Innovatsiya vazirligi chiqindi gazlar issiqligini qoʻshimcha energiyaga aylantirish masalasini oʻrganadi

17:57 16 Avgust 2019 Jamiyat
102 0

Oʻzbekiston Respublikasining 2019-2021-yillardagi innovatsion rivojlantirish strategiyasida qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushini 2025-yilga kelib 20 fooizdan koʻproqqa koʻpaytirish koʻzda tutilgan. Belgilangan strategik vazifalarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-iyuldagi 606-F-sonli farmoyishi qabul qilindi. Bu haqda innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov rahbarligida ishchi guruh tuzildi. U neft-gaz va metallurgiya tarmoqlari, gaz uzatish tizimi, sement sanoati ishlab chiqarish obyektlarining texnologik jarayonlarini tanqidiy tahlil qilib, chiqindi issiqlik va chiqindi gazlarning potensial manbalarini aniqlaydi. Shuningdek, tashqi isteʼmolchilarga ortiqcha energiya uzatish imkoniyatini yaratish uchun qoʻshimcha energiya ishlab chiqarish salohiyatini aniqlash maqsadida chiqindi gazlarni baholaydi.

Amalga oshirilgan ishlar yakuni boʻyicha 2020-yil 1-fevralgacha ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqiladi va ishlab chiqilgan takliflarni amalga oshirish boʻyicha hukumat qarori loyihasi kiritiladi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasida elektr energiyasining asosiy ulushi (90% ga yaqin) issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga, ushbu stansiyalarda yoqilgʻi sifatida koʻmir ishlatiladi va undan chiqadigan is gazi atmosferani ifloslantiradi, bu esa oʻz navbatida energetiklarni muqobil energiya manbalarini izlashga undaydi.

Shunday qilib, birlamchi hisob-kitoblarga koʻra, hozirgi vaqtda faqat gaz uzatish tarmogʻi obyektlarining oʻzida ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish potensiali 600 MVt dan ortiq. Energiya talab qiladigan ishlab chiqarishlarda issiqlik utilizatsiya qilinishining joriy etilishi, shuningdek, mashʼal gazlaridan unmli foydalanish orqali qoʻshimcha yoqilgʻidan foydalanmagan holda yiliga 3,8 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu taxminan yiliga 1,14 milliard m3 tabiiy gazni tejashga va 1,6 million tonna karbonat angidridning atrof-muhitga zarar yetkazishini oldini olishga xizmat qiladi.

Ikkilamchi energiya resurslarining asosiy manbalari quyidagilar sanalaadi: gaz kompressor stansiyalarining chiqindi issiqligi (gaz uzatish agregatlarining gaz turbinasi dvigatellarining chiqindilari); sement, poʻlat, shisha va boshqa energiya talab qiluvchi ishlab chiqarish jarayonlaridan hosil boʻladigan issiqlik; mashʼaldan hosil boʻladigan oʻtuvchi va yon gazlar energiyasi. Ushbu ikkilamchi energiya resurslarining harorati yetarli darajada baland (250°C dan ortiq) va hajmi koʻp boʻlgani bois Yevropa va Amerikada anchadan beri qoʻllanib kelinayotgan samarali va kam xarajatli yechimlardan foydalanish imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Mitsubishi Heavy Industries Ltd. guruhiga kiruvchi Turboden S.p.A. (Italiya) kompaniyasi oʻrtasida ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish boʻyicha innovatsion texnologiyalarni qoʻllash imkoniyatlarini oʻrganish sohasida , xususan, neft-gaz sohasida va respublikamiz sanatinig boshqa sohalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun past potensial issiqlikni utilizatsiya qilish uzoq muddatli hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha memorandum imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?