Inson huquqlari — oliy qadriyat

22:03 29 Iyun 2020 Siyosat
141 0

Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunonchi, aholining toʻgʻridan-toʻgʻri Prezidentga murojaat etishini taʼminlash maqsadida Prezident qabulxonalari tashkil etildi. Inson huquqlarini taʼminlashga masʼul boʻlgan ichki ishlar, prokuratura, sud kabi huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyati tanqidiy baholandi hamda inson va uning manfaatlari oliy qadriyat tamoyili asosida ishni yangitdan tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Davlat tashkiloti xodimlarining, oʻqituvchi va oʻquvchilarning majburiy mehnatiga chek qoʻyildi. Inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ammo qilingan ishlarni yetarli, deb hisoblash va xotirjamlikka berilish aslo mumkin emas.

Soʻnggi vaqtlarda jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab boʻlgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning fuqarolarga tazyiqi, rahbarlarning qoʻl ostidagi xodimlarni haqoratlashi, mahalliy hokimiyat vakillarining tegishli qonunchilikka zid harakatlari kabi masalalar bu sohada qilishimiz lozim boʻlgan ishlarimiz hali koʻp ekanligidan dalolat bermoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmon va u asosida qabul qilingan milliy dastur, yoʻl xaritasi, nizom ham bu boʻyicha kelgusidagi ishlarimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Ushbu Farmonda fuqarolik jamiyati institutlari, parlament va mahalliy Kengashlarga alohida yoʻnalishlar belgilab berilgani muhim masalaga jamoatchilikning eʼtiborini yana-da kuchaytirish mexanizmi sifatida xizmat qiladi. Jumladan, inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarish sohasida Prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyatlari institutlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish belgilangan.

Shu bilan birga, parlament huzurida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi boʻyicha parlament komissiyasini tuzish koʻzda tutilmoqda. Ahamiyatlisi, mazkur Farmonning har bir bandi ijrosini taʼminlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish vazifasi qoʻyilmoqda. Xuddi shu amaliyotni hududlar miqyosida mahalliy Kengash sessiyalarida ham joriy etish belgilanayotir.

Bu borada partiya fraksiyasi va mahalliy Kengash deputatlarimiz ancha faol boʻlishi talab etiladi. Chunki adolatni, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash partiyamizning va uning saylovoldi dasturining bosh gʻoyasi hisoblanadi.

Albatta, inson huquqlarini taʼminlashda davlat majburiyatlari bilan birga, fuqarolarning huquqiy madaniyati ham yetarli boʻlishi lozim. Yaʼni inson oʻz huquqini talab qilib olishi uchun, avvalo, uni bilishi lozim. Ayni shu maqsadda partiyamiz saylovoldi dasturiga taʼlim muassasalarida ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishdagi oʻquv predmetlarini optimallashtirish hisobidan inson huquqlari predmetini joriy etish masalasi qoʻyilgan edi. Quvonarlisi, mazkur masala Farmonda oʻz aksini topdi. Jumladan, tegishli vazirliklarga oliy taʼlim muassasalari, kadrlar malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan muassasalar, shuningdek, maktablar va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” boʻyicha oʻquv kurslari (darsliklari)ni joriy etish boʻyicha takliflarni kiritish vazifasi yuklatildi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha yetarlicha siyosiy iroda, siyosiy qarorlar qabul qilinmoqda. Endi ijro etuvchi tuzilmalar tomonidan ularni hayotga tatbiq etish asosiy masalaga aylanyapti. Inson huquqlari har bir inson va oʻz oʻrnida dunyo hamjamiyati eʼtiboridagi masala boʻlgani tufayli unda arzimas yoki kichkina masalaning oʻzi boʻlmaydi. Chunki, qaysidir tuzilmaning xatosi mamlakat imiji tushishi, siyosiy irodaga shubha qiluvchilar paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, bu yoʻnalishdagi har bir vazifaning ijrosi soʻzsiz taʼminlanishi lozim.

Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,

“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?