Inson qadri — ulug‘. U ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak

11:13 29 Iyun 2018 Jamiyat
494 0

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish islohotlarimiz ichida eng muhim o‘rinlardan birini egallaydi. Chunki biz xalqimiz oldida ularning muammolarini hal etish, turmush sharoiti va hayoti sifatini yaxshilashga burchlimiz.

Shavkat MIRZIYOYEV

Inson dunyoda umid bilan yashaydi. “Orzularimga yetay, shinam uy-joyim bo‘lsa, yon-atrofimda qulay sharoit, bekamu ko‘st muhit hukm sursa, jamiyatga, raiyatga, davlatga, oilamga, ota-onamga, do‘stu yorlarga, mahalla-ko‘yga, qishlog‘imga, yurtimga foydam tegsa, murodu maqsadim ushalsa”, deydi.

Keksalar “Odam bolasi hayotdan rozi bo‘lsa, tog‘ni tolqon qiladi” deyishadi.

Kim buni tushunar, kim buni anglamas. Prezidentimiz har bir inson umid bilan yashar ekan, ertaga, indin yoki undan keyin emas, hozir, shu bugun niyatiga yetishini, umridan, hayotidan, har bir kunidan rozi, mamnun bo‘lishini istaydi.

Bu — ulug‘vor maqsad, ezgu amal, abadiyatga daxldor fikrat.

Zero, bugun odamlarni rozi qilish — kelajagimizni go‘zal, betakror,ulkan salohiyat va qudrat kasb etishini ta’minlaydi. Bu — inkor qilib bo‘lmas haqiqat. Chunonchi, baxtli odamlargina dunyoni yangilashga, o‘zgartirishga qodir. Mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda jo‘shqin hamda jadal islohotlar davriga kirdi. Shu islohotlarning eng ustuvorlaridan, muhimlaridan biri “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlaridir.

Mazkur dasturlar, avvalambor, xalqimiz ruhiyatini ko‘tarishga, uning ichki imkoniyatlarini ko‘paytirishga, shaxs sifatidagi kamolotini yuksaltirishga, uning qadr-qimmatini, hurmatini joyiga qo‘yishga qaratilgani bilan dolzarb va ahamiyatlidir. Biroq...

Bu ezgu, xayrli, yurtimiz istiqboli uchun o‘ta muhim dasturlar ijrosida yaxshisini oshirib, yomonini yashirib, loqaydlik, beparvolik, xaspo‘slashga berilish illatlari ko‘zga tashlanyaptiki, bunga aslo chidab bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, aholi yashash joylarini obod maskanga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlarni chuqur tahlil qilar ekan, jumladan, shunday dedi: “Joylardagi haqiqiy ahvolni biz xalqimizdan yashirmaymiz va borini qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatib boramiz. Albatta, bu ko‘pchilikka yoqmayapti, ko‘p rahbarlar buni hazm qila olmayapti. Lekin biz bu boradagi barcha holatni va boshlagan ishlarimizni xalqimiz bilan bamaslahat va jamoatchilik nazorati ostida amalga oshiramiz”.

Bajarilgan ishlardan bajarilmagani ko‘proq...
Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, joriy yilda Samarqand viloyati tumanlaridagi 28 qishloq, Samarqand hamda Kattaqo‘rg‘on shaharlaridagi 4 mahallada qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Samarqand tumanidagi Mehrobod va Ilonsoy qishloqlari ham joriy yil dasturiga kiritilib, ushbu aholi punktlarida yakka tartibdagi uy-joylarni ta’mirlash, elektr, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish hamda qayta tiklash, kanalizatsiya qudug‘i va yo‘llarni ta’mirlash, bozor hamda boshqa infratuzilma obyektlarini qurish belgilangan.

Jumladan, tumanning eng chekka hududi — Mehrobod qishlog‘ida 2200 nafardan ziyod aholi yashaydi. Odamlar, asosan, dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Qishloqqa yaqin parrandachilik korxonalarida mehnat qiladiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Umuman, qishloqda yashovchi har bir kishi halol mehnat qilib, yaxshi turmush kechirishni istaydi va shunga intiladi.

Ammo hududdagi 410 ta oilaning 32 tasi yashaydigan to‘rt qavatli uyda zamon talabiga mos sharoit yaratib olish uchun aholining o‘z imkoniyati yetmaydi. O‘tgan asrning 80-yillarida qurilgan bu uyda kanalizatsiya tarmog‘i mavjud emas. O‘z-o‘zidan ayonki, hojatxona ham yo‘q. Hatto ichimlik suvini ham aholi uy yonidagi krandan tashib keladi. Uyning tomidan chakka o‘tadi. Binoning tashqi qismi, yo‘laklar, xonadonlar ta’mirtalab.

“Joylardagi haqiqiy ahvolni biz xalqimizdan yashirmaymiz va borini qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatib boramiz. Albatta, bu ko‘pchilikka yoqmayapti, ko‘p rahbarlar buni hazm qila olmayapti. Lekin biz bu boradagi barcha holatni va boshlagan ishlarimizni xalqimiz bilan bamaslahat va jamoatchilik nazorati ostida amalga oshiramiz”.

Shavkat MIRZIYOYEV

— Shu sababdan ham ushbu qishloqni dastur asosida obod qilish rejalashtirildi, — deydi Samarqand tumani hokimi o‘rinbosari Qurbon Qurbonov. — Birinchi navbatda, uyning tom qismi to‘liq ta’mirlandi. Yerto‘la tozalanib, tartibga keltirildi. Har bir kirish yo‘lagiga temir eshik qo‘yildi. Binoning tashqi ko‘rinishi to‘liq yaxshilandi. Ayni paytda qishloqdagi aholi xonadonlari, yo‘llar, kommunikatsiya tarmoqlariniyangilashga kirishildi.

Dasturga ko‘ra, yil yakuniga qadar Mehrobodga 2,2 kilometr suv tarmog‘i tortilib, boshqa xonadonlar qatorida yuqoridagi ko‘p qavatli uy ham ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Hozirgi kungacha bitta suv tarmog‘i qurilgan bo‘lsa, yana bir suv inshootini qurish ishlari olib borilmoqda. 2,5 kilometr elektr tarmog‘i yangilangan. Qishloq hududidagi 0,3 kilometr yo‘lga asfalt yotqizish, 2,1 kilometr yo‘lga qum-shag‘al aralashmasi to‘shash ishlari bajarilgan. 60 dan ortiq xonadonlarga gaz ballonlari hamda ko‘mir tarqatilmoqda. Shuningdek, qishloqda kanalizatsiya tarmog‘i tortish ko‘zda tutilgan. Hududdagi 200 dan ortiq xonadonlarni ham ta’mirlash belgilanib, hozirgi paytda tuman hokimligi va homiylar tomonidan ishlar boshlangan.

Bundan tashqari, qishloqdagi umumta’lim maktabini mukammal ta’mirlash, maktabgacha ta’lim muassasasi hamda qishloq vrachlik punkti binolarini rekonstruksiya qilish va ular uchun ichimlik suvi inshooti qurish belgilangan. Ammo to‘liq moliyalashtirilmagani tufayli belgilangan ishlarning yarmi ham amalga oshirilmagan. Chunki bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda yuqoridagi obyektlar uchun sarflanadigan xarajatlarning atigi 15 foizi moliyalashtirilgan, xolos. Bajarilgan qurilish-montaj ishlari esa, bor-yo‘g‘i, 10 foizni tashkil etadi.

Eng ajablanarlisi, dastur asosida obod etilishi kerak bo‘lgan Mehrobodning zamonaviy loyihasi tegishli loyiha instituti tomonidan haligacha tayyorlab berilmagan. Axir loyihasiz qanday qilib qishloqni obod etish mumkin?

Mutasaddilar negadir shoshilmayapti
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Guliston mahallasida 500 dan ziyod xonadonlar mavjud. Ularda ikki yarim ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahalla ahli uzoq yillardan buyon ichimlik suvi muammosidan aziyat chekib keladi. Chorasizlik qursin, qishloqning yuqori qismidan oqib o‘tadigan Katta Namangan kanalining suvi yaroqsiz bo‘lsa-da, aholi uni iste’mol etishga majbur bo‘lmoqda.

Keyingi paytda holat bir oz yumshagandek bo‘ldi, ya’ni alohida transport ajratilib, mahallaga toza ichimlik suvini tashib keltirish yo‘lga qo‘yildi. Lekin bu bilan muammo yechimini topdimi?

Gulistonliklar o‘z hududlarining “Obod qishloq” dasturiga kiritilganligini eshitib, boshlari osmonga yetgandi. Ko‘p o‘tmay, may oyining birinchi yarmida dastur ijrosiga kirishildi ham. Bu yog‘i qiziq. Mutasaddilar quruq maslahatlashuvlar va quruq va’dalar bilan o‘ralashib qoldilar. Uzoqqa bormasdan, suv muammosini olaylik. Yil oxiriga qadar amalga oshiriladigan ishlar rejasiga ko‘ra, ichimlik suvi tarmog‘i ikkinchi chorakda qurib bitkazilishi shart edi. Yaxshi-ku, dersiz, yo‘q, aksincha, yomon. Hali loyiha ijrochilar qo‘liga tekkani yo‘q. Uni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan “Qishloqqurilishloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilari chizmalarni “lag‘mon”dek cho‘zishgani cho‘zishgan.

Qishloqdagi 15-umumta’lim maktabi binosi ta’miri ham qo‘l uchida, xo‘jako‘rsinga olib borilayotgandek tuyuladi, qarasangiz. Bu yerda uch-to‘rt nafar energetik transformator qurilmasini nomiga ko‘zdan kechirib, qismlarini yoqib-yoqmay, sozlash bilan band. Isitish tizimi qozonxonasida ham ikki-uch kishi uymalashib yuribdi, xolos. Quruvchilar qani? Ovoz ko‘tarib chaqiring, topolmaysiz. Asosiy ishni bajarishi lozim bo‘lgan quruvchilar ko‘rinmaydi.

— 4 ta sinfxona, bino ichidagi yo‘lak to‘la ta’mirlanishi, yangi hojatxona va qorovulxona qurilishi kerak edi, — deydi maktab direktori Ijobat Haqnazarova. — Quruvchilar dastlab harakatni shitob bilan boshlashdi. Keyin esa taqa-taq to‘xtatib qo‘yishdi. Sababi, muassasamizdagi qurilish-ta’mirlash yumushlari uchun ajratilishi lozim bo‘lgan 555 million so‘mdan haligacha darak yo‘q. Bu masalada hali bankka, hali boshqa idoralarga chopyapmiz. Natija “nol”. Darvoqe, dastlabki loyihada yangi sport zalini qurish ham mo‘ljallangan edi. Keyin unga o‘zgartirish kiritildi. Bilsak, bu o‘zgartirish emas, qisqartirish bo‘lib chiqdi. Qaysidir rahbarning ko‘rsatmasi bilan sport zali qurilishini o‘chirib tashlashibdi.

Direktorning yozg‘irganicha bor, ikkinchi qavat chala-yarim suvoqdan chiqarilganicha qolgan. Quruvchilardan dom-darak yo‘q.

— Ish haqi cho‘ntakda bo‘lmagach, quruvchilarimizning shashti so‘ndi, — deydi pudratchi tashkilot — “To‘raqo‘rg‘onobodqurilishinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ushbu inshootdagi ish yurituvchisi Ilhom Boyboboyev. — Mana, qirq kunki, hisob raqamimizga pul tushmayapti. Vazifalar ko‘lamidan kelib chiqib, ikkita brigadani bunyodkorlik ishlariga jalb qilgandik...

Darvoqe, manzilli ro‘yxatda maktab ta’miri uchun to‘lov tuman mahalliy byudjetining daromadlar oshirib bajarilgan qismi va ichki imkoniyatlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan. Unda muammo qayerdan kelib chiqyapti, hayron qolasan kishi.

Guliston mahallasida ham boshqa hududlardagi singari mahalla guzari, sartaroshxona hamda go‘zallik salonini o‘z ichiga olgan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, hammom qurish, gulzor va xiyobonlar barpo etish, ko‘cha chiroqlari o‘rnatish hamda boshqa yumushlar ko‘zda tutilgan. Ammo ularni ro‘yobga chiqarish esa hamon paysalga solinmoqda, ishlar bajarilish o‘rniga qog‘ozda qolib ketyapti.

Bu bilan dastur ijrosi tamoman o‘lda-jo‘lda, degan fikrdan yiroqmiz. Odamlar hovli-joylarini tartibga keltirishyapti. Qishloq vrachlik punkti ta’mirdan chiqarilib, sharoitlar yaxshilandi. 29-maktabgacha ta’lim muassasasi ta’miri tezkorlik bilan olib borilmoqda. 1,8 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarga shag‘al yotqizilgani ham bor gap. Mahalla tadbirkorlari ish o‘rinlari yaratish, biznesni rivojlantirish bo‘yicha loyiha va amaliy ishlari bilan faollik ko‘rsatishyapti.

Shu o‘rinda aytish kerak, mahalladagi ishlar bilan tanishish chog‘ida bu yerda ko‘pchilikning boshini biriktiradigan fuqarolar yig‘ini raisi vazifasi bo‘sh turganligi e’tiborimizni tortdi. Sobiq oqsoqol Adhamjon Shermatov aprel oyi boshida ishdan bo‘shatilgan ekan. O‘rniga kelgan Nurmuhammad Davlatov sanoqli kungina faoliyat yuritibdi, xolos. Bugun hududda keng miqyosdagi bunyodkorlik ishlari davom etayotgan, unga jamoatchilikni ham faol jalb qilish zarurati tug‘ilgan pallada ishboshining o‘zi yo‘q. Harakatlarni sustlashtirayotgan sabablarning bir uchi shunga ham borib taqalmasmikin?

Sirti yaltiroq, ichi qaltiroq
Farg‘ona viloyatining 15 tumanidagi 30 mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida 163,3 milliard so‘m o‘zlashtirilishi hisobiga 10 ming 768 uy-joyni ta’mirlash, 78 kilometr ichimlik suvi va 99,3 kilometr elektr tarmog‘i tortish, 934 tozalash inshooti qazish, 123,6 kilometr xo‘jaliklararo hamda ichki yo‘llarni, mavjud transformatorlarni ta’mirlash, 98 ijtimoiy, 268 bozor infratuzilma obyektlarini qurish va ta’mirlash kabi ishlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.

Oltiariq tumanida bu borada ulkan bunyodkorlik ishlari bajarildi, boshqa joylarda ham muayyan ishlar davom etmoqda.

Xususan, Toshloq tumanidagi “Zarkent” va “Yangiyo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida bu borada ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar asosida tegishli ishlar bajarilyapti. Shu kunga qadar 170 ko‘cha chiroqlari o‘rnatildi, 15 transformator ta’mirdan chiqarildi, bir qator ko‘chalarga asfalt yotqizildi. Shuningdek, ko‘chalardagi pana-pastqam, ko‘rimsiz uy-joylar buzilib, yangilanmoqda, zamonaviy maishiy xizmat shoxobchalari qad rostlayotir.

Shu bilan birga, “Obod qishloq” dasturi asosidagi ishlar mazkur hududlarda sustkashlik bilan amalga oshirilmoqda. Aholini ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan masalalarga hanuz aniq yechim topilmagan. Chunonchi, “Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Oybek ko‘chasidagi holat mutasaddilarni umuman qiziqtirmaydi. Ko‘cha asfalti ta’mirga muhtoj, ichimlik suvi yo‘q.

Shu ko‘chada yashovchi Qimmatxon Fofurovaning aytishicha, xonadoniga suyultirilgan gaz ballonini olishda qiynalmoqda. 13-maktabgacha ta’lim muassasasi ham xaroba ahvolga kelib qolgan. Eng yomoni, hududdagi ovqatlanish shoxobchalari sanitariya-gigiyena talablariga umuman javob bermaydi. Xususiy tadbirkor Shahobiddin Jalolovga qarashli ovqatlanish shoxobchasidan chiqayotgan oqova suv shundoq ariqqa oqizib qo‘yilgan. Atrofga taralayotgan badbo‘y hid aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Zarkent aloqa bo‘limining hududi ham achinarli ahvolda.

Mazkur ko‘chada anchadan buyon hech qanday obodonlashtirish ishlari olib borilmagani shundoq ko‘rinib turibdi. Xonadonlar oldi hamda ariq bo‘ylarini o‘t bosgan, qarovsiz.

“Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ma’mirjon To‘xtanazarovning aytishicha, bu yerda 6 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. “Obod qishloq” dasturi asosidagi ishlar faqat katta yo‘l bo‘yida amalga oshirilmoqda, xolos. Mahallaning ichki ko‘chalariga kirsangiz, hech kutilmagan noxush manzaralarga guvoh bo‘lishingiz aniq.

Shuningdek, “Yangiyo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida ham ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. 11-umumta’lim maktabi ta’mirlashga kiritilgan bo‘lib, “Quvasoytexmontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari sust bajarilmoqda. Katta yo‘l bo‘yidagi fuqaro Sh. Eminovga qarashli hudud esa butkul qarovsiz holga kelib qolgan. Nima, mutasaddilar bu ahvoldan bexabarmi? Yoki hali-hamon “bizga shu ham bo‘laveradi” qabilida ish tutishyaptimikan?

Zarkent bir paytlar tevarak-atrofdagi eng obod qishloq sifatida tilga olinar edi. Hozir esa...

Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga joriy etilayotgan “Obod qishloq” dasturi o‘zlari yashayotgan hududda amalga oshirilishini eshitgan aholi behad xursand bo‘lgan edi. Lekin, afsuski, ahvol hali-hamon o‘zgarmagan.

Yomoni qolib, yaxshisidan boshlashdi
“Obod qishloq” dasturi ijrosiga Andijon viloyatining ayrim tumanlarida mutasaddilar panja orasidan qarashmoqda. Jumladan, viloyatning o‘zida 22 ta mahalla bosh rejasi hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Bu esa, boshlangan xayrli ishlar ba’zi quyi tizimdagi mas’ullar tomonidan amalda keng tatbiq etilmayotganining isbotidir.

Vaziyatni yaqindan o‘rganish maqsadida Buloqboshi tumanidagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘iniga bordik.

— Qishlog‘imiz “Obod qishloq” dasturiga kiritilganida, juda quvongandik, — deydi Rahimaxon Isroilova. — Boisi, Manas qishlog‘idagi o‘zgarishlarni televizor orqali ko‘rib, havasimiz kelgandi. “Qani edi, mahallamiz ham shunday ko‘rkam, chiroyli, obod bo‘lsa, ko‘chalarimiz ravon tortib, biz ham farovon turmush kechirsak”, deya orzu qilgandik. Lekin qishlog‘imizdagi bugungi vaziyatni ko‘rib, tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushdi.

Darhaqiqat, mahallani aylanar ekanmiz, ta’mirtalab yo‘llardan ko‘nglimiz zada bo‘ldi. Ichki yo‘llarni-ku, asti qo‘yaverasiz...

— Mahallamizda 3 ta ko‘cha bor, — deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ulug‘bek Rahmonov. — “Obod qishloq” dasturi ijrosini ta’minlash doirasida 5200 metr masofaga suv quvuri tortildi. Tez kunlarda toza ichimlik suvi masalasida hech qanday muammo bo‘lmaydi. 400 metr masofaga elektr tarmog‘i olib kelindi. Hududimizda 2 ta hammom, 5 ta xususiy savdo do‘koni, 3 ta choyxona, bitta o‘quv muassasasi, bitta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, tuman markaziy kasalxonasi mavjud. Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan boshlangan xayrli ishlar davom etmoqda.

Nadomatlarki, mahallaning har bir ko‘chasiga kirib, mahalla raisi maqtanib aytgan ishlarga guvoh bo‘lmadik. Vaholonki, 400 metr masofaga elektr tarmog‘i tortish, 120 ta eski simyog‘ochni yangisiga almashtirish, 16,4 kilometr masofadagi ko‘chaga shag‘al yotqizish lozim. 140 ta kam ta’minlangan oilaning hovli-joylarini homiylik yordami asosida ta’mirlab berish ishlari rejalashtirilgan edi. Bu borada shu paytga qadar hech qanday amaliy ishlar bajarilmadi. To‘g‘ri, 10 ta oilaga “Har bir oila — tadbirkor” dasturiga binoan qo‘y olib berildi. Biroq kredit mablag‘i uchun ariza yozgan fuqarolar soni 160 nafardan ortadi.

— “Obod qishloq” dasturi ijrosini ta’minlash yuzasidan harakatlar “Buyuk Turon” mahalla fuqarolar yig‘inida davom etayotganligi sababli Yuksalishda ishlar bir oz to‘xtab qoldi, — deydi bizning savollarimizdan o‘ng‘aysizlangan mahalla raisi Ulug‘bek Rahmonov.

Hatto, shunday bo‘lgan taqdirda ham mas’ullar xonadonlarda bo‘lib, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borishi, ommaviy hasharlar uyushtirishi lozim emasmi?

— “Obod qishloq” dasturi ahvoli o‘ta og‘ir qishloqlarda amalga oshiriladi, deb o‘ylagandim, — deya suhbatga qo‘shiladi Navqiron ko‘chasida istiqomat qiluvchi Hakimjon Rahimov. — Yuksalish ham, Buyuk Turon ham tuman markazida joylashganligi sababli birmuncha qulay sharoitlarga ega. Jumladan, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda elektr energiyasida muammolar ko‘p emas. Aksariyat ko‘chalar asfaltlangan, ammo ta’mirtalab. Fuqarolar, asosan, hunarmandchilik bilan mashg‘ul. Ayniqsa, mebelsozlik bilan shug‘ullanuvchilar ko‘p. Biroq tumanimizda shunday qishloqlar borki, umuman e’tibordan chetda qolib ketyapti. Masalan, Kulla, Shirmonbuloq, Sharq yulduzi qishloqlarida ahvol bu yerdagidan ancha abgor. Shunday bo‘lsa-da, bizda ham muammolar yo‘q emas. Masalan, hududimizda maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish — eng dolzarb masala. Qolaversa, aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha jiddiy shug‘ullanish kerak. Mutasaddilar, agar kerak bo‘lsa, har bir xonadonga kirib, fuqarolarning turmush tarzi bilan tanishmog‘i lozim. Deputatlardan iborat ishchi guruhini hisobga olmaganda, holimizdan xabar oladiganlarning soyasi ham ko‘rinmayapti. To‘g‘ri, ikki kun avval kollej binosida tuman hokimi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tibdi. Lekin bundan biz bexabarmiz.

Quvonch o‘rnini xavotir egalladi
Joriy yilning 26 apreli Xovos tumanidagi “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 11 ko‘p qavatli uyda yashovchi 140 xonadon uchun yodda qolarli kun bo‘lib qoldi. Negaki, shu kuni mahalla oqsoqollarining duosi bilan ular yashayotgan hududda ham “Obod qishloq” dasturi asosida qurilish hamda rekonstruksiya ishlari boshlab yuborildi. O‘shanda bu xayrli yumush nafaqat mazkur uylarda istiqomat qilayotgan oilalar, balki butun sohibkorliklarga birdek quvonch ulashdi. Taassufki, ayni chog‘da ularning yuzida ana shu xushkayfiyat o‘rnini xavotir egalladi. Bunga sabab esa qurilish-ta’mirlash ishlarining juda sust olib borilayotganligi, ba’zi uylarning tomlari ochilgani holda, hali-hamon yopilmayotganligidir.

— Tunov kuni qattiq jala yog‘ishi tufayli ikkinchi qavatda joylashgan uyimizdagi ko‘rpa-yostig‘u barcha kiyim-kechagimiz shalabbo bo‘ldi, — deydi 5-uyda yashovchi Nargiza Shoimova. — Negaki, quruvchilar tomni yangilash uchun eski shiferlarni olib tashlashdi-yu, uni yangilashni cho‘zib yuborishdi. Rosti, qurilish ishlari boshlanganiga ikki oy bo‘libdiki, hali tayinli bir ish qilingani yo‘q. Buzilishlardan so‘ng uyimiz atrofi ulkan chiqindixonaga aylandi. Hamma ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Hojatxonalar buzilib, yangisi hanuz qurilmagani katta noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Nargiza Shoimova, shuningdek, tandirxonalari buzilgach, non yopish ham muammoga aylanganini bildirdi. Atrofga nazar solamiz, bu imoratlarning yaqindagina qo‘yilgan poydevorlarigina ko‘zga tashlanadi. Tomlari ochib tashlangan 5, 6, 7, 8-ko‘p qavatli uylarning tepasida ham, pastida ham biron-bir qizg‘in harakat sezilmaydi. Binobarin, tushlik mahali o‘tib, soat 15:00 ga yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da, ta’mirlanayotgan uylarda texnika tugul, bironta quruvchini uchratmaganligimiz, haqiqatan ham, mazkur hududda ishlar juda sust olib borilayotganligidan dalolat beradi. Aytish lozimki, tom va fasadlarni ta’mirlash vazifasini “Oybek — Ulug‘bek invest”, hovlilarni obodonlashtirish, xususan, tandirxona hamda hojatxonalar qurish, ariqlarni yangilash kabi ishlarni esa “Xovos kamron” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘z zimmasiga olgan.

Sohibkorliklar belgilangan jadvalga ko‘ra, Mustaqillik bayrami arafasida butunlay o‘zgacha chiroyga ega manzilga musharraf bo‘lib, ayyomni mana shu obod hududda o‘tkazishni niyat qilishgan. O‘ylaymizki, tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar Sohibkordagi ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash hamda qurilish ishlarida mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etib, mahalla ahlining ana shu xayrli niyati ijobat bo‘lishi uchun barcha chorani ko‘radilar, bor imkoniyatlarini ishga soladilar.

Boqimandalikni kechirib bo‘lmaydi
Urganch tumanidagi Qumravot mahallasi viloyat markazidan atigi ikki kilometr uzoqlikda joylashgan. Shahar biqinidagi mahallada turmush madaniyati, tomorqadan foydalanish, oilaviy tadbirkorlik masalalari havas qilarli darajada emas. Uy-joy va kommunal xo‘jaligi, avtomobil yo‘llarining holati ham ancha xarob.

Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida aholi punktining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududni kompleks rivojlantirish hamda shu asosda odamlarning turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida Urganch tumanida aynan ushbu mahalla tanlab olindi.

Ayni kunda mahalla hududida obodonlashtirish tadbirlari boshlangan bo‘lsa-da, ish sur’ati past. Mahallada jami 847 ta xonadon bo‘lib, uning 273 tasida noqonuniy qurilmalar aniqlangan. Bugungacha ularning 133 tasi buzib tashlandi, qolgan 140 ta noqonuniy inshootni olib tashlash ishlariga negadir qo‘l urilmayapti. Aholi punktining bosh rejasi, mahalladagi 269 ta turarjoyning kadastr hujjatlari mavjud emas.

Dastur bo‘yicha mahallada fuqarolarga qarashli 65 ta turarjoyning tom qismini shifer bilan yopish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha atigi 6 ta uyning tomi yopildi, xolos. Mazkur yo‘nalishda homiylar mablag‘lari, bank kreditlarini jalb qilish bo‘yicha yetarli ishlar olib borilmayapti.

“Obod qishloq” dasturida tomorqadan samarali foydalanish, uni oilaning chinakam daromad manbaiga aylantirish ko‘zda tutilgan. Afsuski, Qumravotda bu boradagi ishlar hamko‘ngildagidek emas. Vohaning usta dehqonlari tomorqadan dastlabki hosilni allaqachon yig‘ishtirib olib, takroriy ekinlar parvarishi bilan shug‘ullanayotgan bir paytda mazkur mahallada 56 nafar tomorqa yer egasiga qarashli ekin maydonlari qarovsiz holda. Hayitboy Kamolov, Sharofat Qurbonova va boshqa bir qancha fuqarolar tomorqa yerlari paykaliga ancha vaqtlardan buyon yaqin yo‘lamagani shundoq ko‘rinib turibdi. Ajablanarlisi, mahalladagi 847 ta xonadondan atigi bittasida issiqxona bor ekan. Aftidan mamlakatimizda aholi shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida parranda, chorva bosh sonini ko‘paytirish, zamonaviy yengil konstruksiyali issiqxonalar tashkil etish borasidagi yangiliklar Qumravotga haligacha yetib kelmagan ko‘rinadi.

Qishloqda aholi bandligini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiy ko‘riklarni tashkil qilish masalalari ham e’tibordan chetda.

— O‘zim qandli diabet, turmush o‘rtog‘im yurak xastaligiga chalingan, — deydi Qumravot mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Bozorboy Xudoyberganov. — O‘g‘lim 6 yildan buyon bosh miya saratonidan aziyat chekadi. Dori-darmon, tibbiy xizmat xarajatlaridan orttirib uy-joyimizni ta’mirlashga ham imkon topa olmadik. Yordam so‘rab bir nechta tashkilotlarga murojaat qildim, amaliy natija yo‘q. Birov ahvoling ne, deb so‘ramaydi.

Mahallada ishsiz fuqarolar 46 nafarni tashkil qiladi. “Har bir oila — tadbirkor” dasturi asosida ularni oilaviy tadbirkorlikka yo‘naltirish, bank kreditlari hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratish ishlarining borishi ham haminqadar.

— Joriy yil 27 iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda bu borada bajarilgan ishlar chuqur tahlil etilib, galdagi vazifalar belgilab berildi, — deydi “Qumravot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ahmadjon Sodiqov. — Mahallamiz ahli, faollari bildirilgan fikrlardan xulosa chiqarib, faoliyatimizda tub o‘zgarish qilishga bel bog‘ladik.

Rahbarlarda tashabbuskorlik yetishmayapti
“Obod qishloq” dasturiga Toshkent shahridan, bor-yo‘g‘i, yigirma kilometr uzoqlikda joylashgan Mevazor mahallasi nima uchun kiritildi? Bu savolga Zangiota tumanidagi mutasaddilar asosli javob berishdi. O‘tgan bir yil davomida tuman hokimligiga hamda yuqori tashkilotlarga eng ko‘p shikoyat mana shu hududdan yozildi. Gaz ta’minoti, ichimlik suvi ta’minoti muammolari, elektr quvvatining uzilishlari, yo‘llarning nochor ahvoli, ijtimoiy soha obyektlarining yetishmasligi aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Dasturning amalga oshirilishi bu muammolarni bartaraf qiladi. Belgilangan “Yo‘l xaritasi”da ularning asosiy qismi aks ettirilgan. Dastur ijrosini ta’minlash yo‘lida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ikkita yangi transformator o‘rnatildi. 113 ta simyog‘och — rejada belgilanganidan to‘rtdan bir qismi — zamonaviylariga almashtirildi. Gaz taqsimlovchi 23 ta uskuna ta’mirlandi. To‘rt yuz metr yo‘l asfalt qilindi.

Bu ishlar ko‘lami yanada keng bo‘lishi mumkin edi. Amalda-chi? Mazkur jarayonda mutasaddilarning tashkilotchiligi va tashabbuskorligi yetishmayapti. Natijada ushbu hudud boshqalarga nisbatan ko‘zga tashlanmayapti.

Xonadonlarni ta’mirlash ishlari, asosan, uy egalarining zimmasiga yuklangan. Birovda bor, boshqasida yo‘q. To‘g‘ri, arzon narxda qurilish materiallari yetkazib berilmoqda, ammo...

— Ehtiyojmand oilalarga homiylar biriktirganmiz, — deydi MFY raisi Habiba Bakirova. — Ular o‘zlariga biriktirilgan ish hajmini bajarib bo‘lishdi.

Mahalladan tuman hokimligiga berilgan ma’lumotnomada 11 xonadon homiylar tomonidan ta’mirlanganligi ko‘rsatilgan. Xonadon egalaridan rozilik eshitish maqsadida Abadiyat ko‘chasidagi ana shunday xonadonlarning bir nechtasini borib ko‘rdik. 2-uyda yashovchi nogironligi bo‘lgan Davlat Egamberdiyev 2 farzandi bilan tomi yopilgan qorasuvoq imoratning bir xonasini o‘ziga moslashtirib olgan. “Bu uyda homiylar nima ish qilishdi?” degan savolga u mamnun bo‘lib, hovlining ko‘cha tomoniga qaragan devorlarini suvab, bo‘yoqdan chiqarishganini aytdi. Bundan quruvchilar ichkariga qadam bosishmaganini angladik.

“Ta’mirlandi” deb hisobotga kiritilgan 6-uyda yashovchi Jabbor Asomov qurilish ishlari umuman boshlanmagan bo‘lsa ham, 540 dona shlakoblok, 45 kilogramm bo‘yoq, bir mashina qum olganligidan mamnun.

125-uyda yashovchi Umar To‘rayev homiylarning suvog‘i hamda bo‘yog‘iga rozi bo‘lmadi. Chunki qorasuvoq uyning tomini ochib tashlash lozim. Qurilish materiallarining yo‘qligi sababli bu ish yarmida to‘xtagan.

Mahallada 840 xonadon, 1125 ta oila, besh mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shunga qaramay, bu yerda na bir tuzukroq savdo markazini, na bolalar bog‘chasini uchratasiz. Go‘zallik saloni, hammom, bolalar o‘yingohi haqida-ku gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ularni barpo etish nima uchundir dasturda ifodasini topmagan.

Rahbarlar bu haqda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, aholi yashash joylarini obod maskanga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidan so‘nggina bosh qotirib qolishdi. Har holda, bugun mahallada “Ana shunday ijtimoiy soha obyektlari qurilarmish”, degan gap tarqaldi.

Moslashtirilgan maktab binosida ham ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. “12 nafar quruvchi bilan bu ish qachon yakunlanar ekan?”, degan tabiiy savol tug‘iladi. Maktab ta’mirlanganidan keyin ham bu yerda o‘qish ikki smenada tashkil etiladi. Chunki u 280 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan. O‘quvchilar soni esa joriy yilning 1 sentyabriga borib 402 nafarga, keyingi o‘quv yilida esa 480 nafarga yetishi kutilmoqda. Bu raqamlar esa dasturda ko‘zda tutilmaganligi bois aholi haqli e’tiroz bildirmoqda.

* * *

Biz keltirib o‘tgan muammolar o‘z yechimini kutib turibdi. Xalqimizni rozi qilish eng ezgu muddaomiz ekan, demak, har birimiz zimmamizga olgan mas’uliyatni his etishimiz, burchimizni oqlashimiz kerak emasmi? El duosi boshga toj, el ranjishi esa...

Yaxshisi, duo olaylik, qishlog‘u mahallalardagi jajji bolalar ulg‘aygach, “Biz mehr-oqibatli, va’dasiga vafodor mutasaddilar davrida yashadik”, deya rahmat aytsin. Zinhor buning aksini gapirmasin.
Qudratilla NAJMIDDINOV, Saminjon HUSANOV,
Ahmadali ShЕRNAZAROV, Odilbek ODAMBOYEV,
Rahmatilla ShЕRALIYEV, Folib HASANOV,
Ma’sudjon SULAYMONOV, “Xalq so‘zi” va O‘zA muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?