Inson omilisiz boshqariladigan Risk-analiz dasturi soliq toʻlovchilar uchun qanday qulaylik yaratadi?

17:16 14 Yanvar 2020 Iqtisodiyot
330 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Termiz shahrida Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik oʻrtasida targʻib qilish maqsadida “Soliq tizimi — insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi tasdiqlandi. 71 bob, 480 moddadan iborat mazkur kodeksda soliq qonunchiligi bilan bogʻliq qator yangi normalar belgilangan.

Matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Sirojiddin Eshmatov yangi tahriridagi Soliq kodeksiga binoan joriy etilayotgan amaliyotlar, soliq tizimi faoliyatidagi yangi tartib-taomillar va qonunchilikdagi muhim oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida maʼlumot berdi.

Qayd etildiki, soliqlar va yigʻimlarning soni va turlari, shuningdek, alohida soliq rejimlari optimallashtirildi. Kodeksga binoan 2020-yilning 1-iyulidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha hosil boʻlgan ortiqcha summa, yaʼni “manfiy” qoldiq summasini soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida ijro etgan soliq toʻlovchilarga qaytarish tartibi joriy etilmoqda. Shuningdek, ortiqcha toʻlangan soliq summalarining oʻz vaqtida qaytarilmaganligi yoki soliq organlari tomonidan asossiz undirilganiligi uchun markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida byudjetdan soliq toʻlovchilarga foiz toʻlash, bundan tashqari, soliq qarzini debitorlaridan undirishni bekor qilish kabi yangi tartiblar joriy etilyapti. Kollegial organlar (Komissiyalar) ishtirokisiz soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati ham yaratilyapti.

Yana bir muhim yangilik. Sodiq kodeksida soliq organlari tomonidan axborot texnologiyalari asosida amalga oshiriladigan soliq tekshiruvlarining yangicha tartibi joriy etiladi. Unga koʻra, endilikda ilgʻor davlatlar tajribasi oʻzlashtirilgan holda, 42 ta mezonlar asosida tahlika-tahlilash (Risk-analiz) dasturi ishga tushiriladi. Bu jarayon inson omilisiz boshqariladi. Shuning asosida xoʻjalik yurituvchi subyektlari xavflilik darajasiga qarab 3 ta, yaʼni yashil, sariq va qizil yoʻlaklarga ajratiladi. Kamchiliklar aniqlangan taqdirda, soliq nazoratining yangi kameral tekshiruv, sayyor tekshiruv va soliq auditi oʻtkazilishi mumkin. Soliqlarni vaqtida toʻlagan va yashil yoʻlakcha korxonalarida hech qachon soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaydi.

Matbuot anjumanida yangi tahrirdagi Soliq kodeksida belgilangan shu kabi yangi norma va oʻzgarishlar haqida tushuntirishlar berildi. Ayniqsa, koʻrgazmali vositalar, tarqatma materiallar anjuman ishtirokchilarida bu borada kengroq maʼlumotlar olish imkonini yaratdi. Shuningdek, taʼkidlandiki, endilikda Soliq organlari faqat nazorat qiluvchi yoki jazolovchi emas, balki, soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkoriga aylanishiga erishiladi.

Matbuot anjumani davomida qatnashchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga malakali mutaxassislardan javoblar olishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?