Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi yakunlandi

20:23 13 Avgust 2020 Siyosat
410 0

2020-yil 13-avgust kuni yoshlar huquqlarini targʻib qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi oʻz ishini davom ettirdi.

Anjumanning uchinchi yalpi majlisida yoshlar uchun inson huquqlari boʻyicha taʼlim masalalari muhokama qilindi. Mazkur sessiyaga BMT Aholishunoslik fondining (YUNFPA) Oʻzbekistondagi vakili va Tojikistondagi vakolatxonasi rahbari Yu Yu bilan Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov moderatorlik qildi.

Ishtirokchilar yoshlarga inson huquqlari sohasida taʼlim berish boʻyicha xalqaro tajribani tahlil qildilar. Munozaralar asnosida dunyo yoshlarining inson huquqlari borasidagi savodxonligini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Ayni yoʻnalishda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Binobarin, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bugungi va ertangi yoshlarga bevosita bogʻliq.

Toʻrtinchi yalpi majlis “Tinchlik va xavfsizlikni ilgari surishda yoshlarning roli: 2030-yilgacha yana-da xavfsizroq kelajakka nazar” degan mavzu muhokamasiga bagʻishlandi. YEXHTning Yoshlar ishlari boʻyicha maslahatchisi Anastasiya Fusko bilan Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev moderatorligida oʻtgan ushbu sessiyada xavfsizlik va hamkorlik masalalariga har tomonlama yondashuvni mustahkamlashda yoshlarning oʻrni hamda ahamiyatini yoritish masalalari koʻrib chiqildi.

Forumda taʼkidlanganidek, BMT doirasida va undan tashqarida yoshlar masalasi tez-tez muhokama markaziga qoʻyilmoqda. Ammo, global rivojlanish davrida oldinga qarab bir necha qadam, natijali qadamlar qoʻyish zarurati mavjud. Shu nuqtayi nazardan, ishtirokchilarning baholashicha, Samarqand veb-forumi yer yuzidagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida taʼkidlashga qaratilgani bilan gʻoyatda ahamiyatlidir.

Bunda, ayniqsa, BMT Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyasining qabul qilinishi kelgusida jahondagi barcha davlatlar yoshlar masalalariga boʻlgan eʼtiborni tubdan oshirishiga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi. Yoshlarning alohida huquqlariga jiddiy eʼtibor qaratilishi, oʻz navbatida, navqiron avlod vakillariga manzilli koʻmak koʻrsatishda ulkan omil boʻladi.

Ushbu xalqaro hujjatning maqsadi - dunyo boʻyicha yoshlarning ehtiyojlarini qondirish, yoshlarning eng maqbul qiziqishlari, erkinliklari va huquqlari kafolati hamda salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishdan iborat.

Xuddi shunday istiqbolli tashabbuslar va amaliy taklif-tavsiyalar xalqaro anjumanning yakuniy hujjati loyihasidan ham joy olgan. Ishtirokchilar uni tasdiqlash yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boʻyicha boshqarmasining mintaqaviy vakili Ashita Mittal va boshqalarning chiqishlari tinglandi.

Shundan soʻng “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Xalqaro anjuman nihoyasida Samarqand forumining bevosita tashabbuskori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tadbir ishtirokchilari va jahon yoshlariga yoʻllagan samimiy tilaklari uchun chuqur minnatdorchilik bildirildi.

Samarqand veb-forumi ishtirokchilari xalqaro anjumanga puxta tayyorgarlik koʻrilganini alohida qayd etdilar. Bu, oʻz navbatida, munozara va muhokamalar samaradorligini, umuman, xalqaro anjumanning yuqori saviyada oʻtishini taʼminlagani eʼtirof etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?