman markazida “Hunarmandlar alleyasi” hamda “Baliqchilar qishlogʻi”ni tashkil etish, tuman aeroportini rekonstruksiya qilish belgilangan. Nukus — Moʻynoq — Orol dengizi marshruti boʻyicha samolyot va vertolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Eski kemalar yigʻilgan joyni Kemalar muzeyi zamonaviy majmuasiga aylantirish va mukammal taʼmirlash uchun 3 milliard 800 million soʻm yoʻnaltiriladi.

Orol dengizi qirgʻogʻidagi loydan ohak, qumdan oyna, chigʻanoqlardan sovun ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejasi ham bor ekan. Daryo suvi keladigan joylarda qizilmiya, dengizning shoʻr suvidan artemiya olish, osh tuzi, tomat pastasini tayyorlash sexlari ochiladi.

Allaqachon boshlab yuborilgan amaliy saʼy-harakatlar koʻlami ham keng. Chunonchi, Moʻynoqda “Mustaqillikning 27 yilligi” shaharchasi, “Moʻynoq akva sanoat” DUKning baliqni qayta ishlash konserva zavodi, “Fumei Group” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxonaning qamishdan DSP ishlab chiqarish zavodiga tamal toshi qoʻyilib, qurilish ishlariga kirishilgan.

Aslida, odamlar qalbiga yoʻl topish oson emas. Koʻngil degani baʼzan mehr-la uzatilgan bir piyola choy bilan toʻlsa, gohida bir daryo suvga ham toʻlmasligi mumkin. Dengiz koʻrgan har bir qoraqalpoqning koʻnglida esa oʻz Oroli bor, u doimo bir paytlar toʻlib-toshgan havzasini qoʻmsab turadi…

Shu maʼnoda, Moʻynoq elida umid, kelajakka ishonch uygʻotgan bugungi islohotlar hech kimni befarq qoldirayotgani yoʻq. Insoniyatning tabiatga ayovsiz aralashuvi oqibatida “jabrlangan” mintaqa yana inson aql-idroki, kuchi, mehnati bilan oʻz qaddini tiklay boshlayapti. Bu Orolboʻyiga qoʻyilgan qutlugʻ qadamlar barokati emasmi?!

Oʻrozboy Abdurahmonov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?