Inson ruhidagi muammo qanday yechiladi?

09:35 20 Sentyabr 2020 Jamiyat
650 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, hozirda oʻrtacha har toʻrt insondan bittasida ruhiy muammolar kuzatilmoqda.

Nyu-Yorkdagi One World Counselling psixologik yordam markazi mutaxassisi Gulshoda Oster fikriga koʻra, yaqin orada ruhiy muammolar hozirda eng koʻp tarqalgan, deya hisoblanadigan yurak xastaliklaridan soʻng ikkinchi oʻringa chiqishi bashorat qilinmoqda. Har qanday davlatda psixiatriya yordamini tashkil etish davlatning oʻziga xos boʻlgan tarixiy, madaniy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa omillari asosida shakllanadi.

Lekin bir qator davlatlarda bunday kasalliklarga chalingan insonlarning haq-huquqlari qonuniy himoyaga olinmagan.

Prezidentimizning tegishli qarorida Vazirlar Mahkamasi yangi tahrirdagi “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini tayyorlash va kiritishda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishini hamda ruhiy holati buzilgan shaxslar manfaatlari yoʻlida maʼmuriyatchilik sifatini oshirishni nazarda tutishi kerakligi belgilangan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan kiritilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasining Fuqarolar sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi boshchiligida ishchi guruh tomonidan sinchiklab oʻrganildi.

Qonunga oʻzgartirishlar kiritishdan koʻzda tutilgan maqsad ruhiy holati buzilgan shaxslar manfaatlari yoʻlida maʼmuriyatchilik sifatini oshirish, psixiatriya xizmati bilan davlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorlik tizimini shakllantirish hisoblanadi. Loyihada ruhiy holati buzilgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va psixiatriya yordami bilan taʼminlash, psixiatriya yordami koʻrsatuvchi shaxslar va muassasalar belgilab berildi.

Avval milliy qonunchilikda boʻlmagan “psixiatriya yordami”, “psixiatriya muassasasi”, “ruhiy holat buzilishi” kabi tushunchalarga aniq taʼriflar berildi.

Qonun loyihasida alohida modda bilan respublikamizda ruhiy holati buzilganligi sababli dispanser kuzatuviga olingan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat boʻlganliklari, berilgan dori vositalari, koʻrsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat maʼlumotlarning yagona elektron reyestri yuritilishi kiritilgan. Bu esa sohadagi ishlarning holati toʻgʻrisida asosli va tezkor axborot olish, davolash profilaktika ishlarini toʻgʻri tashkil etish, qonun bilan kafolatlangan huquqlardan hech qanday toʻsiqsiz foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Hujjatda ruhiy holati buzilgan shaxslarni jamiyatda asossiz kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, shu bilan birga, jamiyatni ruhiy holati buzilgan shaxslarning ijtimoiy xavfli qilmishlaridan himoya qilishga qaratilgan normalar oʻz aksini topgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi va har qanday holatda qonun ustuvorligini taʼminlashni koʻzda tutadi. Ruhiy kasallikka chalingan bemorlarning boshqa shaxslardan farqi baʼzi hollarda ularni muomalaga layoqatsiz, deb topilishidir. Amaldagi qonunda bu jarayon toʻliq yoritilmagani uchun loyihada bu holatga ham aniqlik kiritilmoqda.

Muhokama qilinayotgan qonun loyihasida ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari himoyasi, tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislarning huquq va majburiyatlari, psixiatriya yordami turlari, psixiatriya yordami koʻrsatish boʻyicha harakatlar ustidan shikoyat qilish tartibi qayd etilgan. Qonunga kiritilayotgan yangiliklardan biri ruhiy holat buzilishi qayd etilgan shaxslarni tibbiy ijtimoiy muassasalarga joylashtirish tartibiga aniqliklar kiritilganligi boʻlib, uning asosida amalda uchrayotgan byurokratik ovoragarchiliklarning oldi olinadi.

Xulosa qilib aytganda, “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar jamiyatda fuqaroning haq-huquqlarini qonuniy kafolatlanishi, ruhiy buzilish qayd etilgan bemorlarning davolanishi, ijtimoiy hayotga qayta adaptatsiya qilinishi,manfaatlarini himoya qilinishi uchun mustahkam asos boʻladi.

Maqsuda VORISOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Fuqarolar sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?