Inson huquqlari boʻyicha Samarqand onlayn forumi boʻlib oʻtmoqda

14:11 12 Avgust 2020 Siyosat
373 0

Xabaringiz bor, bugun “Yoshlar – 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida inson huquqlari boʻyicha Samarqand onlayn forumi oʻz ishini boshladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga oʻz tabrigini yoʻlladi, uni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva oʻqib eshittirdi.

Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham delegatlarga oʻz videomurojaatini yoʻlladi.

Tashkilotchilar soʻzlariga koʻra, tadbirda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, xorijiy mamlakatlarning davlat organlari, xalqaro va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar va yoshlar tashkilotlarining ming nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi loyihasining muhokamasi forumning muhim voqealaridan biridir. Ushbu tashabbus davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bildirilgan edi.

Zamonaviy dunyoda tan olinishi uchun zarur boʻlgan yoshlar huquqlarini aks ettiruvchi ushbu darajadagi xalqaro hujjat hali mavjud emas. Bu yoshlarning salohiyatini baholashga imkon berish bilan birga, yosh avlod kuchi va imkoniyatlaridan oqilona foydalanish koʻplab sohalarda yana-da rivojlanishga yordam beradi.

Forum kun tartibining toʻrtta asosiy yoʻnalishi boʻyicha tashkil qilingan shoʻba majlislarida 15 mamlakatdan 40 nafar xalqaro va 10 nafar milliy ekspertning maʼruzalari tinglanadi.

Maʼruzachilar orasida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Ingebyorg Solrun Gisladottir, BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari boʻyicha vakili Jayatma Vikramanayanke, Inson huquqlari boʻyicha mustaqil komissiya ijrochi direktori Margub Salim Butt, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va boshqalar bor.

Tadbir 12-13-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Forumning birinchi kunida uchta yalpi majlis oʻtkaziladi. Ikkinchi kun esa munozaralar va yakuniy xulosalarga bagʻishlanadi.

Forum yakunida tegishli rezolyutsiya qabul qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?