Innovsion rivojlanish vazirining germaniyalik o‘rinbosari haqida nimalar ma’lum?

15:44 14 Iyul 2018 Siyosat
1000 0
Foto: O‘zbekistonning GFRdagi elchixonasi

Germaniya fuqarosi Karsten Xayns O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergandik.

Xo‘sh, nemis mutaxassisi kim va u bungacha qanday ishlarda faoliyat ko‘rsatgan, yutuqlari nimalardan iborat?

Karsten Xayns bungacha Germaniya ta’lim va ilmiy tadqiqotlar federal vazirligi(TITFV) Sharqiy Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

U 1961 yilda sharqiy Germaniyada tug‘ilgan, mutaxassisligi bo‘yicha tarixchi. 1991 yildan buyon TITFV tizimida ishlab keladi. Faqat orada to‘rt yil GFRning Moskvadagi elchixonasida ilm-fan va ta’lim bo‘limi boshlig‘i sifatida diplomatik faoliyat olib borgan.

1995-2002 yillarda Karsten Xayns Sharqiy Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik sohasida ishlagan, shuningdek, YEI tuzilmalari bilan ishlash bo‘yicha amaliy tajribaga ega.

Germaniyaning 1998-1999 yillarda YEIga raislik qilgan davrida u Yevroittifoqning ta’lim bo‘yicha qo‘mitasidagi nemis vakili o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Shu asnoda ta’lim sohasidagi strategiyalar va dasturlarni ishlab chiqish boshqarish masalalariga bag‘ishlangan konferensiyalar hamda seminarlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayonlarida qatnashgan.

2013 yildan Karsten Xayns TITFVning “Maks Plank nomidagi jamiyat, Fraungofer nomidagi jamiyat, ilmiy tadqiqotlarning innovatsion yo‘nalishlari” bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga qo‘yilgan.

Maks Plank jamiyati - GFRdagi mustaqil jamoatchilik ilmiy-tadqiqot tashkiloti bo‘lib, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga ko‘maklashadi. Uning a’zolari ichida ilmiy-tadqiqot institutlari va idoralari rahbarlari bor. Fraungofer jamiyatiga esa 1949 yilda tuzilgan bo‘lib, iqtisodiyot ehtiyojlari va GFR ichidagi hamda tashqarisidagi bozor talablarini o‘rganishga yo‘naltirilgan amaliy tadqiqotlar institutlarining bosh birlashmasi hisoblanadi.

Karsten Xayns Germaniyadagi energetika sohasi, jumladan, energiya manbalari, mazkur jabhadagi klasterlarni boshqarish borasidagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanadigan ilmiy muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha ham tajribaga ega.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda innovatsion rivojlanishning yana bir o‘rinbosari xorijda 20 yil ishlab kelgan Otabek Nazirov hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?