Inqilobiy oʻzgarishlar davri

15:52 13 Fevral 2020 Siyosat
775 0

“Inqilob” soʻzi izohli lugʻatda “jamiyat hayoti va uning sohalarida boʻladigan tub oʻzgarish”, deb sharhlangan. Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda roʻy berayotgan jarayonlar bu taʼrifga toʻla mos keladi.

Islohotlarning istiqbolli rejasi

Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlisga Murojaatnoma, yaʼni xalqning xohish-irodasiga asoslangan va izchil roʻyobga chiqarilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini oʻzida aks ettiruvchi dasturilamal hujjat taqdim etilganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Unda ilk bora “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib borayotgani haqida aytildi. Oʻz navbatida, jamiyat ham Prezidentimizning chiqishiga juda katta qiziqish bildirdi. Soʻrovlardan maʼlum boʻlishicha, har oʻn nafar vatandoshimizdan sakkiz nafari Murojaatnomani toʻgʻridan-toʻgʻri efirda koʻrdi. Har oʻninchi fuqaromaʼruzaning mohiyatini chuqurroq anglash uchun qoʻshimcha ravishda axborot va tahliliy resurslarga murojaat qildi.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan yoʻnalishlar keng miqyosda maʼqullandi. Oʻzbekistonliklarning 97 foizdan koʻprogʻi Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari — bu davlat va jamiyatning har tomonlama, jadal rivojlanishiga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning istiqbolli rejasidir, deb hisoblaydi. Yangilanishlar mamlakatimiz iqtisodiy oʻsishida katta rol oʻynab, aholi farovonligini yaxshilash barobarida, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻsini oshirishga xizmat qiladi.

Murojaatnoma Vatanimizdan juda uzoq-uzoqlarda ham aks sado berdi.

Misol uchun, AQSHdagi “Defense & Foreign Affairs” tahliliy guruhi rahbari Gregori Kopli mamlakatimiz rahbarining Murojaatnomasiga bagʻishlab, “Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoda Sovet Ittifoqi davridan keyingi eng salmoqli strategik yondashuvni belgilab berdi” sarlavhasi ostida maqola yozdi. Unda Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasini Markaziy Osiyo mamlakati yetakchisi tomonidan ilgari surilgan milliy siyosat boʻyicha juda katta ahamiyatga molik bayonotlardan biri, deya baholar ekan, mazkur chiqishda ilk bora davlat strategiyasining aniq bosqichlari koʻrsatib berilganini taʼkidladi.

Muallifning fikricha, ushbu muhim strategiyaning navbatdagi komponenti Oʻzbekistonning global miqyosdagi oʻrnini koʻrib chiqishdan iborat boʻladi. Bunga esa mamlakat oʻziga xosligini va maqsadlarini aniq belgilashga erishganidan soʻng imkon tugʻiladi. Prezident nigohida yangi eraga qadam qoʻyayotgan davlat va jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratish koʻzda tutilmoqda.

Amerikalik ekspert Oʻzbekistonda shiddat bilan oʻzgarayotgan hayotni yangi era deb ataganida, nechogʻli haq ekanini taʼkidlash shart emas. Zero, Murojaatnomada Prezidentimiz fuqarolik, jinoyat, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, ekologiya va maʼmuriy javobgarlik sohalarini tartibga soluvchi oltita kodeksni; tashqi iqtisodiy faoliyat, suv xoʻjaligi, aholining ijtimoiy muhofazasi, yoshlarga oid siyosat va kinematografiyaga taalluqli beshta konsepsiyani; Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, “Raqamli Oʻzbekiston”, “yashil iqtisodiyot”, kambagʻallikni kamaytirish hamda Mehribonlik uylari boʻyicha beshta dasturni; davlat ulushi boʻlgan korxonalar, qurilish sohasi, inson huquqlari, shuningdek, raqobat muhitiga tegishli toʻrtta strategiyani qabul qilish zaruratini aytib oʻtdi. Koʻrinib turganidek, davlat va jamiyat hayotining har bir yoʻnalishi qamrab olindi.

Ekspertlar qariyb uch soat davom etgan maʼruzaning xronometrajini ham tahlil qilishdi. Bunda Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishining 64 daqiqasini mamlakat iqtisodiyoti rivojiga bagʻishlagani maʼlum boʻldi. Hayron boʻlarli joyi yoʻq. Negaki, iqtisodiy taraqqiyotsiz odamlar hayotining yana-da farovonlashuvi qiyin. Jahon amaliyotida bu — isbot talab qilmaydigan haqiqat.

Investitsiya masalasiga yangicha yondashuv

Davlat rahbari aholining turmush tarzini yaxshilash haqida gapirar ekan, buning uchun mahalliy iqtisodiyotning sezilarli oʻsishi va raqobatbardoshligi ortishiga erishish zarurligini taʼkidlaydi. Shu maqsadda tegishli qarorlar qabul qiladi va iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi.

Shu asosda boshqa sohalar kabi iqtisodiyotda amalga oshirilgan chora-tadbirlarning aksariyati, chindan ham, inqilobiy xarakterga ega.

Masalan, koʻp yillar davomida kutilgan valyuta siyosatini liberallashtirish masalasini olaylik. Fuqarolar xorijiy valyutani banklarga topshirish va u yerda xarid qilish, xalqaro plastik kartalardan chet davlatlarda bemalol foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Lekin gap faqat bunda emas.Yana ham muhimrogʻi — xorijiy valyutani almashtirishda ilgari mavjud boʻlgan bir nechta kurs oʻrniga yagona kurs oʻrnatildi. Eksport bilan shugʻullanuvchi korxonalar, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xorijiy valyutadagi tushumni topshirish majburiyatidan ozod etildilar. Mahalliy tadbirkorlar xorijdan oʻz faoliyati uchun kerakli mahsulot, tovar va xizmatlarni olish uchun valyuta xarid qilishlari mumkin boʻldi. Xorijiy sarmoyadorlar esa Oʻzbekistonda olingan foydani valyutada chetga olib chiqish huquqiga ega boʻlishdi. Shu va boshqa choralar valyuta “qora bozori”ni, avvallari davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solish natijasida yuzaga kelgan korrupsiya holatlarini bartaraf etishga xizmat qildi.

Oʻzbekiston rahbariyatining bu qatʼiy qadami mamlakat iqtisodiyoti rivojiga kuchli turtki berdi. Valyuta mablagʻlaridan keng foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan tadbirkorlar yuqori texnologik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan zamonaviy jihoz va texnikani chetdan olib kirishni faollashtirdi.Valyuta siyosatini liberallashtirish ilgari xorijiy sarmoyadorlar duch kelgan muammolarni ham hal qilishga yoʻl ochdi. Bu esa Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiluvchi asosiy omillardan biri boʻldi.

Xorijiy investitsiyalar har qaysi davlatning iqtisodiy oʻsish surʼatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatishi haqida gapirganda, Murojaatnomada keltirilgan quyidagi raqamlarni aytib oʻtish joiz: toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yildagiga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar oʻsdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.

Koʻrinib turibdiki, oʻsish ancha yuqori. Bunday natijaga investitsiya siyosatini tubdan takomillashtirish va bu ishga barcha tuzilmalarni jalb etish orqali erishildi.

Oʻzbekiston rahbarining xorijiy davlatlarga tashriflari vaqtida oʻsha mamlakatning yetakchilari va ishbilarmon doiralari bilan oʻtkaziladigan muzokaralarda investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish masalasi asosiy oʻrinlardan birini egallaydi. Xorijiy investorlarni izlab topish respublikamiz iqtisodiyotining barcha tarmogʻi va hokimiyat mahalliy organlari rahbarlarining ustuvor vazifasi sanaladi. Bu ish bilan Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham shugʻullanishadi. Yaʼni ular muayyan viloyatlarga biriktirilgan boʻlib, salohiyatli investorlar bilan joyida, toʻgʻridan-toʻgʻri munosabatlar oʻrnatishadi.

Turli mamlakatlardan kelayotgan ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiyalar, shuningdek, Toshkent va viloyatlarda oʻtkazilayotgan biznes-forum, koʻrgazma singari tadbirlarda chet ellik qatnashchilar sonining koʻpayishi xorijiy sarmoyadorlarning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi ortayotganidan dalolat. Mart oyida poytaxtimizda oʻtkazilishi moʻljallanayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida xabar berilgach, bu qiziqish yana-da kuchaydi.

“Oʻzbekiston Prezidenti keskin va chuqur islohotlar, oʻzgarishlarning yangi bosqichini boshlab berar ekan, qatʼiy siyosiy iroda hamda uzoqni koʻrish qobiliyatini namoyon qildi”, — deb yozadi Pokiston global va strategik tadqiqotlar markazining ijrochi direktori X. T. Akram oʻzining maxsus maʼruzasida. Ekspert fikriga koʻra, Oʻzbekiston qisqa davr mobaynida diqqatga sazovor yutuqlarga erishdi hamda xorijiy investorlar uchun uzoq muddatli ishonchli hamkorga aylandi. U mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganini alohida taʼkidladi. Yaʼni innovatsion tashabbuslar tufayli respublikaning barcha viloyatlarida investorlar huquqlarini himoya qilishning institutsional shakllari taʼminlangani, bu esa xorijiy sarmoyalarni faol jalb qilishga yordam berishini aytib oʻtdi.

Oʻtkazilishi moʻjallangan forum toʻgʻrisida bugun dunyoning turli burchaklarida gapirilmoqda. Ozarbayjonda tadbirkorlar Oʻzbekiston bilan samarali hamkorlik oʻrnatish imkoniyatidan foydalanish niyatini maʼlum qilishgan boʻlsa, Ispaniyada Jihoz ishlab chiqaruvchilar uyushmasining departamenti boshligʻi Ektor Rodriges Oʻzbekistonda iqtisodiyot ustidan davlat boshqaruvi darajasi pasayib, cheklovlar kamayib borayotgani, valyuta siyosati liberallashgani, ishbilarmonlik muhiti yaxshilangani va biznes yuritishga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi boshqa jihatlarni olqishladi.

Klaster — ishlab chiqarishning zamonaviy mexanizmi

Lekin ana shunday katta qiziqish, oʻtkazilayotgan uchrashuv hamda muzokaralar amaliy natija berishi uchun xorijiy sarmoyadorlarga barcha sharoitni yaratish, ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilab borish talab etiladi. Davlatimiz rahbari hamisha bunga alohida ahamiyat qaratadi. Amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, faol ishbilarmonlikka xalaqit beruvchi toʻsiqlarni bartaraf etish, investorlarni Oʻzbekistonda biznes tashkil etib, rivojlantirishga ragʻbatlantirish boʻyicha saʼy-harakatlar zamirida ham ayni shu maqsadlar mujassam.

Bu yoʻnalishda koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo ularning natijasi muhimroq.

Masalan, Prezident Murojaatnomasida qayd etilganidek, Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pogʻona koʻtarilib, biznesni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-oʻrinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik. Lekin bu dastlabki qadam, xolos. Kelgusida Oʻzbekistonning ushbu reytingdagi pozitsiyasini yana-da koʻtarish, 2022-yilga borib mamlakatimizda tadbirkorlik uchun sharoit yaratish borasida “Top-20”talik darajasiga mos keluvchi koʻrsatkichga erishish vazifasi qoʻyilgan.

Respublika rahbariyati tomonidan oʻtkazilayotgan islohotlar orasida biz uchun, ayniqsa, tub oʻzgarish hisoblanuvchi yangiliklar ham bor.

Jumladan, qishloq xoʻjaligida klaster tizimini yaratish mamlakatimiz paxtachiligida oʻta muhim ahamiyatga ega. Ilgari, bir necha oʻn yilliklar davomida Oʻzbekiston paxta xom ashyosini yetishtirish va faqat dastlabki qayta ishlash jarayonini bajarish — uni tolaga aylantirib berishga “mahkum” edi. Paxta sobiq Ittifoqning boshqa respublikalariga kalava ip, mato ishlab chiqarish va kiyim-kechak tikish uchun joʻnatilar yoki chet davlatlarga xom ashyo sifatida eksport qilinib, undan kelgan foyda esa umumiy xazinaga tushar edi. Paxta yakkahokimligi vujudga kelgandi. Shu darajaga borib yetgandikki, hatto ostonamizgacha chigit ekib, gʻoʻza oʻstirardik. Buning ustiga, qishloq aholisining salomatligiga jiddiy ziyon yetkazuvchi kimyoviy vositalar koʻp miqdorda qoʻllanilar edi. Orol dengizi fojiasini ham paxta dalalarini sugʻorish uchun haddan ziyod suv sarflangani bilan izohlashmoqda.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach paxta xom ashyosi yetishtirish va undan tola ishlab chiqarish davom ettirildi. Mahsulot, asosan, eksportga joʻnatilib, endigina suveren boʻlgan davlatga juda zarur hisoblanuvchi valyuta keltirardi. Biz Oʻzbekistonning paxta tayyorlash va eksport qilish boʻyicha dunyodagi yetakchi davlatlar qatoriga kirishidan faxrlanib yuraverdik. Ammo shu paytning oʻzida koʻpgina davlatlar bizdan xarid qilgan paxta tolasini qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarar va katta foyda olardi. Toʻgʻri, sekin-asta paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlash va toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish yoʻliga oʻtildi. Shunday boʻlsa-da, bir zanjirning boʻlaklari alohida-alohida harakatlanganday edi. Dehqon gʻoʻzaga bor mehrini berib parvarishlar, paxta tozalash zavodlari uni tolaga aylantirar, toʻqimachilik korxonalarida mato, keyinchalik tikuvchilik fabrikalarida undan kiyim-kechak tayyorlanar edi. Har bir subyektning oʻziga yarasha maqsadi va manfaati boʻlishi ham tabiiy.

Keyingi bir necha yil ichida yangi tizim — klaster vujudga keldi. Bu esa paxtani ekishdan boshlab, to tayyor mahsulotga aylangunicha boʻlgan barcha bosqichni birlashtirib, uzluksiz zanjir holatiga keltirdi. Endi mablagʻ va resurslar “bir qoʻl ostida” jamlanib, hamma tarkibiy qismlar yagona tizim orqali boshqariladigan boʻldi, hamma xodimlarning maqsadi ham bir. Klasterlarning samaradorligi tezda oʻz isbotini topdi. Oʻtgan yil natijalariga koʻra, 73 ta paxta-toʻqimachilik klasterining umumiy yetishtirilgan hosildagi ulushi 70 foizdan ziyodni tashkil etdi. Hosildorlik koʻrsatkichi esa klasterga kirmagan xoʻjaliklarnikiga nisbatan 4,1 sentner yuqori boʻldi. Demak, qoʻshimcha ravishda 428 ming tonna qimmatbaho xom ashyo tayyorlandi.

Ayni vaqtda meva-sabzavot klasterlari tuzish vazifasi qoʻyildi. Yaʼni bu meva-sabzavotlar hosilini yigʻib, uni saqlash, keyin ham ichki, ham tashqi bozorda raqobatbardosh boʻlgan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotgacha boʻlgan barcha bosqichni bir zanjirga birlashtirishga qaratilgan.

Yangi tizim iqtisodiy jihatdan afzalligi bilan bir qatorda majburiy mehnatni bartaraf etish imkonini beradi. Yaqinda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan “Cotton Campaign” koalitsiyasi aʼzolarining fikricha, bugungi kunda bu mamlakatimiz uchun eng maqbul yoʻldir. Ushbu xalqaro koalitsiyaning hammuassisi Bennet Friman tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi alohida eʼtirof etildi.

Yodimizda, Oʻzbekiston 2019-yilni ajoyib xushxabar bilan yakunladi: dunyoga mashhur “The Economist” nashri Vatanimizga “Yil mamlakati” maqomini berdi. Prezidentimiz boshlab bergan yangilanishlar soʻnggi yilda yana-da jadallashdi va yurtimiz jurnalistlar uchun ham, qoʻshni davlatlar uchun ham yana-da ochiqroq boʻldi. “The Economist” nashri taʼkidlaganidek, xorijiy mutaxassislar iqtisodiyotni qayta qurishda yordam berish uchun taklif qilinmoqda va mamlakatimiz qisqa fursatda “islohotlar koʻrgazmasi”ga aylandi.

Shubha yoʻqki, 2020-yil bundan ham mazmundor, yutuqlarimiz bundan-da zalvorli boʻladi. Asosiy yoʻnalishlar esa kelgusi davrga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” — Murojaatnomada belgilab berilgan. Eng asosiysi, Prezidentimiz aytganidek, bu gʻoyat dolzarb ishlarni oʻzimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?