Inson vujudidagi turli ma’danlar yetishmasligini bir tola soch orqali ham aniqlash mumkin

14:55 13 Avgust 2018 Jamiyat
323 0
Illyustrativ foto

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga tashrifi chog‘ida qilgan nutqida mamlakatimizning qisqa vaqtda yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishi uchun olimlar oldiga qo‘yilayotgan talablar haqida alohida aytib o‘tdi. Mazkur ma’ruzani soha vakillari qatori men ham diqqat bilan tingladim. Unda ilm-fanda xalqimiz manfaatiga xizmat qiladigan o‘z yo‘limizni topishimiz, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun fanni taraqqiy ettirish lozimligi, shuningdek, ilm ahliga davlat miqyosidagi e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalalari haqida qimmatli fikrlar, dolzarb tashabbuslar bildirildi.

Prezident tomonidan ko‘rsatib berilgan aniq yechimlar hamda olimlar oldiga qo‘yilayotgan talablar meni to‘lqinlantirib yubordi. Darhaqiqat, jamiyat taraqqiyotining asosi bo‘lgan ilm-fan va yangiliklar sohasi ancha vaqtdan buyon nazardan qolib kelayotgan, bir qancha yangiliklar hayotga bevosita tatbiq qilinmay qo‘ygan edi. Yurtboshimiz o‘z nutqida so‘nggi vaqtlarda mazkur jabhaga doir qabul qilingan Farmon va qarorlarning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Asosiy vazifalardan biri, olimlar yaratgan ishlanmalarga mahsulot sifatida qaraladigan, uning xaridori oldindan aniq bo‘ladigan tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi. Yosh avlodning milliy va jahon ilm-fan yutuqlarini o‘rganish hamda o‘zlashtirishga intilishini rag‘batlantirish, o‘quvchilarning fundamental fan asoslarini puxta egallashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilayotgani, maktab yoshidan bo‘lg‘usi olimlarni tayyorlash, ularning innovatsion va novatorlik qobiliyatini oshirish, iqtidorini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etib o‘tildi.

Hozirgi kunda respublikamizda bir tomondan, o‘zining mukammal, asos soluvchi ishlari bilan xorijda ham tanilgan olimlar, ikkinchi tomondan chuqur o‘ylangan ilmiy g‘oyani jahon andozalari darajasida yuzaga chiqarishga imkon bera oladigan fundamental va innovatsion asoslar mavjudligi hisobga olinadigan bo‘lsa, salohiyatimiz doirasida ko‘pgina imkoniyatlar bor. Chunonchi, tibbiyot sohasidagi olimlar respublika Fanlar akademiyasiga qarashli ilmiy muassasalar bilan mustahkam hamkorlikda yangi texnologiyalarni joriy qilish, aholi salomatligini har tomonlama mukammal kuzatib borishga imkon beradigan zamonaviy elektron asboblarni ishlab chiqarish, kasalliklar tashxislarini yaxshilash uchun axborot olishning yangi usullarini izlab topish borasidagi ishlarni mushtarak rejalar asosida bajarib, takomilga yetkazish vazifasi turibdi.

Aytish mumkinki, mazkur yangilanishlar birgina tibbiyotning o‘zidayoq og‘irimizni yengil qila oladigan o‘nlab yechimlarga yo‘l ochadi. Prezident e’tibor qaratgan Yadro fizikasi institutining takomillashtirilgan faoliyati turli sohalar qatori, tibbiyotga ham bir qator samarali natijalar olib keladi. Misol uchun, inson vujudidagi turli ma’danlarning yetishmasligini, yanada aniqroq qilib aytsak, 20 turdagi moddalar miqdorini bir tola soch orqali ham aniqlash mumkin - bu neytron faollashtirish usuli deb ataladi. Birgina mana shu innovatsion yechimning tatbiq qilinishi ayollar homiladorlik davrida kalsiy, selen, yod va boshqa mikroelementlar miqdor o‘zgarishlarini barvaqt aniqlash, tarkibida sanab o‘tilgan mikroelementlarga boy bo‘lgan oziq-ovqatlar iste’mol qilinishini tavsiya etish natijasida tug‘ilajak chaqaloqlarda uchrab turadigan chanoq-son yetishmovchiligining (har xil turdagi oqsoqlanishlarning) oldini oladi.

Yana bir misol: olima ayollarimizdan biri Nozima Xo‘jayeva yaqinda xavfli o‘smalarni o‘zida neytron saqlab turuvchi moddalar (xususan “Magnevist”) orqali samarali davolash usullarini ishlab chiqqan. Dissertatsiya himoyasida men ushbu ilmiy ishga rasmiy taqrizchi sifatida yuqori baho berish bilan birga, bu noyob usulning amaliyotga tatbiq qilinishi aynan Yadro fizikasi institutining Prezident tilga olgan faoliyatlari tufayligina amalga oshishiga ishonch bildirganman.

Tibbiyot fani va amaliyotida ultratovush tashxisi 57 yildan buyon qo‘llanilib kelinmoqda. Bir olim sifatida ushbu yo‘nalish istiqbollari haqida o‘z fikrlarimni bayon etmoqchiman. XXI asr boshlarida yurtimiz tibbiyotiga xos va mos bo‘lgan ultratovush apparatlarini ishlab chiqarish g‘oyasini Fanlar akademiyasiga taklif etganimda Elektronika instituti va boshqa tashkilotlarda bunday moddiy-texnik imkoniyatlar yo‘qligi sababli u takliflar amalga oshmay qolgan edi. Hozirgi kunda salohiyatli innovatsion texnologiyalar imkoniyatlarini o‘zida qamrab olgan tibbiy ultratovush apparatlariga ehtiyoj katta ekanligini e’tiborga olsak, ushbu yo‘nalishdagi tibbiy uskunalarni yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni dolzarb vazifa, deb hisoblayman.

Meni chin dildan ruhlantirgan jarayon ham shu – ilmning turli sohalariga davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibordir. Chunki zamonaviy olamda ilm-fan yutuqlarisiz rivojlanish imkonsiz, davlatimiz rahbari chorlovi mohiyatida taraqqiyot uchun aqliy mahsulotlar, ilmiy ixtirolar eng muhim omil ekanligini qayta-qayta ta’kidlanishi bejiz emas.

Binobarin, ushbu yangilanishlar tez orada o‘z mevasini beradi albatta. Yurtimizdagi bunday keng ko‘lamli jarayonlar turli ilmiy yo‘nalishlarning mushtarak faoliyat ko‘rsatishiga, xalq farovonligi, mamlakat obodligi uchun xizmat qilishiga ishonchim komil.

Akram FOZILOV, tibbiyot fanlari doktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?